Nishanbaev Sabir Zaripbaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston florasidagi Polygonum, Alhagi, Quercus va Platanus turkum o‘simliklarining fenol va terpenoid birikmalari», 02.00.10 - Bioorganik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/K25.
Ilmiy maslahatchi: Aripova Salimaxon Fazilovna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘simlik moddalari kimyosi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘simlik moddalari kimyosi instituti, DSc.02/30.01.2020.K/T.104.01.
Rasmiy opponentlar: Komilov Xojiasror Maksudovich, farmatsevtika fanlari doktori, professor; Abdulladjanova Nodira Gulomjanovna, kimyo fanlari doktori, professor; Abdullaev Shavkat Vaxidovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston hududida o‘suvchi Polygonum coriarium Grig., Alhagi canescens (Regel) B. Keller & Shap., Alhagi persarum Boiss. & Buhse, Alhagi pseudalhagi (M. Bieb.) Desv. Ex Shap., Quercus robur L. va Platanus orientalis L. o‘simliklarining fenol va terpenoid birikmalarini tadqiq qilish, ajratib olish, ularning kimyoviy tuzilishi va fazoviy konfiguratsiyasini zamonaviy fizik-kimyoviy usullar yordamida aniqlash, adabiyotlarda ma’lum bo‘lgan birikmalarni identifikatsiya qilish hamda farmakologik xossalarini aniqlash va ular asosida tibbiyot uchun zarur dori vositasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba Polygonum coriarium, Alhagi canescens, Alhagi persarum, Alhagi pseudalhagi, Quercus robur va Platanus orientalis o‘simlik turlaridan 35 dan ortiq fenol moddalar ajratib olingan, ularning kimyoviy tuzilishlari kimyoviy va fizikaviy tadqiqot usullari yordamida aniqlangan, shuningdek ushbu tur o‘simliklarning uchuvchan terpenoid birikmalari tarkibi aniqlangan;
Polygonum coriarium o‘simlik turidan 5 ta fenol birikmalar ajratib olingan va 51 ta uchuvchan birikmalar identifikatsiya qilingan;
Alhagi canescens o‘simlik turidan 13 ta flavonoidlar hamda 1 ta siklik spirt D-pinitol individual holda ajratib olingan va efir moyi tarkibidagi 70 ta uchuvchan birikmalari identifikatsiya qilingan;
Alhagi persarum o‘simlik turidan 5 ta flavonoidlar individual holda ajratib olingan va efir moyi tarkibidagi 94 ta uchuvchan birikmalar identifikatsiya qilingan;
birinchi marotaba Alhagi pseudalhagi o‘simligi er ustki qismining poliprenol gomologlari tarkibi o‘rganilgan, olingan natijaga ko‘ra ushbu o‘simlik poliprenollari bog‘langan holda uchrashi va izopren qoldiqlari soni n=11-12 ga tengligi aniqlangan;
biologik faol izoramnetin va narsissin flavonoidlarining, shuningdek diabetga qarshi, gipoglikemik xususiyatlarga ega bo‘lgan siklik spirt D-pinitolning yangi istiqbolli o‘simlik manbai (Alhagi canescens) topilgan;
Alhagi canescens va Alhagi persarum o‘simlik turlarining efir moylari mikroblarga qarshi komponentlarning manbai ekanligi aniqlangan;
Quercus robur po‘stlog‘idan 7 ta fenolkarbon kislotasi individual holda ajratib olingan va identifikatsiya qilingan;
ilk bor Platanus orientalis po‘stlog‘idan 3 ta monomer va dimer holdagi hamda 4 ta yangi oligomer proantotsianidinglikozidlar individual holda ajratib olingan va tuzilishlari isbotlangan;
ajratib olingan yangi oligomer proantotsianidinlarning monomerlari o‘zaro flavanlararo S4C8 va S4S8 bog‘lar orqali bog‘langanligi, monomer tarkibi ()-epikatexin, ()-epikatexin-3-O-gallat, (+)-katexin-3-O-gallat, ()-epigallokatexin-3-O-gallat hosilalarining oligomerlaridan tashkil topgan, glikozillangan va atsilglikozillangan proantotsianidinlar ekanligi aniqlangan;
mahalliy Polygonum coriarium o‘simligining polimer proantotsianidinlari asosida gipoksiyaga qarshi ta’sirga ega bo‘lgan «Katatsin» dori vositasi yaratilgan hamda ushbu dori vositasi substansiyasini olish usulining laboratoriya va tajriba ishlab chiqarish reglamentlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston hududida o‘suvchi Polygonum coriarium, Alhagi canescens, Alhagi persarum, Alhagi pseudalhagi, Quercus robur va Platanus orientalis o‘simliklarining fenol va terpenoid birikmalarini tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
gipoksiyaga qarshi ta’sirga ega bo‘lgan dori vositani olish usuli uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 05061, 2015 y.). Natijada mahalliy xom ashyodan gipoksiyaga qarshi vosita, ya’ni kislorod etishmovchilikda ishlatiladigan dori vositasi yaratish imkonini bergan;
yaratilgan dori vositasining savdo nomi uchun «Ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi» (raqam DV/M 01565/06/17 (06.06.2017 y.)) olingan;
«Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazi» DUK Farmakologiya qo‘mitasi tomonidan klinik sinovlardan o‘tkazish maqsadida 3 ta klinik bazalarga ruxsat berilgan (Farmakologiya Qo‘mitasining 2017 yil 7-iyundagi 29/03-732-son ma’lumotnomasi). Natijada, Respublikada shu turdagi dori vositalarining importi o‘rnini bosuvchi yangi dori vosita olish imkonini bergan;
Polygonum coriarium, Alhagi canescens, Alhagi persarum, Alhagi pseudalhagi, Quercus robur va Platanus orientalis o‘simliklarining fenol va terpenoid birikmalarini tadqiq qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar impakt-faktori yuqori bo‘lgan yetakchi 30 dan ortiq xorijiy ilmiy jurnallarda tabiiy birikmalarni identifikatsiya qilish va tuzilishini aniqlashda hamda boshqa kerakli ma’lumotlar olishda foydalanilgan (Carbohydrate Polymers, 2019, Vol. 211 (1), JCR, IF 7.182; Journal of Molecular Liquids, 2015, Vol. 212, JCR, IF 5.065; Frontiers in Microbiology, 2020, Vol. 11, JCR, IF 4.235; Microorganisms, 2020, Vol. 8, JCR, IF 4.152; Journal of Natural Products, 2020, Vol. 83 (10), JCR, IF 3.779; Journal of Ethnopharmacology, 2012, Vol. 143 (1), JCR, IF 3.690; Journal of Water Process Engineering, 2021, Vol. 39, JCR, IF 3.465; Phytochemistry, 2016. Vol. 130, JCR, IF 3.044; Fitoterapia, 2012, Vol.83 (2), JCR, IF 2.527 va boshqalar). Natijada, o‘simliklardan ajratib olingan fenol va terpenoid birikmalarning tuzilishini isbotlash va mazkur o‘simliklarning kimyoviy tarkibi to‘g‘risida ma’lumotlar olish imkonini bergan;
ajratilgan yangi proantotsianidinlarning kimyoviy tuzilishlari va fizikaviy xususiyatlari aniqlanib, xalqaro maxsus lug‘at «Dictionary of Flavonoids» (Taylor&Francis Group CRC Press) ma’lumotlar bazasiga 1255211-38-1, 1255211-63-2, 882995-48-4 raqamlari ostida kiritilgan. Natijada, yangi birikmalarga o‘xshash moddalarning tuzilishi va fizikaviy xususiyatlarini tavsiflashda taqdim etilgan ma’lumotlardan soha olimlariga foydalanish imkonini bergan;
dissertatsiya mavzusiga taalluqli Alhagi turkumiga mansub o‘simliklarning fitokimyoviy tarkibi, biologik faolliklari va ular asosida yaratilayotgan dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar bo‘yicha butun dunyo ilmiy ma’lumotlarini to‘plab «Metaboliti rasteniy roda Alhagi» mavzusida monografiya chop etilgan bo‘lib, mazkur monografiyadan Rossiyaning Xanta-Mansi avtonom okrugi-Yugra Surgut davlat Universitetining «XMAO-Yugraning yovvoyi o‘simliklarining polifenollarini ajratib olish va aniqlashning innovatsion texnologiyalari hamda ularning shimoldagi yoshga bog‘liq kasalliklarda geroprotektiv xususiyatlarini o‘rganish» mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasi doirasida ajratilgan polifenol birikmalarning kimyoviy tuzilishini va antioksidant, membranani barqarorlashtiruvchi xususiyatlarini aniqlashda, flavonoidlar, ularning farmakologik ta’sir mexanizmi va biologik faolligining kimyoviy tuzilishga bog‘liqligini tushuntirish, shuningdek, o‘quv jarayonida 04.06.01-Kimyo fanlari yo‘nalishi bo‘yicha aspirantlarning dissertatsiya ishlarini tayyorlash va o‘qitishda foydalanilgan (Surgut davlat universitetining 2020 yil 2-dekabrdagi 12-35-07/46-son ma’lumotnomasi). Natijada, «Bioorganik kimyo» yo‘nalishidagi magistrant talabalarning dissertatsiya yozishlari uchun to‘liq ma’lumotlar olish imkonini bergan.