Caidova Muxayyo Umediloevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Adabiyotshunoslik terminlarining tarkibiy-mazmuniy tahlili va tarjimasi (ingliz tili materiali asosida)», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2019.2.PhD/Fil886.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Ibodullo Kamolovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Nasrullaeva Nafisa Zafarovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Ergasheva Guli Ismoil qizi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz adabiyotshunoslik terminlarining tarkibiy-mazmuniy asoslarini belgilash, ularning o‘zbek tiliga tarjima masalalarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
adabiyotshunoslik terminlarining estetik va baholovchi axborot tashish xususiyatining, mazmun chegarasi o‘zgarishining tilni ishlatuvchi millat madaniyati, mafkurasi bilan shartlanganligi mazkur lisoniy birliklarni o‘rganishda diaxronik (tarixiy taraqqiyot kesimida) usulning ustuvorligini belgilashi dalillangan; 
termin yasalish jarayonining kommunikativ va derivativ xarakteri terminologik birlikning matn rivoji doirasida voqelanishi va matn hosil qilish qonuniyatlari bilan belgilanishi, mazkur jarayon natijasi sifatida terminning ikkilamchi mahsulot ekanligi asoslangan;  
terminlarning birma’nolilik va ko‘pma’noliligi, neytral va emotsionalligi, kontekstga bog‘liq va bog‘liq emasligida namoyon bo‘ladigan ichki qarama-qarshiliklarga ularning turli matnlar doirasida kontekstual va derivatsion mazmun kasb etish, turli kontekstlarda ta’riflanishga ehtiyoj sezish va sezmaslik tabiati sabab bo‘lishi aniqlangan;
terminni adekvat tarjima qilishning birlamchi omillarini matnga xos bo‘lgan intertekstuallik, kontekstual vaziyat, shakl va mazmun mutanosibligi/nomutanosibligi hamda tillararo struktur, sistem va funksional asimmetriya,  ikkilamchi omillarini esa terminlarning derivativ tabiati, dinamik xarakteri tashkil etishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz adabiyotshunoslik  terminlarining tadqiqi jarayonida olingan ilmiy natija va xulosalar asosida:
ingliz adabiyotshunoslik terminlarining mulokotda funksionalligi,  yuzaga kelish asoslari, dinamik xarakteri, o‘zgarishi, nutq va lug‘atlarda qo‘llanishi, yangi ma’no turlarini kasb etishi, faol va nofaol rivojlanish bosqichlari bilan bog‘liq xulosalaradan OT-F1-18 “Ommaviy lisoniy madaniyatni shakllantirish metodlari va metodologiyasini ishlab chiqish” fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 23 dekabrdagi 89-03-5456-son ma’lumotnomasi). Natijada muloqot jarayonida terminosistemadan foydalanishga oid yangicha qarashlar yuzaga kelgan, ham ingliz, ham o‘zbek adabiyotshunoslik  terminosistemasini nisbatan zamonaviy nazariyalar bilan boyitib, soha terminlarining leksik-semantik, struktur-semantik hamda pragmatik xususiyatlarini genetik-etimologik nuqtai nazardan talqin qilish imkoniyatini bergan;
terminni adekvat tarjima qilishning muhim omillari, matnga xos bo‘lgan intertekstuallik, kontekstual vaziyat, tillararo struktur, sistem va funksional asimmetriya voqelanishiga doir xulosalardan OT-F1-138 “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 30 dekabrdagi 89-03-5616-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz adabiyotshunoslik terminlarining tarjima jarayonida shakl va mazmun mutanosibligi/nomutanosibligini voqelantirish, tarjima tavofutlarini keltirib chiqarish xususiyatini,  ulardagi milliylik tabiati, madaniyat, til va uslub aloqadorligini tizimli ilmiy talqin etishga erishilgan; 
terminologiyaning til tizimidagi o‘rni, ahamiyati, xususan, milliy terminologiyani rivojlantirishda boshqa tillardan kirib kelgan  terminlarning tilimizdagi muqobillarini ishlatish bilan bog‘liq natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalida “Adabiy jarayon”, “Ta’lim va taraqqiyot” eshittirishlarining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 03 martdagi 02\R-1-19-son ma’lumotnomasi). Natijada termin tushunchasiga aniqlik kiritilgan bo‘lib, eshittirish jarayonida suhbatdosh bilan o‘rnatiladigan dialogik  muloqotda nutq ravonligi, tushunchalar qo‘llanishining aniqligi, jumladan, badiiy tasvir vositalariga xos terminlarning lingvistik nuqtai nazardan to‘g‘ri ishlatilishi hamda  nutq madaniyatining shakllanishi borasida tavsiyalar shakllantirilgan;
terminologik tizimda sinonimiyaning mavjudligi, terminologiya taraqqiyotining ziddiyatli yoki bir tekis kechmaganligi, muallifning termin yaratish ijodkorligi, terminlarni tartibga solish chora-tadbirlari, qisqartma va o‘zlashma terminlardan foydalanish bilan bog‘liq xulosalardan Evropa Ittifoqi TEMPUS dasturining QAPD loyihasi doirasidagi 516996 –TEMPUS-1-2011-1-GB-TEMPUS-SMGR "Professional akademik liderlar tayyorlash orqali ta’lim sifatini oshirish" xalqaro loyihasini bajarishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 5 fevraldagi 89-03-676-son ma’lumotnomasi). Natijada muloqot jarayonida terminosistemadan foydalanishga oid yangicha qarashlar yuzaga kelgan; o‘qituvchilarda lingvistik va kommunikativ qobiliyatning takomiliga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish