Babajanov Laziz Qabulovichning
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Bog‘ qatorlari oralariga tekis ishlov beradigan plugning konstruktiv sxemasi va parametrlarini asoslash”, 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari bo‘yicha).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/T1352.
Ilmiy rahbar: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSs.03/30.12.2019.T.10.01.
Rasmiy opponentlar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor; Musurmonov Azzam Turdievich, texnika fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarni sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi bog‘ qatorlari oralari va kichik konturli dalalarga asosiy ishlov berish uchun 0,9 sinfdagi traktorga tekis shudgorlaydigan plugning agrotexnika talablari darajasidagi ish sifatini kam energiya sarflagan holda ta’minlaydigan konstruksiyasi va parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
kichik sinfdagi traktorlar uchun bog‘ qatorlari oralig‘ini tekis shudgorlaydigan korpusining joylashishi ko‘ndalang tekislikda o‘zgaradigan, qo‘zg‘aluvchan va qo‘zg‘almas ramali plugning konstruksiyasi ishlab chiqilgan va texnologik ish jarayoni asoslangan;
kichik sinfdagi traktorga mo‘ljallangan tekis shudgorlaydigan plug korpusining qamrash kengligi tuproq palaxsasini ag‘darilish burchagi, uvalanish darajasi va o‘simlik qoldiqlarini ko‘milishi belgilangan talabdan past bo‘lmasligini hisobga olgan holda aniqlangan;
tekis shudgorlaydigan plug tayanch tekisligidan osish qurilmasining pastki taqish nuqtalarigacha bo‘lgan tik masofa ishlov berish chuqurligi barqarorligini hisobga olgan holda asoslangan;
plugning gorizontal tekislikdagi barqaror harakati shartidan kelib chiqqan holda uni traktorga taqish nuqtasidan plug korpusi lemexining uchigacha bo‘lgan bo‘ylama masofa va dala taxtasining o‘lchamlari asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Bog‘ qatorlari oralariga tekis ishlov beradigan plugning konstruktiv sxemasi va parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida: 
bog‘ qator oralariga va uzumzorlarga ishlov beradigan qurilmaga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan («Bog‘ va uzumzorlar qator oralariga ishlov berish uchun qurilma», № FAP 01646-2021 y.). Natijada 0,9 sinfdagi traktorga bog‘ qatorlari oralarini tekis shudgorlaydigan plugning konstruktiv sxemasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
0,9 sinfdagi traktorga bog‘ qatorlari oralariga tekis ishlov berish uchun ishlab chiqilgan plug Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 25-iyundagi 02/023-1877-son ma’lumotnomasi). Natijada bog‘ qatorlari oralariga ishlov berishda tuproqning uvalanish darajasini 10,6 foizga, o‘simlik qoldiqlarining ko‘milish to‘liqligini 11,2 foizga, ish unumini esa 1,14-1,18 martaga oshirishga erishilingan;
0,9 sinfdagi traktorga bog‘ qatorlari oralariga tekis shudgorlaydigan plugni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq, texnikaviy shartlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 25-iyundagi 02/023-1877-son ma’lumotnomasi). Natijada 0,9 sinfdagi traktorga bog‘ qator oralarini tekis shudgorlaydigan plugni sanoat usulida ishlab chiqarishning texnik imkoniyati yaratilgan.
 
 
                                 
                                 
                                 
                                 
                                