Yadgarova Mexriban Abdullaevnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Shuhratning “Oltin zanglamas” romani ijodiy biografiyasi: tarixiylik va badiiylik”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil458.
Ilmiy rahbar: Karimov Naim Fotihovich, filologiya fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01. 
Rasmiy opponentlar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Murodov G‘ayrat, filologiya fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi ijodkor laboratoriyasi, Shuhratning “Oltin zanglamas” romanining yaratilish tarixi, romanning dunyoga kelishiga sabab bo‘lgan ob’ektiv va sub’ektiv omillar, tarixiy haqiqatning badiiy haqiqatga aylanish jarayonini tarixiy-biografik aspektda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Shuhrat ijodiy laboratoriyasini o‘rganish orqali “Oltin zanglamas” romanining XX asr o‘zbek adabiyoti taraqqiyotida ilk bora qatag‘on siyosatini aks ettiruvchi asar sifatidagi o‘rni asoslangan; 
roman qo‘lyozmasi va nashrlari o‘zaro qiyoslanib, asar yaratilishi jarayoniga va undan keyingi tahrirlash holatida muallifning ixtiyoriy va g‘ayri ixtiyoriy o‘zgartishlariga sabab hamda buning oqibatida romandagi kompozision o‘zgarishlarning asar tuzilmasiga salbiy ta’siri dalillangan;
Shuhratning O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati arxivida saqlanayotgan jinoiy ish materiallari tahlilga tortilib, badiiy asar yaratilishi bilan bog‘liq manba sifatida taqdim etilgan, yozuvchining o‘zi va qismatdoshlarining qamoqxona hamda lagerlardagi hayoti faktlaridan foydalanilib, avtobiografik xarakterdagi roman yaratilganligi, yetakchi qahramonlar prototiplari masalasiga alohida e’tibor qaratilganligi aniqlangan; 
roman obrazlari qiyosi orqali O‘zbekistonda amalga oshirilgan qatag‘on kompaniyasi va sho‘ro davlati mustamlakachilik siyosati xalqlarning tarixan shakllangan milliy qadriyatlari, milliy ongi va milliy madaniyati atributlarining yo‘qola borishiga sabab bo‘lgani borasidagi yondashuvlar va o‘ziga xos ko‘rinishlar aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Shuhratning “Oltin zanglamas” romani ijodiy biografiyasi: tarixiylik va badiiylik masalasini tadqiq etish natijalari asosida:
“Oltin zanglamas” romanining avtobiografik xarakterga ega bo‘lishi bilan birga yozuvchi uning o‘nlab qahramonlar ishtirok etgan tarixiy roman  darajasiga ko‘tarilishi uchun ham urushda, ham lagerlarda ko‘rgan kishilari hayoti va urush manzaralarini tasvirga tortgani va bu hol yozuvchiga “Oltin zanglamas” orqali avtobiografik janr unsurlari ustunlik qilgan romanni yaratish imkonini berganligiga oid xulosalardan O‘zR Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida Davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida amalga oshirilayotgan OT-F1-77 raqamli “O‘zbek adabiyoti durdonalari 100 jildligini nashrga tayyorlash” (2017-2021) fundamental ilmiy loyihasida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2020 yil 12 yanvardagi 3/1255-86-son ma’lumotnomasi). Natijada “Oltin zanglamas” romanining mazkur ilmiy loyihada tayyorlangan yangi nashrida roman haqida batafsil ma’lumot berishga erishilgan;
urush va qatag‘on davridagi hayotiga oid ma’lumotlarning “Oltin zanglamas” romanining yaratilishida muhim ahamiyatga ega bo‘lganini e’tiborga olib, ayrim ijobiy, salbiy qahramonlarning prototiplarini aniqlash va ularning adabiy qahramon darajasiga ko‘tarilishidagi ijodiy jarayonni kuzatishga oid natijalardan O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida Davlat ilmiy-texnika dasturi doirasida  bajarilgan OT-F1-80 “Globallashuv muammolarining badiiy talqini va zamondosh obrazi” (2012-2016) fundamental loyihasida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2020 yil 12 yanvardagi 3/1255-86-son ma’lumotnomasi). Natijada “totalitar tuzumga bo‘lgan ijodkor isyonining badiiy asarlarda aks etishi” masalasi kengroq yoritilgan;
Shuhrat qalamiga mansub turli hujjat, xat, yozishmalar va xotiralarni o‘rganish “Oltin zanglamas” romanining yaratilishida adibning biografiyasi muhim rol` o‘ynaganligiga oid xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Nasr kengashi hisobot yig‘ilishlarida, adabiy to‘garak mashg‘ulotlarida, yosh nosirlarning mahorat darslarida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2021 yil 20 yanvardagi 3/09-31-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh nosirlarga badiiy matn dahlsizligi, unga tajovuz qilish hech qachon yaxshilik keltirmasligi ko‘rsatib berilgan.
 
 
                                 
                                 
                                 
                                 
                                