Djuraev Ixtiyor Baxtiyorovichning
fanlar doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Oliy ta’lim muassasalarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish”, 12.00.07 - Sud hokimiyati. Prokuror nazorati. Huquqni muhofaza qilish faoliyatini tashkil etish. Advokatura (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Yu105.
Ilmiy konsul`tant: Pulatov Baxtiyor Xalilovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bosh prokuratura Akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Astanov Istam Rustamovich, yuridik fanlar doktori, professor; Raxmonova Surayyo Maxmudovna, yuridik fanlar doktori, dotsent; Xayriev Nodirjon Isroilovich, yuridik fanlar doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi oliy ta’lim muassasalarida qonunchilikka rioya etilishi ustidan prokuror nazoratini kompleks o‘rganish asosida mantiqan izchil nazariy xulosalar chiqarish va asoslash, shuningdek, ushbu xulosalar asosida prokuror nazoratining hozirda mavjud amaliyoti va qo‘llanish samaradorligini oshirishga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ta’lim muassasalarini boshqarish bo‘yicha maxsus vakolatga ega bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘quv dasturlarini doimiy takomillashtirib borish, shuningdek kadrlarning kasbiy tayyorgarligi sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarurligi asoslantirilgan;
onlayn monitoring qilish va vizual kuzatuvlar o‘tkazish, maxsus himoyalangan elektron ma’lumotlar bazasidan bevosita foydalanish bilan bog‘liq prokuror vakolatlarini qonunchilikda aks ettirish lozimligi asoslangan;
prokuratura organlari faoliyatiga oid qonun hujjatlarida oliy ta’limni isloh qilishga oid konsepsiyalarning amalga oshirilishi, oliy ta’lim muassasalarini xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ilg‘or xorijiy va zamonaviy pedagogik innovatsiyalar joriy etilishi, oliy ta’limning sifati va samaradorligini oshirish, ilmiy-pedagogik va ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish bilan bog‘liq vazifalarni belgilash zarurligi asoslantirilgan;
oliy ta’lim tizimida amal qilayotgan reyting tizimini isloh qilish, xususan, reyting (baholash) daftarchasi yuritish tizimini bekor qilish, reyting ballari va baholarini guruh jurnalida qayd qilish o‘rniga talabalarga baholarini elektron xabardor qilish tartibini joriy etish, professor-o‘qituvchilarning ish hujjatlarini optimallashtirish lozimligi asoslangan;
oliy ta’lim muassasalarida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, bilimlarni baholashda adolat va shaffoflikni ta’minlash, o‘quv yuklamalarini optimallashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish natijasida oliy ta’lim muassasalari xodimlarining mehnat samaradorligini oshirish zarurligi asoslantirilgan;
fuqarolarga birinchi kurs birinchi semestrda o‘qishni qayta tiklash huquqini berish lozimligi asoslangan;
oliy ta’lim muassasalarini baholash mezonlaridan biri sifatida bunday tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish tizimining samaradorligi, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun rahbariyatning ochiqligi, jismoniy va yuridik shaxslarning barcha murojaatlariga javob berishning holatini belgilash zarurligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Oliy ta’lim muassasalarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirishga oid tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ta’lim muassasalarini boshqarish bo‘yicha maxsus vakolatga ega bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari tomonidan o‘quv dasturlarini doimiy takomillashtirib borish, shuningdek kadrlarning kasbiy tayyorgarligi sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha berilgan takliflar 2020 yil 23 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni (O‘RQ-637-son) 26-moddasi o‘n birinchi xatboshisiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2020 yil 2 dekabrdagi 06-15/2068-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi oliy ta’lim muassasalarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratining asl maqsadi – oliy ta’lim sifatini ta’minlash va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qilgan;
onlayn monitoring qilish va vizual kuzatuvlar o‘tkazish, maxsus himoyalangan elektron ma’lumotlar bazasidan bevosita foydalanish bilan bog‘liq prokuror vakolatlarini qonunchilikda aks ettirish haqidagi taklifi «O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarini 2021–2023 yillarda haqiqiy «xalq prokuraturasi»ga aylantirish konsepsiyasi» loyihasining «prokuratura organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini yanada keng tatbiq etish, shu jumladan «Yagona monitoring», «Prokuror nazorati» elektron axborot tizimini joriy etish»ga oid normalarida o‘z ifodasini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2021 yil 25 martdagi 27/2-24005/21-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar oliy ta’lim muassasalarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini takomillashtirish bilan bir qatorda oliy ta’lim muassasalarida ta’limning sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
prokuratura organlari faoliyatiga oid qonun hujjatlarida oliy ta’limni isloh qilishga oid konsepsiyalarning amalga oshirilishi, oliy ta’lim muassasalarini xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ilg‘or xorijiy va zamonaviy pedagogik innovatsiyalar joriy etilishi, oliy ta’limning sifati va samaradorligini oshirish, ilmiy-pedagogik va ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish bilan bog‘liq vazifalarni belgilash haqidagi taklifdan «O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarini 2021–2023 yillarda haqiqiy «xalq prokuraturasi»ga aylantirish konsepsiyasi» loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2021 yil 25 martdagi 27/2-24005/21-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi oliy ta’lim muassasalarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilish mexanizmini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
oliy ta’lim tizimida amal qilayotgan reyting tizimini isloh qilish, xususan, reyting (baholash) daftarchasi yuritish tizimini bekor qilish, reyting ballari va baholarini guruh jurnalida qayd qilish o‘rniga talabalarga baholarini elektron xabardor qilish tartibini joriy etish, professor-o‘qituvchilarning ish hujjatlarini optimallashtirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi PF–5729-son Farmoni ijrosi bo‘yicha ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan 2019 yil 30 avgustda tasdiqlangan «Oliy ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishni takomillashtirish va «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish buyicha «Yo‘l xaritasi» 17-bandiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2020 yil 10 noyabrdagi 10.1/27-20-142-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni va ish yuritish hujjatlarini elektronlashtirish ta’lim jarayoni samaradorligi hamda oliy ta’lim muassasalarida qonunchilikka rioya etilishi ustidan prokuror nazoratining asosiy vazifalaridan biri – huquqbuzarliklarni oldini olishga xizmat qilgan;
oliy ta’lim muassasalarida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, bilimlarni baholashda adolat va shaffoflikni ta’minlash, o‘quv yuklamalarini optimallashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada kengroq joriy etish natijasida oliy ta’lim muassasalari xodimlarining mehnat samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF–5847-son Farmoni 1-ilovasi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining 3-bob 8-paragrafiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 13 iyuldagi 89-03-2527-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar professor-o‘qituvchi va talaba o‘rtasidagi baholash jarayonida vizual aloqani qisqartirish, oliy ta’lim muassasalarida qonunchilikka rioya etilishi ustidan prokuror nazoratining asl maqsadi hisoblangan talabalar bilimini baholashda ob’ektivlik, shaffoflik va adolatlilikn i ta’minlash, professor-o‘qituvchi faoliyatida mehnat unumdorligiga erishishga xizmat qilgan;
fuqarolarga birinchi kurs birinchi semestrda o‘qishni qayta tiklash huquqini berish bo‘yicha berilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 apreldagi «Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida» 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 360-son qarori bilan Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-bobi 9-bandi beshinchi xatboshisiga o‘zgartirish kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 13 iyuldagi 89-03-2527-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif talabalarning ta’lim olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini yanada kengaytirish va kafolatlashga xizmat qilgan;
oliy ta’lim muassasalarini baholash mezonlaridan biri sifatida bunday tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish tizimining samaradorligi, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun rahbariyatning ochiqligi, jismoniy va yuridik shaxslarning barcha murojaatlariga javob berishning holatini belgilash to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2019 yil 16 dekabrdagi 16-mh, 16, 19-mh, 12-2019, 18-q/q-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 27 yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3214) bilan tasdiqlangan Ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlari 7-bobi 17-bandi «a» kichik bandi sakkizinchi xatboshisiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining 2020 yil 8 iyuldagi 02-1030-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar oliy ta’lim muassasalarini turli xil huquqbuzarliklardan, shu jumladan, korrupsiyadan xoli, ochiq, ob’ektiv va shaffof attestatsiyadan o‘tkazishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish