Isakova Feruza Raxmanovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Farg‘ona vodiysi qishloqlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar va madaniy hayot (XIX asr oxirlari - XX asr birinchi choragi)”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2018.3.PhD/Tar.310.
Ilmiy rahbar: Maxkamova Nodira Raxmanovna, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/31.12.2020.Tar.60.01.
Rasmiy opponentlar: Yusupov Ibroxim Yunusovich, tarix fanlari doktori, professor; Akmal Muratovich Bazarbaev, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr oxiri – XX asrning birinchi choragida Farg‘ona vodiysi qishloqlarida kechgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar va madaniy hayot tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Turkiston o‘lkasi, jumladan Farg‘ona vodiysining metropoliya uchun paxta xom-ashyo manbaiga aylantirilishi, 1886 yilda o‘tkazilgan er islohoti, vodiy qishloqlariga imperiya “ko‘chirish” siyosatining ta’siri mahalliy dehqonlar ijtimoiy ahvolining og‘irlashishiga va turmush tarziga salbiy ta’sirining kuchayishiga olib kelganligi asoslangan;
yangi iqtisodiy siyosatning Farg‘ona qishloq xo‘jaligiga tatbiq etilishi natijasida, bir tarafdan, aholi turmushidagi ijobiy o‘zgarishlarning ro‘y berganligi, ikkinchi tarafdan esa yangi iqtisodiy siyosat mexanizmi amaliyotidagi muammolar qishloq sharoitida kutilgan natijalarni bermaganligi birlamchi manbalar materiallari asosida ochib berilgan;
sovet hokimiyatining ijtimoiy sohadagi va qishloqda amalga oshirgan “madaniy qurilish” siyosati - xalqlarni milliy, ma’naviy va tarixiy ildizlaridan uzoqlashtirish evaziga aholini yagona mafkuraga bo‘ysundirish, millatlarning o‘ziga xos urf-odatlari, qadriyatlari o‘rniga yangi sovet an’analari va marosimlarini joriy etish chora-tadbirlari Farg‘ona vodiysi qishloqlarida samara bermaganligi dalillangan;
Rus imperiyasining madaniy sohada olib borgan siyosati Farg‘ona vodiysi qishloq aholisining turmush tarzi va madaniyatiga ta’sir eta olmaganligi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi qishloqlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy munosabatlar tarixi bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va tavsiyalar asosida: 
Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jaligi yaroqli erlarning ilgarigi vaqtlarda etishmovchiligi, vodiy qishloqlariga imperiya “ko‘chirish” siyosatining ta’siri, soliqlar, turli yig‘imlar hajmi va boshqa omillar maxalliy dehqonlar ijtimoiy ahvolining og‘irlashishiga, mustamlaka zulmining oshishiga, iqtisodiy ahvol va turmush tarziga salbiy ta’sirining kuchayishiga sabab bo‘lganligiga doir ilmiy xulosalaridan Germaniya Federativ Respublikasi Bremen shahridagi “A&A Ausbulding und Arbeit Plus GmbH” tadqiqotchilar uchun malaka oshirish va ishga joylashish bo‘yicha takliflar markazining  “Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi” nomli bo‘limini tarixiy, birlamchi manbalar bilan qayta shakllantirishga hissa qo‘shgan (Germaniya Federativ Respublikasi Bremen shahridagi “A&A Ausbulding und Arbeit Plus GmbH” markazining 2019 yil 28 noyabrdagi tasdiqlovchi dalolatnoma). Natijada, Turkiston o‘lkasi, jumladan Farg‘ona vodiysining metropoliya uchun paxta xom-ashyo manbaiga aylantirilishi tarixini kengroq yoritilish imkonini bergan; 
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Farg‘ona vodiysi qishloqlari axolisining madaniy hayoti masalalariga doir imperiya ma’murlarining olib borgan shovinistik, ya’ni ruslashtirish siyosati, islom diniga, ta’lim-tarbiyaga turli yo‘llar bilan ta’sir o‘tkazish siyosati vodiy qishloq aholisining turmush tarzi va madaniyatiga oid ilmiy natijalaridan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida 2019 yil 30 dekabr` kuni efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariylarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat unitar korxonasining 2020 yil 10 yanvardagi 02-40-93-son ma’lumotnomasi).  Natijada taqdim etilgan materiallar ko‘p sonli teletomoshabinlarga XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Farg‘ona vodiysi qishloqlarida yashagan aholining madaniy hayoti to‘g‘risida yangi ilmiy ma’lumotlarini ko‘rsatib berish imkonini bergan;
XX asrning 20-yillari  boshida sovet hukumatining Farg‘ona vodiysi qishloqlarida yangi iqtisodiy siyosatda, er-suv islohotda, iqtisodiy rag‘batlantirishning turli usullarida o‘z aksini topganligiga oid  ilmiy xulosalaridan “O‘zbekiston tarixi” fanidan “Rossiya imperiyasinnng Turkistondagi ma’muriy boshqaruv tizimi va mustamlakachilik siyosati”, “Turkiston o‘lkasida jadidchilik harakati va siyosiy harakatlar”, “Turkistonda sovet boshqaruv tizimining mustahkamlanishi va ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi o‘zgarishlar” yuzasidan ta’lim berishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 19 yanvardagi 89-03-282-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston tarixining XIX asr oxiri – XX asr birinchi choragidagi jarayonlar bilan bog‘liq jihatlarini ochib berishda xizmat qilgan.
 
 
                                 
                                 
                                 
                                 
                                