Xamidova Muborak Hafizovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Fransuz va o‘zbek tillarida deopoetonimlarning leksik-semantik hamda lingvostilistik tadqiqi», 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Fil1175.
Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Qarshibaeva Uljan Davirovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Kamolova Sanobar Jabborovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi fransuz va o‘zbek tillaridagi deopoetonimlarning lisoniy tizimdagi o‘rnini, ideografik asoslarini, nutqiy voqelanishidagi badiiy-estetik vazifalarini, leksik-semantik, lingvostilistik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
fransuz va o‘zbek tillari deopoetonimlarining lingvostilistik xususiyatlari va  leksik-semantik mohiyati  har ikkala xalq tilining milliy-lisoniy, nominatsion-motivatsion, ularning yashash tabiiy-iqlim sharoiti, til va nutq madaniyati, milliy mentaliteti, dunyoqarashi, ruhiyati, e’tiqodiy tushunchalari, o‘ziga xos urf-odat va marosimlari, poetik tafakkuri kabi omillar integratsiyasi negizida shakllanganligi asoslangan;
fransuz va o‘zbek badiiy kontekstida tabiiy hodisa nomlari deopoetonimlar ko‘rinishida intertekstuallikni hosil qilish, ramziy ma’noda ishlatilib, badiiy matnning estetik ta’sirchanligini oshirish, poetik matnni shakllantirish, ijodkorning muayyan tabiat hodisasiga sub’ektiv bahosi va munosabatini ko‘rsatish, ular orqali o‘z ichki kechinmalarini ifodalash kabi lingvopoetik funksiyalarni bajarishi isbotlangan;
qiyoslanayotgan tillar badiiy diskursida lirik qahramonning ruhiy kechinmalari, kayfiyatini ifodalashda shamol, bulut, qor, yomg‘ir, tuman, momaqaldiroq, chaqmoq, shudring, g‘ubor, o‘lim kabi neytral mohiyat kasb etadigan tabiiy hodisalar deopoetonimlarni, inson hayoti uchun xavf-xavotir soladigan salbiy mohiyatga ega bo‘lgan tabiiy ofatlar nomi anemonimlarni hosil qilishi dalillangan;
har ikkala til deopoetonimlari semantik valentligiga qarab aniqlovchi tanlashda ularning konnotativ va denotativ ma’nolari, ma’nosidagi kuchlilik-kuchsizlik, ijobiylik-salbiylik, uslubiy xoslanganlik, darajalanish, shakl va ma’no munosabati, tarixiylik omillarining birlamchi ekanligi va aynan shu holatlar deopoetonimlar tarjimasida adekvatlikni ta’minlay olishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Fransuz va o‘zbek tillarida deopoetonimlarning leksik-semantik hamda lingvostilistik tadqiqini amalga oshirish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
deopoetonimlarning lug‘aviy graduonimik qatorlarni berish, yaqin tushunchalarni, konnotativ va denotativ ma’nolarni ifodalash, fransuz va o‘zbek tillaridagi anemonim, meteronim hamda deopoetonimlarning badiiy matnlarda lingvopoetik xususiyatlarini belgilashga doir xulosalardan       F-1-06 “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 12 avgustdagi 89-03-2792-son ma’lumotnomasi). Natijada milliy tildagi lingvopoetik vositalarning badiiy nutqdagi o‘rni va rolini asoslash imkonini kengaytirishga erishilgan;
fransuz va o‘zbek tillarida deopoetonimlarning osmonda havoda, erda quruqlikda, erda suvlikda yuz berishi, harakatining yog‘ish, inish, esishga asoslanishi jihatidan turli tabiiy hodisalarning umumiy nomini bildirib kelishi bilan turli makro va mikroko‘lamlarda namoyon bo‘lishi bilan bog‘liq xulosalardan F1-XT-19919 – “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotidagi tutgan o‘rni” mavzusida fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 13 avgustdagi 88-87-1472-04-son ma’lumotnomasi). Natijada mifologik, xayoliy uydirmaga asoslangan tasavvur-tushunchani o‘ziga singdirgan mifodeopoetonimlar genezisi va poetik xususiyatlarini hamda o‘zbek mifologiyasining o‘ziga xos obrazlar tizimiga ega ekanligini asoslashga xizmat qilgan;
tabiat hodisalarini anglatuvchi so‘zlarning badiiy matnlarda turli poetik maqsadlarda foydalanishiga, asar sarlavhasi darajasiga ko‘tarilishiga doir xulosalardan “Buxoro” telekanalining “Menga so‘z bering”, “Assalom, Buxoro”, “Jahon tamadduni durdonalari”, “Asrlarning asraganlari” teleko‘rsatuvlari, “Buxoro” radiosining “Muloqot va munozara”, “Qadriyatlar qadim beshigi” radioeshittirishlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Buxoro viloyat teleradiokampaniyasining 2020 yil 10 avgustdagi 1/162-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukamallashtirilib, ilmiy dalillarga boy bo‘lishiga erishilgan va ko‘rsatuvning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish