Nurmatov Abdujabbor Ne’matjonovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston aholisi moddiy ta’minotining tarixiy tahlili (Farg‘ona vodiysi misolida, 1985-2020 yy.)” 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari) 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2018.3.PhD/Tar324. 
Ilmiy rahbar: Mavrulov Abduxalil Abdulxaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Isakova Muxayo Srajidinovna, tarix fanlari doktori, Abdimo‘minov Oybek Bektemirovich, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1985-2020 yillarda aholi moddiy ta’minoti darajasi, muammolari va o‘zgarishlarni Farg‘ona vodiysi viloyatlari misolida ochib berish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qiluvchi taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asrning 80-yillari oxirlarida ob’ektiv va sub’ektiv sabablar tufayli mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy ahvolining og‘irlashib borishi va aholi moddiy ta’minotidagi muammolarning ortib borishiga yillar mobaynida mustamlakachilik siyosati asosida respublikaning imkoniyat va manfaatlari hamda aholi o‘sish sur’atlarining yuqoriligi va ko‘p farzandlilik, ishsizlar sonining ortib borishi, aholining aksariyat qismi qishloqlarda yashashi, barqaror daromadning yo‘qligi, hududning sust iqtisodiy rivojlanganligi kabi demografik xususiyatlar e’tiborga olinmaganligi natijasida yuzaga kelganligi asoslangan; 
sobiq sovet davrida asosiy e’tibor xom ashyoni dastlabki qayta ishlash va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilganligi, tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi engil va oziq-ovqat sanoati korxonalari moddiy-texnik bazasining etarli darajada rivojlantirilmaganligi ushbu soha mahsulotlarini ishlab chiqarishning miqdor va sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganligi ochib berilgan; 
mustaqillik yillarida tomorqa er maydonlarining kengaytirilishi oziq-ovqat mahsulotlari tizimida mahalliy ishlab chiqarish darajasining ortib borishi hamda qishloq aholisi bandligi va daromadlarini oshirishda muhim omillardan biri bo‘lganligi asoslangan; 
2017 yildan boshlab tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishdagi tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning soddalashtirilishi (Davlat xizmatlari markazlarining tashkil etilishi), tadbirkorlar qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimining takomillashtirilishi (Biznes-ombudsman, tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilishi), soliq imtiyozlarining joriy etilishi aholi orasida tadbirkorlikning keng yoyilishi hamda aholi bandligi va daromadlari, engil va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining ortishiga olib kelganligi ochib berilgan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Aholi moddiy ta’minoti tarixini tadqiq etish natijasida ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Farg‘ona vodiysi viloyatlari aholisining moddiy ta’minoti, qishloq xo‘jaligi hamda engil va oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, demografik holati kabi masalalar yoritilgan foto suratlar, statistik va arxiv materiallari asosida Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyida “Farg‘ona vodiysi aholisining moddiy ta’minoti (1985–2020 yillar)” nomli ko‘rgazma tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 3 martdagi 01-12-10-1137-son ma’lumotnomasi). Natijada, muzey hujjatlar fondini Farg‘ona vodiysi aholisi moddiy ta’minoti haqidagi yangi ilmiy ma’lumotlar bilan boyitish hamda keng ommaga taqdim etish imkonini bergan;
XX asr 80-yillarida O‘zbekiston SSRdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlar va ularning aholi moddiy ta’minotiga ta’siri, respublika aholisining bir qator ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ittifoq o‘rta darajasidan ham ortta qolganligi, “Qayta qurish” siyosatining O‘zbekiston aholisi moddiy ta’minotiga ko‘rsatgan ta’siri, paxta yakkahokimligi va uning boshqa turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi hamda aholi iste’mol darajasiga salbiy ta’siri, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish darajasi pasayib ketishiga doir materiallardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Tarixiy savol” ko‘rsatuvidan o‘rin olgan “Qayta qurish” siyosati va O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy faollikning kuchayishi” mavzusidagi sonini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2020 yil 14 yanvardagi 02-40-115-son ma’lumotnomasi). Natijada, keng jamoatchilik orasida Farg‘ona vodiysi aholisi moddiy ta’minoti haqidagi bilimlarini boyitishga xizmat qilgan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish