Rajabov Sherzod Umurzoqovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Pensiya tizimidagi tarkibiy o‘zgarishlarning asosiy yo‘nalishlari», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/Iqt258.
Ilmiy rahbar: Ahmadjon O‘lmasov, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.03/30.12.2019.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: G‘ulomov Saidaxror Saidaxmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Vaxabov Abduraxim Vosiqovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi pensiya tizimidagi tarkibiy o‘zgarishlarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berilgan sanadan boshlab, amal qilishining butun davrini pensiya hisoblab chiqarish uchun hisobga olinadigan mehnat stajiga kiritish taklif etilgan;
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorida pensionerlarga to‘lanadigan ustamalar, qo‘shimcha haq va kompensatsiyalar, pensiya jamg‘armasi tomonidan qoplanadigan turli nafaqalarni to‘lash asosida pensiya yoshidagi aholining real daromadlarini oshirish asoslangan;
pensiyani tayinlash uchun zaruriy mehnat stajini hisoblashda jismoniy shaxslarning daromad solig‘i hisobi bo‘yicha ma’lumotlarni kiritish taklif etilgan;
davlat byudjetidan subsidiya ajratish orqali byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining defisitini qoplash asosida moliyaviy barqarorlikni oshirish ta’minlangan;
aholi o‘rtasida ishsizlikni oldini olish bo‘yicha, davlat korxonalari va ularning tarkibiy bo‘linmalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov miqdorini 12 foiz miqdorida belgilash asosida aholini ish bilan ta’minlash, shuningdek, ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirish asoslangan;
ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda yoki o‘rtacha oylik ish haqi bazaviy miqdordan kam bo‘lganda pensiya hisoblashning bazaviy miqdorni inobatga olgan holda pensiya tayinlash taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Pensiya tizimidagi tarkibiy o‘zgarishlarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berilgan sanadan boshlab, amal qilishining butun davrini pensiya hisoblab chiqarish uchun hisobga olinadigan mehnat stajiga kiritish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 iyul`dagi «O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasini joriy etish to‘g‘risida»gi VMQ-566-son qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 18 noyabrdagi 06/04-02-01-34/3541-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy qilinishi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning mehnatlarini rag‘batlantirish orqali aholi o‘rtasida ishsizlik sonining kamayishiga hamda pensiya tizimi ishtirokchilari soni 597 ming nafarga oshishiga xizmat qilgan;
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorida pensionerlarga to‘lanadigan ustamalar, qo‘shimcha haq va kompensatsiyalar, pensiya jamg‘armasi tomonidan qoplanadigan turli nafaqalarni to‘lash asosida pensiya yoshidagi aholining real daromadlarini oshirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 maydagi «Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-5723-son farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 18 noyabrdagi 06/04-02-01-34/3541-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida 2020 yil davomida 4,9 trln.so‘m pul mablag‘lari pensionerlarning real daromadlari oshishi uchun yo‘naltirilishiga erishilgan;
pensiyani tayinlash uchun zaruriy mehnat stajini hisoblashda jismoniy shaxslarning daromad solig‘i hisobi bo‘yicha ma’lumotlarni kiritish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 1 fevral`dagi «Fuqarolarning pensiyalarini hisoblash uchun zarur bo‘lgan hisoblangan ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishni joriy etish chora-tadbirlari haqida»gi VMQ-80-son qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 18 noyabrdagi 06/04-02-01-34/3541-son ma’lumotnomasi). Natijada, pensiyalarni tayinlash va hisoblash jarayonini raqamlashtirish asosida soddalashtirish, ushbu jarayonda inson omili ishtirokini minimallashtirish orqali korrupsion holatlarni oldini olishga erishilgan;
davlat byudjetidan subsidiya ajratish orqali byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining defisitini qoplash asosida moliyaviy barqarorlikni oshirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 9 dekabrdagi «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi O‘RQ-589-son qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 18 noyabrdagi 06/04-02-01-34/3541-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 2020 yilda davlat byudjetidan 8,0 trln. so‘m pul mablag‘i ajratish orqali jamg‘arma moliyaviy barqarorligini ta’minlashga erishilgan;
aholi o‘rtasida ishsizlikni oldini olish bo‘yicha, davlat korxonalari va ularning tarkibiy bo‘linmalari uchun yagona ijtimoiy to‘lov miqdorini 12 foiz miqdorida belgilash asosida aholini ish bilan ta’minlash, shuningdek, ish beruvchilarni qo‘llab-quvvatlash tizimini shakllantirish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5837-son farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2020 yil 19 noyabrdagi 4-8/4-20-3174-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy qilinishi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisobida 2020 yil davomida 2,7 trillion so‘m pul mablag‘i jamg‘arib qolinishi orqali 2021 yil davomida 6641 ta yangi ish o‘rinlarini tashkil etish imkonini bergan;
ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda yoki o‘rtacha oylik ish haqi bazaviy miqdordan kam bo‘lganda pensiya hisoblashning bazaviy miqdorni inobatga olgan holda pensiya tayinlash bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 3 dekabrdagi «Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-586-son qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2020 yil 19 noyabrdagi 4-8/4-20-3174-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini munosib pensiya bilan ta’minlash orqali aholi jamg‘armalari miqdorini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish imkoniyati oshirilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish