Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan “Biologiya fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari” mavzuida tadbir tashkil etildi.
Mamlakatimizda innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va ularni biologiyaning turli sohalarida qo‘llash orqali yuqori samarali biotexnologik tadqiqotlarni jahon talablari asosida rivojlantirish hamda olingan ilmiy natijalarni qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, farmatsevtika, atrof-muhit muhofazasi va shu kabilarga tatbiq etish yuzasidan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi to‘rt yil davomida mazkur fan yo‘nalishida 254 nafar talabgor ilmiy darajalarda tasdiqlangan. Jumladan, introduksiya, genotexnologiyaning zamonaviy usullaridan foydalangan holda g‘o‘zaning ingichka uzun tolali, o‘rta tezpishar, yuqori rentabelli navlari yaratilgan va ularga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patentlari olindi. Bu g‘o‘za va bug‘doy navlarining hosildorligini oshirish hamda sifatli urug‘lar olish imkonini yaratmoqda.
Molekulyar-genetik yondashuvlar asosida O‘zbekistonning qadimiy mahalliy yumshoq bug‘doy navlarining miqdoriy va qimmatli xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan zamburug‘larga, qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgan navlari yaratilgan. Odam gepatit virusi yuza antigeni va boshqa kasalliklarni, shuningdek, narkotik moddalar iste’mol qiluvchi shaxslarni aniqlash uchun test-sistemalar ishlab chiqilgan. Molekulyar genetika asosida mieloproliferativ kasalliklarni erta tashxis qilish hamda uning giperkoagulyasiya sindromining asosiy genlari aniqlanib, klinik amaliyotga tatbiq etilgani esa tahsinga loyiq.
– Shuningdek, Orol dengizining qurishi hisobiga flora va faunani, zooplanktonning o‘zgarib borishi, inson organizmiga salbiy ta’siri va ularni tiklash imkoniyatlari asoslandi, – dedi Oliy attestatsiya komissiyasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Mamadaliev. – Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining mahalliy bo‘limlari hududlarning o‘simliklar qoplami inson omili ta’sirida o‘zgarishi, fauna turlar tarkibiga oid ma’lumotlar bazasi amaliyotga joriy qilinishi natijasida tuproq makrofaunasi tarkibining o‘zgarishini baholash orqali ularning ekologik omillar o‘zgaruvchanligini aniqlash hamda o‘simlik va hayvonot dunyosi barqarorligini saqlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini bergan.
Biologiya fanlari sohasida faoliyat olib borayotgan olim-mutaxassislar va tadqiqotchilar bundan buyon ham mamlakatimizda yangi zamonaviy biotexnologiya va molekulyar genetika, biokimyo, biofizika, farmakologiya, zoologiya, botanika, ekologiya va boshqa sohalarni jahon talablari asosida rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar sifati va samaradorligini oshirishda faol ishtirok etishda davom etishi ta’kidlandi.