Sagdiev Xabibullo Yodgorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Abu Ja’far tahoviyning «Aqida» asari va uning sharhlari – hanafiylik ta’limotiga oid manba», 07.00.05–Islom tarixi va manbashunosligi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tar1.
Ilmiy rahbar:Uvatov Ubaydulla Muradovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent islom universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent islom universiteti, DSc.27.06.2017.Tar/F/Fil.14/01.
Rasmiy opponentlar:Ostanakulov Ikromitdin, tarix fanlari doktori, dotsent; Ziyodov Shovosil Yunusovich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Abu Ja’far Tahoviyning hayoti va ilmiy merosi, shuningdek olimning «Aqida» asarini islomshunoslik, manbashunoslik nuqtai nazaridan ilmiy istifodaga kiritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hanafiylikning mo‘’tadil ta’limot sifatida diniy bag‘rikenglik va mutaassiblikdan xoli tamoyillari ta’sirida Abu Ja’far Tahoviyning shofiiylikdan hanafiylik mazhabiga o‘tish sabablari ochib berilgan;
Abu Ja’far Tahoviy va Abu Mansur Moturidiylarning hanafiylik e’tiqodiga oid masalalarni bayon qilishdagi o‘ziga xos qarashlari qiyosiy asosda ochib berilgan;
Tahoviy «Aqida» asari qo‘lyozma nusxalarining kodikologik tahlili natijasida XV asrda eski o‘zbek tiliga tarjima qilingan manbasi ilk bor aniqlangan;
«ahlu-s-sunna va-l-jamoa» vakillari orasida imonning shartlari borasidagi bahslar «Aqida» asariga yozilgan sharhlar orqali «lafziy» ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Abu Ja’far Tahoviy Qur’onning har bir oyatini mavzuiy uslubda hanafiy mazhabiga mos ravishda tafsir qilganligini ochib berish F1-039. «Movarounnahrda Qur’on va tafsir ilmlari taraqqiyoti, mashhur mufassirlar ilmiy merosining o‘lka ma’naviy hayotida tutgan o‘rni» mavzuidagi (2012–2016) fundamental tadqiqot loyihasida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 20 yanvardagi FTK-0313/68-son ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natija Tahoviy uslubining mustahkamligi, tafsiridagi diqqat-e’tibori o‘tkirligi va ahkom mufassirlari o‘rtasidagi yuqori mavqeidan darak berishligini aniqlash hamda hanafiy e’tiqodiga oid tafsirlarning bugungi kundagi mafkuraviy ahamiyatini yoritish imkonini bergan;
Tahoviyning «Aqida» asariga yozilgan sharhlar asosida nozik aqidaviy tushunchalarning an’anaviy islomda kelgan asl ma’nolarini yoritish orqali Ichki ishlar idoralari shaxsiy tarkibi o‘rtasida xodimlarning sof diniy ta’limot va soxta oqimlarning farqlari borasidagi dunyoqarashlarini boyitish maqsadida tayyorlangan dasturlarida keng foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2017 yil 21 yanvardagi 17/3-117-son ma’lumotnomasi). Qo‘lga kiritilgan ilmiy natijalar aqidaparast guruh vakillari tomonidan Qur’on va hadislardagi ma’lumotlarni g‘arazli maqsadlarga moslashtirib sharhlashi va shu orqali islom diniga e’tiqod qiluvchi mahalliy aholini o‘zlarining saflariga jalb qilish holatlarining oldini olishga xizmat qilgan;
o‘z zamondoshlari va boshqa taniqli islomshunos olimlar nazarida mashhur hanafiy faqihi, Qur’on va hadis ilmlari olimi Abu Ja’far Tahoviyning «Aqida» asari va asar sharhlarining nazariy-amaliy ahamiyati uch jihat bilan ilmiy qiymat kasb etgan. Avvalo, islom dini tarixi va uning tub mohiyati, milliy urf-odatlar va qadriyatlar bilan islom dinining tamoman o‘zgacha ma’no-mazmun kasb etishi, mafkuraviy tahdidlarning islom dini niqobi ko‘rinishida namoyon bo‘lishi, diniy va ma’naviy tarbiyaga global tarmoqlar orqali kirib kelayotgan islom dini niqobidagi fundamentalizm, ekstremistik va terroristik oqimlar ta’siri, talaba-yoshlarning diniy bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish orqali «diniy» tahdidning oldini olish usullari hamda vositalari chuqur tahlil etilgan(O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2017 yil 26 yanvardagi 01-11-06-606-son ma’lumotnomasi). Bu tahlillar yoshlarda yuqoridagi g‘arazli g‘oyalarga qarshi ilmiy asosli mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.