Sotvoldiev Nodirbek Jurabaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona mintaqasida oziq-ovqat bozorining amal qilish mexanizmini takomillashtirish», 08.00.012 – Mintaqaviy iqtisodiyot (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.DSc/Iqt111.
Ilmiy maslahatchi: Abdusalyamov Muxamadamin,iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Dsc.14/30.12.2019.I.84.01.
Rasmiy opponentlar: G‘ulomov Saidaxror Saidaxmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, akademik; Ruzmetov Baxtiyar, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Nizomov Asliddin Badriddinovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi «O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari» ilmiy tadqiqot markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi
Farg‘ona mintaqasida oziq-ovqat bozorining amal qilish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligini baholash uslubiyoti aholini minimal iste’mol xarajatlari, mahalliy talab va taklif, qo‘shni hududlar bilan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari asosida muvofiqlashtirilgan iste’mol va ishlab chiqarish balanslarini shakllantirish orqali takomillashtirilgan;
ekin maydonlarini cheklanganligi, demografik salohiyatning yuqoriligi, ishlab chiqarish imkoniyatlariga ko‘ra qoloq va ilg‘or tumanlarni guruhlash asosida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash asoslangan;
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari qishloq tumanlarida mavjud afzalliklardan kelib chiqib, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqishga ixtisoslashuvini amalga oshirish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish hisobiga sinergetik (hamkorlik) samara olish mumkinligi asoslangan;
Farg‘ona mintaqasida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va aholi iste’moli o‘rtasidagi zanjirni muvofiqlashtirish asosida oziq-ovqat bozorini 2030 yilgacha rivojlantirishning prognoz parametrlari ishlab chiqilgan;
Farg‘ona mintaqasini tashkil etuvchi viloyatlarning o‘zaro bog‘langan holda oziq-ovqat bozorini rivojlantirish va aholi ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan yagona maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi
Mintaqaviy oziq-ovqat bozorining amal qilish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar asosida:
mintaqaviy oziq-ovqat bozorining tarkibiy tuzilishini ifodalovchi nazariy-uslubiy yondashuvlarni takomillashtirish asosida ishlab chiqilgan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan «Agrosanoat majmuasi iqtisodiyoti» fan dasturini takomillashtirishda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 26 dekabrdagi 89-03-5159-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi agrosanoat majmuasi tarmoqlarini bozor tamoyillari asosida joylashtirish va ixtisoslashtirish bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish imkonini bergan;
oziq-ovqat xavfsizligi ilmiy konsepsiyasini mamlakatda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish talablari va bozor mexanizmi nuqtai nazaridan baholash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari Qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 30 avgustda qabul qilingan 483-I-son «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi Qonunini takomillashtirishda foydalanilgan (Agrar va suv xo‘jaligi masalalari Qo‘mitasining 2019 yil 27 dekabrdagi 04/4-05-168-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotda qo‘llanishi oziq-ovqat bozorini sifatli, xavfsiz va arzon mahsulotlar bilan to‘ldirish, eksport va import tarkibini takomillashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi tadbirlar uchun huquqiy asos yaratgan;
oziq-ovqat bozorida tarkibiy o‘zgarishlar tendensiyasini baholashga asoslangan iqtisodiy diagnostik model «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish barqarorligini baholashda foydalanilgan va shu asosda dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan («O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasining 2020 yil 28 yanvardagi BI/11-1-133-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarni joriy etilishi oziq-ovqat mahsulotlarining savdo xajmini 20 foizga oshirish imkonini bergan.
tabiiy-iqtisodiy va demografik omillar o‘rtasidagi korrelyasion bog‘liqlik asosida oziq-ovqat bozorining ierarxik tarkibini baholash taklifi «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tomonidan oziq-ovqat bozorining mintaqaviy sig‘imini aniqlashda va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan mavjud er resurslari va yalpi mahsulot o‘rtasidagi nomutanosibliklarni aniqlashda foydalanilgan («O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasining 2020 yil 28 yanvardagi BI/11-1-133-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2020 yil 28 avgustdagi 02/11-02/20-860-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifni joriy etilishi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning ixtisoslashgan zonalarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati klasterlarini samarali joylashtirish uchun qulay imkoniyat yaratgan;
oziq-ovqat bozorida sodir bo‘layotgan yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklarni aniqlab olish usullari asosida ishlab chiqilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonining «Hududlarning xususiyatlari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo to‘plangan joylarni hisobga olgan holda rivojlanishni cheklovchi omillarni batafsil baholash asosida qo‘shilgan qiymat zanjirini rivojlantirish» deb nomlangan 13-bandi ijrosi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2020 yil 28 avgustdagi 02/11-02/20-860-son ma’lumotnomasi). Takliflarni joriy etilishi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘shilgan qiymatning yillik o‘sishini 2021 yilda 3,0 foiz, 2025 yilda 5,0 foizga oshirish imkonini bergan;
Farg‘ona mintaqasida oziq-ovqat bozorini 2030 yilgacha bo‘lgan davrda rivojlanishining prognoz parametrlari bo‘yicha berilgan takliflari «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonining «Yetakchi qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan munosabatlarning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy qilish» deb nomlangan 8-bandi ijrosi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishda foydalanilgan («O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasining 2020 yil 28 yanvardagi BI/11-1-133 son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotda qo‘llanishi meva-sabzavotchilik tarmoqlarini barqaror rivojlanishini va bozor mexanizmlaridan keng foydalanishni ta’minlashga olib kelgan.