Sobirova Zarnigor Raximovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbek va ingliz tillaridagi turizm terminlarining tipologiyasi, o‘zaro berilishi va leksikografik talqini», 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Fil1164.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Axmedov Oybek Saparboevich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Haydarov Anvar Asqarovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek turizm terminlarining semantik xususiyatlarini qiyosiy aspektda aniqlash, turizm materiallari (xususan, turistik vebsaytlar matnlari) ta’sir qiymatini oshirishda terminlarning maqsadli kontekstual qo‘llanishini asoslash hamda ularning leksikografik talqini tamoyillarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek tili turizm terminlarining kelib chiqishi va iste’molga kiritilishida ingliz tilining dominantligi, mazkur terminlarning aktiv va passiv tarjima lug‘atlaridagi leksikografik talqinining farqi passiv lug‘atlarda xorijiy so‘zning ona tilidagi izohining keltirilishida, aktiv lug‘atlarda ona tilidagi so‘z orqali uning xorijiy ekvivalentini topish mumkinligida namoyon bo‘lishi aniqlangan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi turizm terminlarining semantik (ma’no) jihatlari genetik-kul`turologik, ijtimoiy-tarixiy va lisoniy-madaniy omillar ta’sirida shakllanganligi, inglizcha turizm terminlari insoniyat sivilizatsiyasi bosqichlari bilan parallel ravishda yuzaga kelganligi dalillangan;
har ikkala til turizm terminosistemasidagi realiyalar tarjimasida transliteratsiya/transkripsiya usullarining yetakchiligi, sayyohlik matnlari tarjimasida esa assotsiatsiyalash usuli, kengaygan tavsifiy izoh yoki funksional muqobil vositasida tarjima qilish usullarining birlamchi ekanligi asoslangan;
turizm terminosistemasi birliklari tarjimasi adekvatligini ta’minlashda potensial iste’molchi (oddiy, lingvistik nomutaxassis aholi) ga tushunarli bo‘lish maqsadining ustuvorligi, matnaro turizm terminlari talqinida madaniyatning yetakchi omil ekanligi aniqlangan bo‘lib, o‘ta madaniylashtirish va mutlaq ajnabiylashtirishni muvofiqlashtirishda neytrallashtirish strategiyasining samaradorligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek sayyohlik terminlarining lingvistik xususiyatlarini qiyosiy jihatdan tahlil qilish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
ingliz va o‘zbek tillaridagi turizm terminlarining sayyohlik veb-saytlarida to‘g‘ri ishlatilishi bilan bog‘liq muammolar va tillararo tafovutni muvofiqlashtirish usullarini ishlab chiqishga oid xulosalardan Buxoro davlat universitetining OT-F1-04(08) raqamli «Raqobatbardosh turistik hudud va klasterlarni shakllantirish asosida O‘zbekistonda turizmni davlat miqyosida barqaror rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Buxoro davlat universitetining 2021 yil 24 iyundagi 04-04/01-176-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston tarixiy topografiyasi, moddiy va ma’naviy madaniyat yodgorliklariga oid so‘zlarning yangi mazmunda turistik termin sifatida ishlatilishi kabi zaruriy ilmiy xulosalar ta’lim tizimini isloh qilish, turizm sohasini davlat miqyosida barqaror rivojlantirish uchun iqtisodiy madaniyat va turistik salohiyatni oshirish mezonlarini ishlab chiqishga xizmat qilgan;
sayyohlik veb-saytlaridagi matnlarni ingliz tilidan o‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan ingliz tiliga o‘girishda o‘zaro tarjima muammolari va tillararo tafovutni muvofiqlashtirish usullariga doir xulosalardan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Buxoro viloyati departamentida ichki va xalqaro turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2020 yil 23 iyuldagi 02-16/3547-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur veb-saytlarning mukammallashuviga yordam bera oladigan turizm terminlarini har tomonlama to‘g‘ri qo‘llashga oid amaliy tavsiyalar gid-tarjimonlar, ekskursiya yetakchilarini tayyorlash imkoniyati kengaygan;
dissertatsiyadagi ingliz tili turizm terminlarining shakllanishi, tipologiyasiga oid xulosalardan I-OT-2019-42 raqamli “O‘zbek va ingliz tillarining elektron (Inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 30 dekabrdagi 89-03-5613-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz tilidagi milliy xususiyat kasb etuvchi turizmga oid so‘zlarning shakllanishi tarixiy jarayon hamda madaniy omillar bilan bog‘liqligi asoslangan;
ingliz va o‘zbek turizm terminlarining aktiv va passiv lug‘atlardagi xususiyatlari, sayyohlik terminlarining tarjimasi haqidagi ilmiy qarashlardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining “Assalom, Buxoro” dasturining “Til bilgan – el biladi” nomli sahifasi hamda “Buxoro” radiosining “Qadriyatlar qadim beshigi” nomli radioeshittirishining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 8 iyundagi 1/141-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz tili sayyohlik terminlarining o‘zbek tilida keng qo‘llanilishi, o‘zbek tilidagi turizm terminlarining integratsiyalashuvi jarayoni tahlil qilinganligi ko‘rsatuv va radioeshittirish muxlislarining milliy tilga bo‘lgan hurmati oshishiga sabab bo‘lgan.