Burxanov Xusniddin Mirodilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Internet xavfsizligini ta’minlashda milliy segment faoliyatining sotsiologik jihatlari»: 22.00.02 – «Ijtimoiy tuzilish, ijtimoiy institutlar va turmush tarzi» (sotsiologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/S73.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.20/30.12.2019.S.23.02.
Ilmiy rahbar: Kalanov Komil Qulaxmatovich, sotsiologiya fanlari nomzodi, professor.
Rasmiy opponentlar: Umurzakov Baxodir Xamidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Umarov Absalom Adilovich, sotsiologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi internet tizimida axborot xavfsizligini ta’minlash uchun milliy segmentni rivojlantirishni sotsiologik tadqiq etish orqali uning ijtimoiy xususiyatlarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
internet xavfsizligini ta’minlashda milliy segmentlar faoliyatining nazariy-metodologik asoslari, tizimli (fuqarolik jamiyatini rivojlantirish) va kommunikativ (internet orqali shaxslarni o‘zaro muloqoti asosida vujudga kelgan ijtimoiy fikrni shakllantirish) xususiyatlari, ijtimoiy jarayonlardagi o‘rni asoslangan;
ijtimoiy sohaga oid internet tizimida milliy segment faoliyatining xalqaro, rasmiy va norasmiy axborot manbalarining (chet el ijtimoiy tarmoqlari va buzg‘unchi g‘oyalar tarqatuvchi saytlar faoliyatini jamoatchilik fikriga, jumladan, mentalitetimiz va tarixan shakllangan milliy o‘ziga xosligimiz hamda milliy qadriyatlarimizga salbiy ta’siri) ta’siri tendensiyalari ochib berilgan;
internet kiber makoni, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning sotsial faolligi va ijtimoiylashuvi jarayonlari faoliyatini baholashda milliy segment saytlariga qo‘yilgan talab (axborot olish madaniyatini shakllantirish zarurligi va saytning interfaol ruknlari doimiy ravishda (haftasida kamida bir marotaba) yangilash, xavfsizlik talablariga mos bo‘lmagan reklamalarni taqiqlash) va mezonlar (axborotlarning 80 foizi foydali bo‘lishi) sotsiologik tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan;
milliy segment faoliyatini tartibga solishda ijtimoiy omillar (mazmundorlik va interfaollik omili, xususan, milliy segment saytlarining qiziqarli emasligi, ma’lumotlar bazasining qashshoqligi, yangilanmaganligi, onlayn forumlarning yo‘qligi, shuningdek, dizayn jihatdan ranglar uyg‘unligidan foydalanilmaganligi, mobil versiyalarning yo‘qligi, tashkiliy jihatdan kadrlar, shtatlarning etishmasligi)ning ahamiyati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Internet xavfsizligini ta’minlashda milliy segment faoliyatining sotsiologik jihatlarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
internet xavfsizligini ta’minlashda milliy segmentlar faoliyatining nazariy-metodologik asoslari, tizimli (fuqarolik jamiyatini rivojlantirish) va kommunikativ (internet orqali shaxslarning o‘zaro muloqoti asosida vujudga kelgan ijtimoiy fikrni shakllantirish) xususiyatlari, ijtimoiy jarayonlardagi o‘rni asoslanganligiga oid taklifidan 5A210101 – (Sotsiologiya yo‘nalishi bo‘yicha) magistratura mutaxassisligi talabalariga o‘qitiladigan «Axborot kommunikatsion texnologiyalar va tizimlar» hamda «Xavfsizlik sotsiologiyasi» fanlari bo‘yicha uslubiy qo‘llanma, darsliklar yaratishda, fanning o‘quv dasturini yangilashda, ushbu fanlardan ma’ruza, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 noyabrdagi 89-03-4549-son ma’lumotnomasi). Natijada, bu sotsiologiya yo‘nalishidagi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, o‘quv dasturlarini yanada boyitish imkonini bergan;
ijtimoiy sohaga oid internet tizimida milliy segment faoliyatining xalqaro, rasmiy va norasmiy axborot manbalarining (chet el ijtimoiy tarmoqlari va buzg‘unchi g‘oyalar tarqatuvchi saytlar faoliyatini jamoatchilik fikriga, jumladan, mentalitetimiz va tarixan shakllangan milliy o‘ziga xosligimiz hamda milliy qadriyatlarimizga salbiy ta’siri) ta’siri tendensiyalariga oid taklifidan «Yoshlarning O‘zbekiston internet milliy segmentidagi ishtirokining sotsiologik jihatlari» mavzusidagi sotsiologik tadqiqot dasturi va anketasidan metodologik tavsiya, qiyosiy statistik ma’lumot sifatida foydalanilgan («Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining 2020 yil 18 dekabrdagi 01-16/338-son ma’lumotnomasi). Natijada, bu axborot xavfsizligini ta’minlash va milliy saytlar faoliyatining rivojlanish tendensiyalarini, ushbu jarayonning sotsiologik jihatlarini o‘rganish imkonini bergan;
internet kiber makoni, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarning sotsial faolligi va ijtimoiylashuvi jarayonlari faoliyatini baholashda milliy segment saytlariga qo‘yilgan talab (yangilash, xavfsizlik talablariga mos bo‘lmagan reklamalarni taqiqlash) va mezonlar sotsiologik tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilganligiga oid taklifidan «Yoshlar ongini buzg‘unchi g‘oyalardan asrash va internet tizimidagi axborotlarning milliy mentalitetimizga, milliy qadriyatlarga salbiy ta’siri jarayonini o‘rganish»ga bag‘ishlangan sotsiologik so‘rovnoma o‘tkazishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining 2020 yil 30 dekabrdagi 01/2-11-23-1033-son ma’lumotnomasi). Natijada, bu yoshlarning ijtimoiy faolligi, ularni buzg‘unchi g‘oyalardan asrash, milliy qadriyatlarimizni mustahkamlashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish va milliy segment faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
milliy segment faoliyatini tartibga solishda ijtimoiy omillar (mazmundorlik va interfaollik omili, xususan, milliy segmentning ahamiyati asoslanganligiga oid taklifidan «Kun.uz» sayti faoliyatida foydalanilgan («Kun.uz» internet axborot saytining 2020 yil 26 oktyabrdagi 42-son ma’lumotnomasi). Natijada, bu internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini ta’minlash uchun milliy segmentda faoliyat olib borayotgan saytlarni takomillashtirishga ta’sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy omillarni yanada takomillashtirish imkonini bergan.