Usarov Sirojiddin Raxmatullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiyasi mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari bilan hamkorligi (Indoneziya, Malayziya va Singapur misolida, 1991-2019 yy.)”, 07.00.05 – Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiyasi mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2. PhD/Tar41.
Ilmiy rahbar: Nuriddinov Erkin Zuhriddinovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc/03/30.12.2019/Ss/Tar.21.02. 
Rasmiy opponentlar: Qirg‘izboev Abdug‘appor Karimjonovich, tarix fanlari doktori, professor; Sayfullaev Durbek Baxtiyorovich, tarix fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasining Indoneziya, Malayziya va Singapur bilan 1991-2019 yillarda davlatlararo hamkorligining shakllanish va rivojlanish tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonning Indoneziya, Malayziya va Singapur bilan hamkorligi geosiyosiy mazmundan holi, ikki tomonlama manfaatlar hamda teng sheriklik ustuvorligida yo‘lga qo‘yilgan va rivojlanganligi ochib berilgan;
o‘zaro munosabatlarning retrospektiv asoslari Indoneziyaga islom dini tarqalishida O‘zbekistonning tarixiy xizmati (Valiy Ibrohim as-Samarqandiy faoliyati) misolida dalillangan;
O‘zbekistonda istiqbolli turizm yo‘nalishi bo‘lgan ziyorat turizmi infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida shakllantirish va takomillashtirish jarayonlarida ushbu yo‘nalishda jahonning yetakchilari bo‘lgan Indoneziya, Malayziya va Singapur bilan hamkorlikning o‘rni va roli ochib berilgan;
O‘zbekistonning Indoneziya, Malayziya va Singapur bilan munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi (innovatsiya, investisiya, madaniyat, fan va ta’lim yo‘nalishlarida) shartnomaviy-huquqiy asoslarni mustahkamlash hamda «O‘zbekiston–ASEAN». formatidagi muntazam muloqot davralarini tashkil qilish maqsadga muvofiqligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasining Indoneziya, Malayziya, Singapur davlatlari bilan hamkorligi tarixiga oid olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekistonning Indoneziya, Malayziya va Singapur bilan hamkorligining turizm yo‘nalishidagi aloqalar tarixiga oid dissertatsiya ishining ilmiy yangiliklari, xulosalari va amaliy tavsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasida qisqa muddatli istiqbolda ziyorat turizmini rivojlantirishga oid Konsepsiya» hamda Qo‘mita tasarrufidagi «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetining «O‘zbekiston ziyorat turizmi potensialini xorijiy mamlakatlarda targ‘ibot qilishning marketing strategiyasi» mavzusidagi loyihalarini tayyorlashda va unda hal etilishi mo‘ljallangan amaliy muammolarni asoslashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2021 yil 16 fevraldagi 05-16/1090-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekistonda turizm sohasining istiqbolli yo‘nalishi bo‘lgan ziyorat turizmi bo‘yicha ilmiy yondashuvlar takomillashuviga xizmat qilgan;
O‘zbekistonning Indoneziya va Malayziya bilan madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligi rivojida xalq diplomatiyasi asosidagi mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishi, do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishida «O‘zbekiston–Indoneziya», «O‘zbekiston–Malayziya» do‘stlik jamiyatlarining ishtirokiga oid materiallar, qiyosiy tahlil ma’lumotlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi faoliyatida, shunindek, «O‘zbekiston–Indoneziya» va «O‘zbekiston–Malayziya» do‘stlik jamiyatlari tadbirlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining 2020 yil 07 iyuldagi 01-07-880-son ma’lumotnomasi). Natijada Qo‘mita faoliyatida millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishni yanada kuchaytirishga, do‘stlik jamiyatlari faoliyatlari samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro mavqei mustahkamlanishida, iqtisodiy rivojlanishida Indoneziya, Malayziya va Singapur bilan hamkorlikning o‘rni, shuningdek, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida, mamlakatni jahonga tanitishda ushbu davlatlar bilan olib borilayotgan madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarning roli bilan bog‘liq ilmiy xulosalari O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Oʻzbekiston tarixi» telekanalida efirga uzatilgan «Taqdimot» ko‘rsatuvida taqdim etilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «Oʻzbekiston tarixi» telekanalining 2020 yil 02 martdagi 02-10-485-son ma’lumotnomasi). Natijada bugun tobora chuqurlashayotgan integratsiyalashuv sharoitida davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash ahamiyatini aholining keng qatlamiga tushuntirishda qo‘shimcha ma’lumot manbai bo‘lib xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish