Normatova Nurjamol Normatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Ingliz tilini o‘qitishda iqtisodiyot yo‘nalishi talabalarining og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish”, 13.00.02 - “Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (ingliz tili) (pedagogika fanlari)”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Ped1116.
Ilmiy rahbar: Hoshimova Dildora Urinbaevna, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/30.12.2019.Fil/Ped.83.01.
Rasmiy opponentlar: Rashidova Feruza Musaevna, pedagogika fanlari doktori, dotsent; Shermatov Akram Abduxakimovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz tilini o‘qitishda iqtisodiyot yo‘nalishi talabalarining og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kasbga yo‘naltirilgan og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirishda “hamkorlikda ishlash” ta’lim texnologiyasidan foydalanish sxemasi va tizimli aylanma xaritasini ishlab chiqish orqali mazkur texnologiyaning “guruh tadqiqot ishi”, “dialog va muhokama”, “birgalikda o‘rganish” kabi xususiy metodlari takomillashtirilgan;
ingliz tilidagi og‘zaki nutqni diskursga tayangan holda rivojlantirish iqtisodchi talabalarning kasb yo‘nalishi doirasida fikr yuritishi, nutqiy faoliyat va tayyorgarlik darajasini oshirishda hamda jarayonda motivatsiyani ta’minlashda muhim o‘rin tutishi asoslab berilgan va bunda ishbilarmonlik diskursining “so‘rov, hisobot, ma’ruza, statistik tahlil, muhokama, suhbat, xabarnoma” kabi muvofiq turlaridan foydalanish taklif qilingan;
og‘zaki nutq ko‘nikmalarining rivojlanganlik darajasini aniqlash bo‘yicha baholash mezonlari lingvistik va psixologik kategoriyalarga ajratish asosida takomillashtirilgan va bu xotira, taxmin qilish, mantiqiy fikrlash kabi umumiy psixofiziologik mexanizmlarning rivojlanganlik darajasini aniqlash imkoniyatini oshirgan;
og‘zaki nutqning gapirish hamda tinglab tushunish ko‘nikmalari kompleksida “tayyorlovchi, asoslovchi va erkin muloqotga chiqish” tipidagi uch bosqichli mashq va vazifalar tizimi internet, radio-televidenie va boshqa OAV auditiv va audio-vizual` vositalar orqali talabalarda og‘zaki nutqni rivojlantirish, ularning savodxonligini, mantiqiy va tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini oshirish yo‘llari takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Oliy ta’lim muassasalari iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishi talabalariga ingliz tilini o‘qitishda og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot ishi natijalari asosida:
nofilologik yo‘nalish talabalariga kasbga yo‘naltirilgan ingliz tilini o‘qitishda og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha taklif etilgan xulosa va tavsiyalardan hamda gapirish va tinglab tushunish ko‘nikmalarini kompleks ravishda “hamkorlikda ishlash” ta’lim texnologiyasi asosida rivojlantiruvchi 3 bosqichli mashq va vazifalar tizimi namunalaridan “ERASMUS+” dasturining ICM, KA-107, ya’ni “International Credit Mobility between European Union and Uzbekistan HEIs, through staff and student mobility exchange projects (Evropa Ittifoqi hamda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida Xalqaro tajriba almashinuvi doirasidagi kredit safarbarligi)” mavzusidagi loyihada oliy o‘quv yurti kadrlari va talabalari o‘rtasida xalqaro tajriba almashinuvi doirasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 5 noyabrdagi №-89-03-4452 son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha ishtirokchilari, professor-o‘qituvchilar va talabalarning ingliz tilidagi og‘zaki nutq ko‘nikmalari rivojlantirilgan va ularni erkin muloqotga tayyorlash samaradorligi oshgan;
talabalarga ingliz tilini o‘qitishda og‘zaki nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish jarayonida yuzaga keluvchi qiyinchiliklarni pedagogik, psixologik va metodik guruhlarga ajratgan holda bartaraf etish imkoniyatlari bo‘yicha berilgan taklif va tavsiyalardan, shuningdek, og‘zaki nutqning rivojlanganlik darajasini aniqlashda ko‘nikmalarni lingvistik va psixologik kategoriyalarga ajratish orkali takomillashtirgan baholash mezonlaridan (“Economical English” o‘quv qo‘llanmasi materiallari asosida) UzTESPING (“Uzbekistan teachers of English for specific purposes integrated networking group”) loyihasi doirasida “Developing ESP Teaching Materials” hamda “Innovative Approaches on Teaching ESP” mavzularidagi seminar-treninglarda maxsus maqsadlarda ingliz tilini o‘qitish (ESP) bo‘yicha materiallar yaratishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 22 sentyabrdagi №-89-03-3445 son ma’lumotnomasi). Natijada nofilologik ta’lim yo‘nalishlarida ingliz tilini o‘qitishning metodologik asoslari takomillashtirilgan;
iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishi talabalarining ingliz tilidagi og‘zaki nutqini rivojlantirishda gapirish hamda tinglab tushunish ko‘nikmalari uzviyligida kasbga yo‘naltirgan holda takomillashtirishga qaratilgan “Economical English” o‘quv qo‘llanmasi nashr qilingan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 7 dekabrdagi 648-son buyrug‘i, №-648-054 son guvohnomasi). Natijada bo‘lajak iqtisodchi talabalarning ingliz tilidagi tinglab tushunish va gapirish, shuningdek, o‘qish va yozuv faoliyatlarini kasbga yo‘naltirgan holda takomillashtirishga va umumiy bilimlarini oshirishga erishilgan;
kasbga yo‘naltirilgan ingliz tilini o‘qitishda bo‘lajak iqtisodchi talabalarning og‘zaki nutq ko‘nikmalarini diskurs asosida rivojlantirish bo‘yicha berilgan ilmiy taklif va xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O`zbekiston” teleradiokanali DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Bedorlik” nomli eshittirishlarni tayyorlashda foydalanilgan (“O`zbekiston” teleradiokanalining 2020 yil 4 noyabridagi O`z/k-04-25-1031 son ma’lumotnomasi). Natijada iqtisodiyot yo‘nalishi uchun xorijiy til ta’limida diskursning o‘rni va ahamiyati bo‘yicha bildirilgan ilmiy-amaliy takliflar radiotinglovchilarga ommalashtirilgan.