Abdullaeva Marg‘uba Dusmiratovnaning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Adabiy-tarixiy asarlarda kichik janrlar poetikasi”, 10.00.02-O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:  B2019.1.DSc/Fil.57.
Ilmiy rahbar: Rahmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor; Qobilov Usmon Uralovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Xamroev Alimjon, filologiya fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi adabiy-tarixiy asarlardagi kichik janrlarning tarkibi, tarixiy-tadrijiy rivojlanish qonuniyatlarini oydinlashtirish, afsona, rivoyat, hikoyat, naql, hikmat hamda kichik lirik janrlar poetikasining nazariy jihatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
adabiy-tarixiy asarlar tarkibidagi kichik janrlar poetikasi ilk bor ilmiy asoslanib, afsona, rivoyat, hikoyat, masal, naql, hikmat va boshqa kichik lirik janrlarning og‘zaki va yozma adabiyot ta’sirida paydo bo‘lishi, kompozisiyasi, syujeti, obrazlar tizimining o‘ziga xosligi va o‘zgarishi, shakl va mazmun uyg‘unligidagi janr xususiyatlari ochib berilgan;
“To‘rt ulus tarixi”, “Shajarayi turk”, “Shajarayi tarokima” asarlaridagi kichik janrlar aniqlanib, rivoyat, hikoyat va paremik janrlar kompozisiyasi, syujeti va tarixiy obrazlarning badiiy takomilida kichik janrlarning o‘rni, janrlararo sinkretizm va diffuziya hodisalari ko‘rsatib berilgan;
tarixiy asarlardagi kichik epik va lirik janrlarning adabiy-estetik funksiyasi va poetik xususiyatlari asoslangan hamda kichik epik janrlar tarkibida kelgan g‘ayritabiiy tug‘ilish, nom qo‘yish, homiladorlik, to‘y motivi, tush motivi kabi an’anaviy motivlar aniqlangan;
O‘g‘uzxon va Alanquvo haqidagi afsona va rivoyatlarni qiyoslash jarayonida tarixiy obrazlar, ularga yuklangan o‘ziga xos mazmun, bu mazmunning poetik ifodasi masalalari O‘g‘uzxon va Alanquvo timsollari orqali dalillangan;
tarixiy nasrda fardbayt, masnaviy, ruboiy, qit’a, murabba’, ta’rix va turkiycha jir kabi lirik janrlarning adabiy-poetik xususiyatlari, nasr va nazm an’anasi, muarrixning aqdu hall, shiru shakar, mubolag‘a, o‘xshatish, sifatlash san’atlaridan foydalanish mahorati hamda she’rlarning mavzu-g‘oyasi, shakl xususiyati, qofiyalanish tartibi kabi janriy belgilari aniqlangan;
“zikr”ning o‘ziga xos adabiy shakl ekani va uning tarixiy voqelikni aks ettirishdagi poetik o‘rni belgilab berilgan hamda kichik adabiy janrlarning tarixiy asardagi poetik vazifasi, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, voqelik tasviri, muallif uslubi, badiiy mahoratini ta’minlashdagi ahamiyati misollar orqali ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Adabiy-tarixiy asarlarda kichik janrlar poetikasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
adabiy-tarixiy asarlar tarkibidagi kichik janrlar poetikasi ilk bor ilmiy asoslanib, afsona, rivoyat, hikoyat, masal, naql, hikmat va boshqa kichik lirik janrlarning og‘zaki va yozma adabiyot ta’sirida paydo bo‘lishi, kompozisiyasi, syujeti, obrazlar tizimining o‘ziga xosligi va o‘zgarishi, shakl va mazmun uyg‘unligidagi janr xususiyatlari kabi xulosalardan 2008–2010 yillarda bajarilgan XT-F2-004-raqamli “O‘zbek xalq pedagogikasi va xalq an’analari” mavzusidagi yosh olimlar fundamental ilmiy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 07 yanvardagi 89-03-80-son ma’lumotnomasi). Natijada tarixiy qahramonlar obrazi misolida yoshlarda vatanparvarlik va insonparvarlik g‘oyalarining shakllanishiga erishilgan;
“To‘rt ulus tarixi”, “Shajarayi turk”, “Shajarayi tarokima” asarlaridagi kichik janrlar aniqlanib, rivoyat, hikoyat va paremik janrlar kompozisiyasi, syujeti va tarixiy obrazlarning badiiy takomilida kichik janrlarning o‘rni, janrlararo sinkretizm va diffuziya hodisalari ko‘rsatib berilgan xulosalardan 2012–2016 yillarda Navoiy davlat pedagogika institutida bajarilgan F1-XT-0-19919 raqamli “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” nomli fundamental loyihaning “O‘zbek fol`klori va mifologiya” qismida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 07 yanvardagi 89-03-80-son ma’lumotnomasi). Natijada “Shajarayi turk”, “Shajarayi tarokima” asarlarida xalq og‘zaki ijodining o‘rni, “O‘g‘uzxon” va “Alanquvo” afsonalarining keyingi davr tarixiy nasri va badiiy tafakkuri rivojiga ko‘rsatgan ta’siri masalasidagi ilmiy qarashlari tarixiy-nasriy asarlarning adabiy-badiiy xususiyatlarini asoslashga xizmat qilgan;
O‘g‘uzxon va Alanquvo haqidagi afsona va rivoyatlarni qiyoslash jarayonida tarixiy obrazlar, ularga yuklangan o‘ziga xos mazmun, bu mazmunning poetik ifodasi masalalari O‘g‘uzxon va Alanquvo timsollari orqali dalillangan oid xulosalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017–2020 yillarda bajarilgan PZ-20170927147 – “Qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” mavzusidagi amaliy loyihasini bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 07 yanvardagi 89-03-80-son ma’lumotnomasi). Natijada, “O‘g‘uznoma” dostoni va O‘g‘uzxon bilan bog‘liq epik syujetlarni tarixiy asarlar bilan qiyosiy o‘rganilishi yuzasidan chiqarilgan ilmiy qarashlarning boyishiga erishilgan;
tarixiy asarlardagi kichik epik va lirik janrlarning adabiy-estetik funksiyasi va poetik xususiyatlari asoslangan hamda kichik epik janrlar tarkibida kelgan g‘ayritabiiy tug‘ilish, nom qo‘yish, homiladorlik, to‘y motivi, tush motivi kabi an’anaviy motivlarga oid xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” telekanali ijodkorlarining bir qator ko‘rsatuvlar ssenariylarini tayyorlashda, xususan, “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Taqdimot”, “Mavzu” ko‘rsatuvlari ssenariylarini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2021 yil 19 apreldagi 02-13-596-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan ilmiy-ommabop materiallarning mazmun jihatidan mukammallashuvi ta’minlangan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish