Sunnatov Vohid Toshmurodovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mansab soxtakorligiga qarshi kurashning jinoyat-huquqiy va kriminologik jihatlari», 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Yu359.
Ilmiy rahbar: Salaev Nodirbek Saparbaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: KabulovRustam, yuridik fanlar doktori, professor; Turg‘unboev Elbekjon Odiljonovich, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi mansab soxtakorligining tarkibini kompleks tahlil qilish, mazkur jinoyat ob’ektiv va sub’ektiv belgilarining mazmuni va mohiyatini tushunishga nisbatan to‘g‘ri ilmiy yondashuvni ishlab chiqish, unga doir normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, tergov va sud amaliyotini yaxshilash, ushbu jinoyatning oldini olish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mansab soxtakorligining sub’ekti «davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsi» ekanligining qonunda aniq ko‘rsatilishi lozimligi asoslantirilgan;
davlat xaridlari jarayonida mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlarni soxtalashtirish uchun javobgarlik belgilash lozimligi asoslantirilgan;
mansabdor shaxslarning tovar (xizmat) realizatsiya qilinganligiga oid hujjatlarning soxtalashtirishi soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) sifatida e’tirof etilishi lozimligi asoslantirilgan;
mansabdor shaxsning talon-toroj jinoyatini yashirish yoki javobgarlikni engillashtirish maqsadida rasmiy hujjatlarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va yozuvlar kiritganligi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda mansab soxtakorligi jinoyatlarining majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Mansab soxtakorligi uchun jinoiy javobgarlik hamda uning oldini olish masalalarini tadqiq etishning ilmiy natijalari asosida:
mansab soxtakorligi jinoyatining sub’ekti davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsi ekanligini qonunda mustahkamlash lozimligi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 20 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunining 
5-moddasi o‘n to‘rtinchi xatboshisida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021 yil 12 yanvardagi 06/1-05/3700-sonma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi davlat xaridlari sohasida mansabdor shaxslar tomonidan sodir etiladigan mansab soxtakorligiga oid qilmishlar uchun javobgarlik belgilanishiga xizmat qilgan;
davlat xaridlari jarayonida mansabdor shaxslarning hujjatlarni soxtalashtirishi va korrupsiyaning namoyon bo‘lishini cheklash lozimligiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 9 apreldagi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunining 40-moddasi to‘qqizinchi xatboshisida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2020 yil 29 dekabrdagi 12/20-29-sonma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi davlat xaridlari sohasida mansabdor shaxslar tomonidan sodir etiladigan mansab soxtakorligiga oid qilmishlar uchun javobgarlik belgilashga xizmat qilgan;
mansabdor shaxslar tomonidan tovar (xizmat) realizatsiya qilinganligidan dalolat beruvchi hujjatlarni almashtirish yoki soxtalashtirish soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) deb e’tirof etilishi lozimligi to‘g‘risidagi taklif 2019 yil 30 dekabrda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 223-moddasi uchinchi qismining oltinchi xatboshisida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2020 yil 29 dekabrdagi 12/20-29-sonma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi soliq sohasidagi mansabdor shaxslarning mansab soxtakorligiga oid qilmishlarini belgilash va chegarasini aniqlashga xizmat qilgan;
davlat mansabdor shaxsi talon-toroj jinoyatini engillashtirish yoki yashirish maqsadida rasmiy hujjatlarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va yozuvlar kiritgan bo‘lsa, uning qilmishi JK 167 va 209-moddalari yoki JK 167 va 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining «Jazolarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonunni iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga nisbatan qo‘llashning ayrim masalalari haqida»gi qarorining 8-bandi birinchi xatboshisida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2020 yil 22 dekabrdagi 08/UM-735-20-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning qabul qilinishi sud amaliyotida mansab soxtakorligi bilan bog‘liq qilmishlarni normalar raqobati mavjud bo‘lganida to‘g‘ri kvalifikatsiyasiga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish