Polvonov Kozimbek Naimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qashqadaryo viloyatida shaharlarning tashkil topishi va rivojlanishi tarixi (1970-2016 yy.)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Tar326.
Ilmiy rahbar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02.
Rasmiy opponentlar: Qobulov Eshbolta Otamurodovich, tarix fanlari doktori, dotsent; Shadmanova Sanavar Bazarbaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.  
II. Tadqiqotning maqsadi 1970-2016 yillarda Qashqadaryo viloyatida shaharlarning tashkil etilishi va rivojlanish yo‘nalishlarini tarixiy aspektda ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qashqadaryo viloyatida neft`-gaz konlarining topilishi va Qarshi cho‘lining o‘zlashtirilishi natijasida sanoatning rivojlanishi hamda ko‘plab turar-joylar, ma’muriy, maishiy va madaniy ob’ektlarning qurilishi va ishga tushirilishi vohadagi Kitob, Yakkabog‘, G‘uzor, Qamashi, Chiroqchi, Koson, Muborak, Beshkent, Yangi Nishon va Talimarjon shaharlarining shakllanishiga sabab bo‘lganligi ochib berilgan;
sobiq sovet davrida viloyat shaharlari aholisining ijtimoiy-maishiy turmush tarziga etarlicha e’tibor qaratilmaganligi va shart-sharoitlar yaratilmaganligi oqibatida Koson, Beshkent va Chiroqchi shaharlarida er-uchastka tanqisligi yuzaga kelganligi, tibbiy va maishiy xizmat sohalarining esa past darajada bo‘lganligi arxiv hujjatlari asosida aniqlangan; 
sobiq sovet davrida voha shaharlari ta’lim tizimini yaxshilashga harakat qilinsa-da, bu borada ko‘plab muammolar to‘planib borganligi, bu ayniqsa, ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash jarayonida yaqqol ko‘zga tashlanganligi, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning sustligi o‘quvchi yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik ko‘rsatkichi ortib borishiga sabab bo‘lganligi dalillangan;
mustaqillik yillarida shaharsozlik borasidagi islohotlar natijasida aholining ijtimoiy-kasbiy va demografik tarkibi, madaniyati, turmush tarzining tubdan o‘zgarib borganligi hamda urbanizatsiya darajasining ko‘tarilganligi, shahar madaniyat bo‘limlarida fol`klor va xalq ansambllari tashkil etilib, o‘zbek xalq og‘zaki ijodini targ‘ib etish tadbirlari olib borilganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qashqadaryo viloyatida shaharlarning tashkil topishi va rivojlanishi (1970-2016 yy.) tarixini tadqiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
sovet davrida Qashqadaryo viloyatida qazilma boyliklarning topilishi va Qarshi cho‘lining o‘zlashtirilishi natijasida sanoatning rivojlanishi hamda ko‘plab ob’ektlarning qurilishi yangi shaharlarning shakllanishiga sabab bo‘lganligi hamda voha shaharlari aholisining ijtimoiy-maishiy turmush tarziga etarlicha e’tibor qaratilmaganligi va shart-sharoitlar yaratilmaganligiga oid natijalaridan OT-F8-211 raqamli «XX asr O‘zbekiston madaniyati tarixi» mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 23 sentyabrdagi 89-03-3604-son ma’lumotnomasi). Bu esa shaharlar tarixi Vatan tarixining ajralmas bir qismi ekanligini, viloyat shaharlari shakllanishida iqtisodiy omillar yetakchi o‘rin tutganligini hamda shaharlarning ijtimoiy hayoti va muammolarini yoritib berish imkonini bergan;
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida shaharsozlik borasidagi islohotlar natijasida kichik shaharlar boshqaruvi tuman hokimliklari bilan birlashganligi, shaharlar bosh rejalari ijrosi ta’minlanganligi va urbanizatsiya darajasi yuqorilab ketishi Qashqadaryo viloyati shaharlari misolida ko‘rsatib berilganligiga oid natijalaridan OT-F8-002 raqamli «Hozirgi zamon sivilizatsiyasining inson ijtimoiy qiyofasiga ta’siri» mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 3 dekabrdagi 89-03-4699-son ma’lumotnomasi). Natijada bu mustaqillik yillarida voha shaharlaridagi iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlar mohiyatini asoslab berish imkonini bergan;
mustaqillik yillarida viloyat shaharlarida sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, yangi sanoat korxonalarini tashkil etish va iqtisodiy rivojlanish shahar aholisi ijtimoiy hayotida o‘z aksini topganligiga oid natijalaridan «O`zbekiston tarixi» telekanalida namoyish etilgan «Taqdimot» ko‘rsatuvi ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O`zbekiston teleradiokanali» davlat unitar korxonasining 2021 yil 15 apreldagi 02-40-567-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv orqali tadqiqotchining Qashqadaryo vohasidagi zamonaviy urbanizatsiya jarayonlari va shaharsozlik tarixi haqidagi ilmiy-nazariy fikr-mulohazalari yoritib berilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish