Jumanov Vaydulla Ibadullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Turg‘un shakldagi so‘roq gaplarning muloqot matnida qo‘llanishi (ingliz tili materialida)”, 10.00.04 – “Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil401.
Ilmiy rahbar: Safarov Shahriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/30.12.2019.Fil/Ped.83.01.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raeva Maloxat Muxammadovna filologiya fanlari doktori, dotsent; Sa’dullaeva Nilufar Azimovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi so‘roq gaplarni alohida guruhlarga ajratib, ularning matn tarkibida ma’lum vaziyatlarda qo‘llanishida namoyon bo‘ladigan pragmatik va kommunikativ xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bevosita va bilvosita kechadigan muloqot vaziyatlarida faollashadigan nutqiy tuzilmalar majmuasida so‘roq gaplarning bajaradigan shaxslararo munosabatlar, so‘zlovchi nuqtai-nazarini ifodalash kabi kommunikativ vazifasi va adresant, resepient kabi kommunikativ maqomi aniqlangan;
turg‘un shakldagi so‘roq gaplarning pragmatik mazmun va sintaktik shakl uyg‘unligini ta’minlovchi grammatik hamda leksik-frazeologik xususiyatlari ajralmas yaxlitlikni tashkil qilishi aniqlanib, shu turkumdagi tuzilmalarning sintaktik derivatsiya qonuniyatlari asosida shakllanadigan struktur-semantik tuzilishi va muloqot vaziyatida namoyon bo‘ladigan kommunikativ–pragmatik xususiyatlarining o‘zaro bog‘liqligi dalillangan;
turg‘un shakldagi so‘roq gaplarning turli muloqot sharoitida namoyon bo‘ladigan semantik variantlashuvi, pragmatik ma’no ifodasiga mo‘ljallangan imkoniyatlari ko‘lami va matn doirasida yuzaga keladigan pragmatik ko‘pma’nolilik me’yorlarini aniqlashning lingvokognitiv usullari ishlab chiqilgan;
mazkur shakldagi gaplarning muloqot matnida turli mazmundagi nutqiy aktlarni voqelantirishga mo‘ljallangan leksik-grammatik hamda uslubiy imkoniyatlari aniqlanib, ularning ma’lum kontekstlarda faollashuviga ta’sir ko‘rsatadigan leksik-sintaktik hamda uslubga xos lisoniy va gender, yosh, ijtimoiy maqom kabi nolisoniy omillari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turg‘un strukturali so‘roq tuzilmalarning tabiatini o‘rganish va ularning nutqiy muloqot matnida faollashuvi bilan bog‘liq hodisalar tahlili asosida:
so‘roq gaplarning semantik-struktur hamda barqarorlik darajasini belgilash, pragmatik mazmunni faollashtiruvchi belgilar tahlili bo‘yicha erishilgan xulosalardan OT-F8-002– “Hozirgi zamon sivilizatsiyasining inson ijtimoiy qiyofasiga ta’siri” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 oktyabrdagi 89-03-4231-son ma’lumotnomasi). Natijada, nutqiy tuzilmalar tarkibida namoyon bo‘ladigan insonlararo munosabatlarning ijtimoiy va kommunikativ jihatlarini tadqiq etish tamoyillarini aniqlashga erishilgan;
odob nutqiy aktlariga oid tahlili asosida olingan ilmiy xulosalardan OT-F8-211 raqamli “XX asr O‘zbekiston madaniyati tarixi” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 oktyabrdagi 89-03-4231-son ma’lumotnomasi). Natijada, lisoniy muloqot madaniyatini shakllantirishni hurmat kategoriyasi tamoyillariga tobe holda amalga oshirilishi haqidagi ma’lumotlar zahirasi boyitilgan;
so‘roq gaplar modellarining diskursda voqelanishini ta’minlovchi pragmatik omillar tahlili natijalari I-204-4-5 raqamli “Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish” nomli innovatsion tadqiqot loyihasida foydalanilgan. (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 oktyabrdagi 89-03-4231-son ma’lumotnomasi). Natijada, frazeologik belgiga ega bo‘lgan so‘roq gaplar kommunikativ guruhlarga ajratilib, ularning shakl-mazmuni, barqarorlik darajasini belgilash bo‘yicha tavsiyalar yaratilgan va ushbu tavsiyalar xorijiy til ta’lim yo‘nalishlari uchun virtual resurslar yaratish amaliyotini osonlashtirgan;
tuzilmalarning struktur-semantik va kommunikativ-pragmatik xususiyatlarini aniqlashda o‘tkazilgan tahlil natijalari bo‘yicha xulosalar “5120100- Filologiya va tillarni o‘qitish”, “5111400- Xorijiy til va adabiyoti”, mutaxassisliklarining malaka talablariga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligining 2020 yil 27 oktyabrdagi 89-03-4231-son ma`lumotnomasi). Natijada, “Nazariy grammatika va fonetika”, “Qiyosiy tilshunoslik”, “Lingvistik tahlil metodlari” kabi fanlarni o‘qitishning sifati va samaradorligini oshirish, ushbu fanlar bo‘yicha o‘quv materiallarini takomillashtirishga erishilgan;
so‘roq gaplar kontekstida qo‘llangan til birliklarining til tizimiga va nutq odobi me’yorlariga oid ilmiy xulosalardan Qashqadaryo viloyati radiosining 2020 yil 4-5 sentyabrdagi “Fayzli kun” eshittirishining ssenariysini tuzishda foydalanilgan (Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 8 sentyabrdagi 688-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘rsatuvning ilmiy-ommabopligi ta’minlangan va yangi manbalar bilan boyitilgan.