Otakuzieva Vazira Usmonjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Oltinni asosli bo‘yoqlar bilan tanlovchan ekstraksion ajratish va aniqlash texnologiyasini yaratish», 02.00.02 – Analitik kimyo (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T1773.
Ilmiy rahbar: Turabdjanov Sadritdin Maxamatdinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.K/T.04.02 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Smanova Zulayxo Asanalievna, kimyo fanlari doktori, professor; Eshmetov Izzat Do‘simbatovich, texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: oltin (III) ionlarini mineral kislotali eritmalardan tanlovchan ekstraksion ajratish texnologiyasini ishlab chiqish va uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri organik fazada aniqlash usulini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ruda va konsentratlarni qayta ishlashdan hosil bo‘lgan murakkab tarkibli mineral kislotalardan, inert organik erituvchilar yordamida tanlovchan ekstraksion ajratish va reekstraksion usuli bilan oltin toza holda olingan;
to‘g‘ridan-to‘g‘ri organik fazada oltin (III) ionlarini tanlovchan ekstraksion - spektrofotometrik usuli bilan aniqlash usuli asoslangan;
oltin (III) ionlarining organik fazada asosli buyoqlar (metilfiolet, briliant yashil va metilen ko‘ki) bilan hosil kilgan komplekslarining spektrofotometrik tavsiflari aniqlangan;
oltin (III) ionlarini inert organik erituvchilarga ekstraksiyalanish va kuchli qaytaruvchilar bilan reekstratsiyalash mexanizmlari aniqlangan;
oltin (III) ionlarini ajratish va tanlab aniqlash, sof elementni murakkab tarkibdagi kuchli kislotali eritmadan tanlab ajratib olish va toza holda ekstraksiya qilish usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Murakkab tarkibli mineral kislotalardan oltin (III) ionlarini galogenidli kompleks inert organik erituvchilarga tanlovchan ekstraksiyalash va asosli bo‘yoqlar bilan organik fazada aniqlashning spektrofotometrik usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
oltin (III) ionlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri organik fazada ekstraksion - spektrofotometrik aniqlash usuli «Olmaliq kon metallurgiya kombinati» AJning «amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan («Olmaliq kon metallurgiya kombinati» AJning 2020 yil 9 noyabrdagi 63-396-son ma’lumotnomasi). Natijada, flotokonsentrat va rudalar tarkibidagi oltin (III) ionlarini tindirish, ajratish va organik fazada metil fioleti, briliant yashili, metilen ko‘ki asosli organik buyoqlar qo‘shish tartibida aniqlash imkonini bergan;
oltin (III) ionlarini ajratish texnologiyasi «Olmaliq kon metallurgiya kombinati» AJning «amaliyotga joriy etish bo‘yicha istiqbolli ishlanmalar ro‘yxati»ga kiritilgan («Olmaliq kon metallurgiya kombinati» AJning 2020 yil 9 noyabrdagi 63-396-son ma’lumotnomasi). Natijada, flotokonsentrat va rudalar tarkibidagi oltin (III) ionlarini toza holda ekstraksion va reekstraksion eritmalardan ajratish imkonini bergan.