Kaxxorova Gulrux Shavkatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Ingliz va o‘zbek tillarida yuklamalarning grammatik hamda funksional-stilistik xususiyatlari», 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Fil1372.
Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Nasrullaeva Nafisa Zafarovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Kasimova Nafisa Farxadovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillaridagi yuklamalarning grammatik, funksional-stilistik jihatdan o‘xshash hamda farqli xususiyatlarini pragmatik aspektda aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ingliz va o‘zbek tillari sintaktik kengligida yuklamalarning funksional-stilistik xossalari gapning mantiqiy urg‘u, so‘z tartibi, kontekst va ohang vositasida kommunikativ yoki aktual bo‘laklarga ajralishida namoyon bo‘lishi, fikr yoki propozisiyaning kommunikativ markazini belgilash funksiyasining gap qurilmasidagi o‘rni, o‘zi aniqlab kelgan so‘zga nisbatan joylashuvi bilan bog‘liqlikda amalga oshishi dalillangan;
qiyoslanayotgan tillardagi yuklamalarning omonimik (shakldoshlik), sinonimik (ma’nodoshlik), polisemantik (ko‘p ma’nolilik) xususiyatlari hamda emotsionallik, ekspressivlik, intensivlik, voqea-hodisalarni baholash, suggestivlik (tavsiya etuvchilik), aktualizatorlik (voqelantiruvchilik), modifikatorlik (o‘zgartiruvchilik) vazifalari gap yoki fikr tema va remasini belgilashda namoyon bo‘lishi aniqlangan;
har ikkala tilda yuklamalarning kompleks tasnifi asosida ularning yuqori funksional potensialga va o‘zining pragmatik tabiatiga egaligi, kontekstual va kommunikativ shartlanganligi, paradigmatik (lisoniy) va sintagmatik (nutqiy) aktuallashuvi semantika-funksiya-pragmatika bo‘linmas uchligida namoyon bo‘lishi isbotlangan;
qiyoslanayotgan tillarda madaniy kod va implisit (yashirin) semantika tashuvchi yuklamalar tarjimada fikr-nutq zanjiri birliklarining shakl-mazmun-funksiyasi yaxlitligiga qo‘shimcha qiymat bag‘ishlashi natijasida tillararo lisoniy belgi asimmetriyasini voqelantira olishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz va o‘zbek tillarida yuklamalarning grammatik hamda funksional-stilistik xususiyatlari tadqiqini amalga oshirish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
til va nutq hodisalarining badiiy matnlarda poetik ta’sirchanligini, emotsionallik va ekspressivligini asoslash uchun yuklamalar pragmatikasi, stilistikasi, presuppozisiyasini yoritish bilan bog‘liq xulosalardan F-1-06 «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi» mavzusidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 7 avgustdagi 01-01-2821-son ma’lumotnomasi). Natijada adabiyot taraqqiyoti davomida til va adabiyot hodisalarining o‘zaro bog‘liqligi asoslangan;
mifologiyada so‘z magiyasiga ishonch, so‘zni timsollashtirish, ularni ma’noli va ma’nosiz, yaxshi va yomon deb qarash tushunchalari mavjud bo‘lganligini asoslash bilan bog‘liq xulosalardan F1-XT-19919 – «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotidagi tutgan o‘rni» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 13 avgustdagi 88-87-1471-04-son ma’lumotnomasi). Natijada badiiy matnlarda so‘zlarning turli emotsional tovlanishi so‘z sehriga ishonch izlarini dalillashga xizmat qilgan;
matnlardagi mustaqil va yordamchi so‘zlarning grammatik, funksional-stilistik jihatdan o‘xshash hamda farqli xususiyatlarini pragmatik aspektda aniqlashning til o‘zlashtirishdagi roli va ahamiyatini belgilashga doir xulosalardan Evropa Komissiyasining Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “TALENT – Establishing Master Programmes in Human Resource Management and Talent Development in Central Asia – Markaziy Osiyoda inson resurslarini boshqarish va boshqaruv qobiliyatlarini rivojlantirish magistratura dasturlari” xalqaro loyihasida foydalanilgan (Buxoro davlat universiteti Xalqaro bo‘limining 2021 yil 12 iyundagi 05-0012-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz tilida ishlab chiqilgan 8 ta maxsus kursning o‘zbek tiliga o‘girilishida targ‘ibot materiallarini joriy etishda ilmiy-amaliy ahamiyati isbotlangan va tarjimada yuklamalarni ifodalash muammolari aniqlanib, echimlari tavsiya qilingan;
ommaviy axborot vositalarida yuklamalarning til va nutq hodisasi sifatida hayotiy voqea-hodisalarga, insonning turli ruhiy holati va vaziyatlariga baho berish, obrazlilik, emotsional-ekspressivlik, intensivlik munosabatlarini ifodalay olishiga doir xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O`zbekiston» teleradiokanali, Buxoro viloyat teleradiokompaniyasi «Buxoro» teleradiokanalining «Menga so‘z bering», «Assalom, Buxoro», Ilm dunyosi», «Everyday English», «Zamondosh», «Qadriyatlar qadim beshigi» dasturlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Buxoro viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 10 avgustdagi 1/161-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlarning til va nutq imkoniyatlari, badiiy tilning o‘ziga xos tomonlari, lingvopoetika muammolari bo‘yicha tasavvur-tushunchalarini boyitishga erishilgan.