Sayt test rejimida ishlamoqda

Prezident Shavkat Mirziyoev 13 iyul` kuni raqamli texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda axborot texnologiyalari izchil rivojlantirilib, aholiga qulayliklar kengaytirilmoqda. Bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 253 xil xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Joriy yilda ularni yana 60 taga ko‘paytirish, 50 dan ortiq xizmatlarni soddalashtirish mo‘ljallangan.

Eng muhimi, bu ishlar sansalorlik, byurokratiya va korrupsiyani kamaytirib, vaqt va mablag‘larni tejash, unumdorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlangan edi. Ushbu strategiyaga muvofiq, 2020-2022 yillarda hududlar va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, tarmoqlar bo‘yicha 443 ta loyiha ishlab chiqilib, bugungi kungacha 194 tasi tatbiq etildi. Hududlarda dasturdagi 1 ming 643 ta loyihadan 1 ming 172 tasi joriy qilindi.

Misol uchun, “O‘ztransgaz”da shartnomalarni boshqarish bo‘yicha axborot tizimi joriy etilgani natijasida xarajatlar 30 milliard so‘mga qisqargan. Shuningdek, 360 turdagi davlat bojlarini Yagona elektron billing tizimi orqali to‘lash yo‘lga qo‘yilgani hisobiga 24 milliard so‘m mablag‘lar tejalgan.

Umuman, joriy yilning birinchi yarmida raqamli iqtisodiyot sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 7 trillion 200 milliard so‘mni, kompyuter dasturlash xizmatlari eksporti 17 million 500 ming dollarni tashkil etgan.

Lekin, bu sohada rivojlanishdan ortda qolayotgan tarmoq va hududlar ham bor. Raqamlashtirish reytingi 65 ta tashkilot, 116 ta tuman va shaharda ishlar sust tashkil etilganini ko‘rsatmoqda.

Taqdimotda davlatimiz rahbari loyihalarni jadallashtirish, hududlarda elektron xizmatlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

– Oxirgi yillarda qilingan ishlar, albatta, o‘z natijasini berdi, xizmatlar qulay va odamlarga yaqin bo‘ldi. Lekin raqamli texnologiyalar kun sayin o‘zgarib, yangi-yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Shuning uchun har bir vazirlik, davlat organi va hududlarda yangi dasturlarni joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Raqamli iqtisodiyot xizmatlarini 16 trillion so‘mga, kompyuter dasturlari eksportini 40 million dollarga etkazish mumkinligi aytib o‘tildi.

Mobil ilova orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini 100 taga etkazish, xususan, kommunal soha, kadastr, soliq, bojxona, pensiya va mehnatga oid ma’lumotlarni olishda qulayliklarni oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga vazir portali, viloyat, tuman va shahar hokimlari portallarini shakllantirish, ulardagi ma’lumotlarni muntazam tahlil qiladigan tizim yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.

“Aloqabank” aksiyadorlik tijorat bankiga mijozlar uchun barcha xizmatlarni mujassamlashtirgan yagona platforma yaratish, axborot texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat va xo‘jalik organlari xodimlarining raqamli texnologiyalar bo‘yicha savodxonligini oshirish muhimligi qayd etildi.

Manba: https://president.uz/

Yangiliklarga obuna bo‘lish