Eshonqulov Jamoliddin Saporboy o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kuzgi bug‘doydan keyin parvarishlanadigan moyli ekinlar soya va kungaboqar navlarining maqbul sug‘orish tartibini ishlab chiqish”, 06.01.02–Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Qx443.
Ilmiy rahbar: Shamsiev Akmal Sadirdinovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Isaev Sabirjan Husanbaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Sattarov Mas’udjon Axtamovich qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z, Qashqadaryo viloyatining o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida takroriy ekilgan soya, kungaboqar navlarining o‘sishi, rivojlanishini, yuqori don va urug‘ hosili olishni ta’minlovchi maqbul sug‘orish tartibini ishlab chiqish hamda suv iste’molini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor sug‘oriladigan tipik bo‘z va o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlarda takroriy muddatlarda etishtirilgan soyaning “Arleta” va kungaboqarning “Navro‘z” navlarini tuproq namligi ChDNSga nisbatan 65-65-60% tartibda sug‘orilganda tuproqning suv-fizikaviy va agrokimyoviy xossalarining o‘zgarishiga ta’siri aniqlangan;
turli sug‘orish tartiblarida tipik bo‘z tuproqlarda 1 sentner don hosili olish uchun sarflangan suv miqdori soyaning “Arleta” navida 64,3 m3, kungaboqarning “Navro‘z” navida esa 113,9 m3 va o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlarda soyada 82,7 m3, kungaboqarda 130 m3 ga teng bo‘lishi aniqlangan;
tuproq namligining hisobiy qatlamini sug‘orish suvlari bilan turli me’yorlarda namlantirish fonida soya va kungaboqarning ildiz tizimi 40-45 sm chuqurlikgacha rivojlanishi aniqlangan;
sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlarda takroriy ekilgan soyaning “Arleta” navi donida oqsil miqdori 47,0%, moydorlik ko‘rsatkichi 23,9% va o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlarda esa oqsil 41,1%, moydorligi 20,4%, kungaboqarning “Navro‘z” navida tipik bo‘z tuproqlarda 58,4%, o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlarda 54,2% moy olish mumkinligi isbotlangan;
takroriy ekilgan soya va kungaboqarni tejamkor 65-65-60% sug‘orish tartibida parvarishlanganda yuqori iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tipik bo‘z va o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlar sharoitida takroriy ekin sifatida etishtiriladigan soya va kungaboqar navlarining sug‘orish tartiblari bo‘yicha o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
takroriy ekin sifatida ekilgan soya va kungaboqar navlaridan yuqori va sifatli hosil etishtirish agrotexnologiyalari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari asosida “Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida takroriy soya navlarining sug‘orish tartibi”, “Toshkent viloyatining sug‘oriladigan tipik bo‘z tuproqlari sharoitida takroriy ekin moyli kungaboqar navlarining sug‘orish tartibi” hamda “Qashqadaryo viloyatining o‘tloqlashib borayotgan taqirsimon tuproqlari sharoitida takroriy ekilgan soya va kungaboqar navlarining sug‘orish tartibi” mavzularida tavsiyanomalar ishlab chiqilgan va tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 3 dekabrdagi 02/027-4156-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanomalar qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar va tomorqa er egalari uchun takroriy ekin sifatida ekilgan soyaning “Arleta” va kungaboqarning esa “Navro‘z” navlarini etishtirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
soyaning “Arleta”, kungaboqarning “Navro‘z” navlarini iyul oyining birinchi o‘n kunligidan kechiktirmasdan ekish, tuproq namligi ChDNSga nisbatan 65-65-60% tartibda o‘suv davri davomida 4 marta (urug‘ suvi bilan), mavsum davomida 2435 m3/ga me’yorda sug‘orish agrotexnologiyalari Toshkent viloyati Qibray tumanida 4,8 gektar, O‘rta Chirchiq tumanida 18 gektar, Yuqori Chirchiq tumanida 8,2 gektar, Ohangaron tumanida 11 gektar, Oqqo‘rg‘on tumanida 12 ga, jami 54 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 3 dekabrdagi 02/027-4156-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu navlardan andoza navlarga nisbatan bir marta sug‘orish soni kam bo‘lishi hisobiga sug‘orish suvlari tejalishiga erishilgan, soyadan 24,4 s/ga, kungaboqardan esa 27,1 s/ga don va urug‘ hosili olingan, soyadan 1325 ming so‘m, moyli kungaboqardan esa 2024 ming so‘m sof foyda olingan, rentabellik darajasi 103 va 140 foizni tashkil etgan;
takroriy muddatlarda soyaning “Arleta”, kungaboqarning “Navro‘z” navini iyul` oyining birinchi o‘n kunligidan kechiktirmasdan ekish, tuproq namligi ChDNSga nisbatan 65-65-60% tartibda, mavsum davomida 3 marta 2251 m3/ga me’yorda sug‘orish texnologiyalari Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida 8 gektar maydonga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 3 dekabrdagi 02/027-4156-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu navlardan andoza navga nisbatan bir marta sug‘orish soni kam bo‘lishi hisobiga sug‘orish suvlari tejalishiga erishilgan va soyada 23,1 s/ga, kungaboqarda esa 26,4 s/ga don va urug‘ hosili olingan hamda gektaridan soyadan 1151 ming so‘m, moyli kungaboqardan esa 1558 ming so‘m sof foyda olingan, soyada 86,6 foiz, kungaboqarda 76,8 foiz rentabellikka erishilgan.