Achilova Nargiza Tuxtanazarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Surxon-Sherobod botanik-geografik rayoni florasi», 03.00.05 – Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/B239.
Ilmiy rahbar: Xasanov Furkat Orunbaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qarshi davlat universiteti, PhD.03/30.06.2020.V.70.03.
Rasmiy opponentlar: Yoziev Lutfullo Habibullaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Tajetdinova Dilarom Mnajatdinovna, biologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Surxon-Sherobod botanik-geografik rayoni florasi tur tarkibini inventarizasiyalash, tahlil qilish va turlarning tarqalishini aks ettiruvchi to‘r tizimli xaritasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Surxon-Sherobod botanik-geografik rayoni florasining 66 oila va 362 turkumga mansub 802 turni o‘z ichiga oluvchi zamonaviy tarkibi aniqlangan, konspekti tuzilgan va umumiy turlarning tarqalishini aks ettiruvchi to‘r tizimli GAT xaritalari yaratilgan;
ilk bor turlar tarkibiga Pomir-Oloy florasi uchun 2 ta (Amoria bonannii, Paspalum dilatatum), tadqiqot hududi uchun 2 ta (Allium dolichomischum, Ephedra strobilacea) va fan uchun 5 ta (Plocama alshehbazii F.O. Khass., D. Khamr., U. Khuzh. & Achilova, Iris victoris F.O.Khass., Khuzhan. & Rakhimova, Iris petri F.O.Khass., Rakhimova & Achilova, Iris rudolphii F.O.Khass., Esankulov & Achilova, Allium nikolai F.O. Khass. et Achilova) yangi tur kiritilgan va ularning o‘sish joylari belgilangan;
florada Palearktik, Pomiroloy hamda Qadimiyo‘rtaerdengizi areal sinflariga mansub turlarning ustunlik qilishi aniqlangan;
flora tarkibidagi Plocama alshehbazii F.O. Khass., D. Khamr., U. Khuzh. & Achilova va Iris victoris F.O.Khass.ning yo‘qolish arafasida turganligi, Astragalus rubrigalli Popovning kamyob relikt tur ekanligi va Cousinia spryginii Kult.ning kichik maydonlarda saqlanib qolganligi qayd etilgan hamda 28ta kamyob va endem turlarining lokaliteti aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Surxon-Sherobod botanik-geografik rayoni florasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Surxon-Sherobod botanik-geografik rayoni florasining 66 oila va 362 turkumga mansub 802 turni o‘z ichiga oluvchi zamonaviy tarkibiga oid xulosalar, “Qizil kitob”ga kiritilgan turlarning lokaliteti va to‘r tizimli xaritalari Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat boshqarmasi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2021 yil 5 fevraldagi 04-02/8-213-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ni (2019) kamyob yangi tur ma’lumotlari bilan to‘ldirish hamda 18ta kamyob va endem turlar tarqalgan hududlarni aniqlash va ular populyasiyalarini muhofaza qilish choralarini ishlab chiqish imkonini bergan;
Surxon-Sherobod botanik-geografik rayoni florasidan 503 turning 908 ta gerbariy namunalari Botanika instituti O‘zbekiston Milliy gerbariysi (TASH) respublika noyob ilmiy ob’ekti fondiga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 26 noyabrdagi 4/1255-2634-son ma’lumotnomasi). Natijada, gerbariy namunalari noyob ob’ektning O‘rta Osiyo bo‘limi va G‘arbiy Hisor botanik-geografik okrugi o‘simliklari kolleksiyasini boyitgan va botany.uz ma’lumotlar elektron bazasini boyitish imkonini bergan.