Urunova Zaxro Nizomitdinovnaning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek tilida defektologiya terminlari», 10.00.01 – O‘zbek tili. 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil1701.
Ilmiy rahbar: Lutfullaeva Durdona Esonovna, filologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03.
Rasmiy opponentlar: Sobirov  Abdulhay Shukurovich, filologiya fanlari doktori, professor; Pardaev Azamat Baxronovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi defektologik tushuncha va terminlarning shakllanish tarixi, prototerminlar, o‘zbek tili “defektologiya” terminologik maydonining leksik-semantik xususiyatlari, defektologiya terminosistemasining boyish manbalari, ularning struktural-yasalish xususiyatlari va takomillashtirish masalalarini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
defektologiya tibbiyot, fiziologiya, psixologiya, pedagogika, lingvistika kabi bir qator fanlar bilan hamkorlikdagi integrativ soha bo‘lganligi uchun mazkur fanlardagi muayyan terminlarning defektologiya terminosistemasidan ham joy olganligi va katta miqdorni tashkil etishi dalillangan;
defektologiya terminlarini funksional-semantik maydonga birlashtiruvchi arxisemaning “normal rivojlanishdan og‘ish, rivojlanishning buzilishi va bu buzilishlarni o‘nglash” tarzidagi umumlashtiruvchi ma’nodan iboratligi, ana shu asosda “defektologiya” terminologik maydonining yuzaga kelishi dalillangan;
o‘zbek tili “defektologiya” terminologik maydonining 6 ta mikromaydonga ajralishi, bu mikromaydonlarning o‘z navbatida yana ichki leksik-semantik guruhlarga bo‘linishi ko‘rsatib berilgan;
“defektologiya” terminologik maydonida leksik-semantik munosabat-ning giponimiya, sinonimiya, antonimiya, omonimiya kabi turlari namoyon bo‘lishi, ammo giponimiya tildagi eng fundamental paradigmatik munosabat sifatida alohida o‘rin tutishi asoslangan;
o‘zbek tili defektologiya terminlari tarkibida, ayniqsa, jismoniy va ruhiy buzilish, patologiyaga oid atamalar orasida yunon-lotin tiliga oid o‘zlashmalar ko‘proq uchrashi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilidagi defektologiya terminlarining lisoniy xususiyatlarini o‘rganish asosida:
o‘zbek tilidagi defektologiya terminlarining semantik strukturasi yuzasidan asoslangan nazariy xulosalar, hozirgi o‘zbek tilidagi 20 dan ortiq termin (duduq, kar, soqov, odamovilik, defektologiya, logoped, logopediya, surdolog, surdopedagogika, shizofreniya, gunglik,  qulog‘i og‘ir (lik), tili chuchuk (lik) kabi)ning ma’nolariga berilgan leksikografik izohlardan lotin yozuvidagi «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 10 iyundagi 3/1255-1704-son ma’lumotnomasi). Natijalar asosida lug‘at yangi terminlar bilan boyigan, mavjud terminlarning leksikografik izohlari mukammallashgan, ma’no ottenkalari konkretlashgan; 
o‘zbek tilidagi defektologiya terminlari bilan bog‘liq xulosalardan O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida 2017-2020 yillarda amalga oshirilgan “O‘zbek tilining mustaqillik davri taraqqiyoti” fundamental loyihasida terminlarning ilmiy uslubni shakllantirishdagi o‘rnini ochib berishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2021 yil 10 iyundagi 3/1255-1704-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihaning alohida yo‘nalishi bo‘lgan ilmiy uslub qismi yangi qarashlar bilan boyigan;
o‘zbek tilida defektologiya terminlarining shakllanish tarixi, terminlar tarkibi va ularning ma’nolari, soha terminlarining maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi va oliy ta’lim tizimida qo‘llanishi haqidagi xulosalardan O‘zbekiston teleradiokompaniyasining “Madaniyat va ma’rifat” telekanalida efirga uzatilgan “Til ziynati”, “Zamonaviy ta’lim” ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokompaniyasining 2021 yil 16 iyundagi 01-15/119-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar tatbiqi ko‘rsatuvlarning ilmiy-ommabopligini, ilmiy natijalarga asoslanganligini ta’minlagan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish