Nasirova Zebiniso Azizovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kesar kesishdan keyin ayollarda qaytar kontratsepsiya usullarining ba’zi klinik-laborator jihatlari», 14.00.01 – Akusherlik va ginekologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Tib391.
Ilmiy rahbar: Negmadjanov Baxodur Boltaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat tibbiyot instituti, PhD.04/30.12.2019.Tib.102.01.
Rasmiy opponentlar: Askerov Arsen Askerovich (Qirg‘iziston) tibbiyot fanlari doktori, professor; Abdullaeva Lagiya Mirzatullaevna tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi kesar kesish o‘tkazilgan ayollarda qaytar kontratsepsiyaning differensial qo‘llanilish usullari bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kesar kesishdan keyin ayollar reproduktiv axloqi va salomatlik holatiga sof progestinli kontratsepsiya (SPK) qo‘llanilishi bachadondan atsiklik qon ketishi, bachadon ichi kontratsepsiya (BIK) qo‘llanilishi esa, qorin pastidagi og‘riq, ekspul`siya, hayz funksiyasining buzilishi kabi salbiy ta’sir qilishi aniqlangan;
kesar kesishdan keyin bachadon ichi vositasi intraoperatsion kiritilgan va kiritilmagan ikkala holatda ayollar qinining mikrobiotasi tarkibida Staphylococcus spp., Ent. Faecalis, Enterobacteriaceae spp., C.albicans, G.vaginalis kabi mikroorganizmlar sonining ortishi isbotlangan;
kesar kesish o‘tkazilgan ayollar immun tizimi gumoral bo‘g‘inidagi o‘zgarishlar natijasida IL-1β va IL-8 sitokinlar miqdor ko‘rsatkichlari yuqori daraja bo‘lishi bilan yirik kattalikdagi aylanib yuruvchi immun komplekslar (AIK) miqdorining ishonarli ortishi o‘zaro proporsional bog‘liqligi isbotlangan;
ayollarda abdominal tug‘ruqdan keyin qin mikrobiotasi va immun tizim gumoral bo‘g‘inidagi o‘zgarishlarga tayangan holda individual yondashuvlar natijasida qaytar kontratsepsiya usullari: sof progestinli kontratsepsiya va bachadon ichi vositalarini differensirlangan qo‘llanilishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kesar kesishdan keyin ayollarda qaytar kontratsepsiya usullarining ba’zi klinik-laborator jihatlarini aniqlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kesar kesish o‘tkazilgan ayollarning reproduktiv va salomatlik holati, qayta homiladorlikni kechiktirish, istalmagan homiladorlikning oldini olish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Abdominal tug‘ruqdan keyin ayollarda qaytar kontratsepsiya usuli» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 19 martdagi 8n-z/106-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma kesar kesish o‘tkazilgan ayollarda kontratsepsiyaning samarali, xavfsiz va qaytar usullarini qo‘llash homiladorlik rejasini samarali amalga oshirish imkonini bergan;
kesar kesishdan keyin ayollarning salomatlik holatiga individual yondashuv, hayot sifatini yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan «Zamonaviy akusherlikda kesar kesish operatsiyasi usuli» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 19 martdagi 8n-z/106-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma kesar kesish o‘tkazilgan ayollarda operatsiyadan so‘ng reproduktiv faoliyatni saqlab qolish, kelajakda sog‘lom farzand ko‘rish va oilani amalda samarali rejalashtirish imkonini bergan;
kesar kesishdan keyin ayollarda qaytar kontratsepsiya usullarini individual yondashuvlar asosida qo‘llash, reproduktiv salomatlikni saqlashga qaratilgan tadqiqot natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika reproduktiv markazi Samarqand filialiga, Samarqand shahar 1-son tug‘ruqxonasi hamda Oqdaryo tumani tibbiyot birlashmasi amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 16 apreldagi 8n-z/77-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar ayollarda operatsiyadan keyingi davrda kontratsepsiyaning arzon va uzoq muddatli usullarini qo‘llash, rejalashtirilmagan homiladorlik, sun’iy va o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladigan abortlar sonini kamaytirish bilan intergenetik intervalni uzaytirishga, ona va homila uchun salbiy oqibatlarsiz kechadigan keyingi homiladorlik rejasini tuzishga imkon bergan.