Nusratov Umid G‘olibovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Buyrak faoliyati buzilishiga qarab 2-toifa qandli diabetli bemorlarda olib qo‘yiladigan tish protezlari xususiyati”. 14.00.21 – Stomatologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Tib1245.
Ilmiy rahbar: Xabilov Nig‘mon Luqmonovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Buxoro davlat tibbiyot instituti, DSc/PhD.04/30.12.2019.Tib.93.01.
Rasmiy opponentlar: Joludev Sergey Egorovich , tibbiyot fanlari doktori, professor; Shukurova Umida Abdurasulovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Birinchi Sankt-Peterburg davlat tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi)
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: 2-tipdagi qandli diabetning buyrak faoliyatining buzilishiga bog‘liq ravishda bemorlarda stomatologik holatni kompleks baholash, olib qo‘yiladigan tish protezlari xususiyatlarini aniqlagan holda stomatologik reabilitatsiya choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
2-tipdagi qandli diabet kuzatilgan bemorlarda og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklarining klinik namoyon bo‘lish chastotasi buyrak funksiyalari buzilishi ko‘rinishida renal tizim tomonidan asoratlar mavjudligiga bog‘liqligi isbotlangan;
og‘iz bo‘shlig‘ida 2-tipdagi qandli diabetning surunkali buyrak xastaligi bilan asoratlangan bemorlarda patologik xolatlar jadallashuvining gigienik xususiyatlari aniqlangan;
2-tipdagi qandli diabetning surunkali buyrak kasalligi bilan asoratlangan bemorlarning og‘iz bo‘shlig‘ida mahalliy immun tizim parametrlari lizotsim va sekretor immunaglobulin A ishonarli pasayishi aniqlangan;
2-tipdagi qandli diabetning surunkali buyrak kasalligi bilan asoratlangan bemorlarda og‘iz bo‘shlig‘i mikroflorasi miqdor va sifat tarkibi, disbioz darajasi kasallik kechishiga bog‘liqligi aniqlangan;
2-tipdagi qandli diabetning surunkali buyrak xastaligi bilan asoratlangan bemorlarda og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatida mikrotsirkulyator qon oqimining regressiz o‘zgarishlari ro‘y berishi isbotlangan;
2-tipdagi qandli diabetning surunkali buyrak xastaligi bilan asoratlangan bemorlarni jag‘lari alveolyar o‘siqlarida suyak to‘qimasi zichligining kasallik kechishiga bog‘liqligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Buyrak funksiyasining buzilishiga qarab 2-tipdagi qandli diabet kuzatilgan bemorlarga ortopedik stomatologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida:
surunkali buyrak kasalligi bilan kasallangan qandli diabetga chalingan bemorlarda tish kasalliklarining xususiyatlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan “Surunkali buyrak kasalligi bilan kasallangan qandli diabetning ikkinchi turiga chalingan bemorlarda tish kasalliklarining xususiyatlari” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 23 noyabrdagi 8n-r/452-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma ushbu bemorlarda tish protezlash metodikasi va moslashuvini yaxshilash imkonini yaratgan.
2-toifa diabet bilan kasallangan bemorlarda og‘iz bo‘shlig‘i holatini baholash usuli bo‘yicha olib borilgan tadqiqotning ilmiy natijalari asosida ishlab chiqilgan “2-toifa diabet bilan kasallangan bemorlarda og‘iz bo‘shlig‘i holatini baholash usulini takomillashtirish” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 23 noyabrdagi 8n-r/452-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma ushbu bemorlarda stomatologik kasalliklar uchrashi va ularning stomatologik holatiga baho berish imkonini bergan.
Buyrak funksiyasining buzilishiga qarab 2-tipdagi qandli diabet kuzatilgan bemorlarga ortopedik stomatologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotdan olingan natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Jondor, Romitan, Gijduvon, Vobkent rayon stomatologiya poliklinikalariga tadbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 8 yanvardagi 8n-z/9-son ma’lumotnomasi). Natijada diagnostika va davolashning yangi usullarini qo‘llash yo‘li bilan tibbiy yordam samaradorligini oshirilishiga, kasallik asoratlarini kamaytirish, hamda bemorlarning ambulator davolanish muddatlarini qisqartirish hisobiga iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini bergan.