Juraev Xusniddin Pazliddinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turkistonga ko‘chirilgan aholining ijtimoiy va iqtisodiy hayoti (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Tar437.
Ilmiy  rahbar: Hayitov Shodmon Ahmadovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:  Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Rasulov Baxtiyor Maxmudjonovich, tarix fanlari doktori; Shadmanova Sanobar Bazarbaevnalar, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Rossiya imperiyasidan Turkistonga aholining ko‘chirilishi va ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini davriy matbuot materiallari asosida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Turkistonga aholini ko‘chirish jarayoni to‘rt bosqichda kechganligi hamda uning birinchi bosqichi (1867-1881 yy.) chegara hududlariga rus kazaklarining joylashtirilishi, ikkinchi bosqichi (1881-1886 yy.) dehqonlarning Rossiya markaziy hududlaridan uyushgan holda majburiy ko‘chirilganligi, uchinchi bosqichi (1886-1903 yy.) aholi o‘lkaga o‘z tashabbusi, xohishi bilan mustaqil ravishda ko‘chganligi, to‘rtinchi bosqichi (1903-1917 yy.) esa rus dehqonlari imperiyaning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy gubernyalaridagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar sababli ko‘chganligi isbotlangan;
hukumatning Turkistonga ko‘chirilganlar uchun unumdor er va yaylovlar hisobiga «bo‘sh er fondlari»ni yaratish bilan bog‘liq chora-tadbirlari mahalliy aholi noroziligini keltirib chiqargan asosiy omillardan biri ekanligi aniqlanib, chorvachilik hududlariniqisqartirish orqali ko‘chmanchi aholini o‘troqlashtirish natijasida mustamlaka boshqaruvini mustahkamlash maqsad qilinganligi dalillangan;
ko‘chirib keltirilgan dehqonlar tomonidan o‘lkaga bug‘doyning yangi navlari («kubanka», «rostov»)ning olib kelinishi hamda poliz ekinlari (kartoshkaning 6 navi, pomidor, baqlajon), asalarichilik (asalarini qutilarda parvarishlash) vachorvachilik (mayin junli qo‘ylar) sohasidagi yangiliklarning joriy qilinishi o‘lka qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirganligi ochib berilgan;
ko‘chirib keltirilganlarning o‘lka xo‘jalik an’analariga ta’siri va ixtisoslashuvi aniqlanib, nemis mennonitlari parrandachilik va hunarmandchilikning turli sohalarida, molokanlar bog‘dorchilik, uzumchilik, gulchilik va chorvachilik tarmoqlarida samarali xo‘jalik yuritganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turkistonga ko‘chirilgan aholining ijtimoiy va iqtisodiy hayoti (XIX asr oxiri – XX asr boshlari) ga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Turkistonga aholi ko‘chirishning asosiy bosqichlari, ko‘chirilganlarning ijtimoiy tarkibiga ta’sir etgan omillar, shu bilan bog‘liq holda ular uchun er fondini tashkil etish hamda shu maqsadda mahalliy dehqonlarga tegishli lalmi va sug‘orma erlarning tortib olinishi haqidagi yangi materiallar «O‘zbekistonda davlat va mahalliy boshqaruv tarixi. Ikkinchi kitob»darslik kitobining 9-mavzusini yozishda foydalanilgan(O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 sentyabrdagi 89-03-3204-son ma’lumotnomasi). Natijada darslikning Rossiya imperiyasi tarixiga doir qismining mazmuni tadqiqotda keltirilgan faktik materiallar asosida yanada boyitilgan;
XIX asr oxiri–XX asr boshlarida Turkistonga ko‘chirilgan aholining ma’naviy-axloqiy holati, mahalliy aholi bilan munosabatlari, xo‘jaligi, moddiy-maishiy turmushi, ularga ta’sir etgan omillar, ko‘chirishdagi muammolarga doir ma’lumotlardan 2015-2017 yillarda bajarilgan A-1-099 raqamli «O‘zbekistonning barqaror strategik taraqqiyotida fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish va ma’naviy-ahloqiy xavfsizlikni ta’minlash konsepsiyalarining ahamiyati» mavzudagi amaliy loyiha doirasida 2017 yilda chop etilgan «Barkamol insonni tarbiyalash – davr talabi» nomli o‘quv qo‘llanmaning 3-bobini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 sentyabrdagi 89-03-3204-son ma’lumotnomasi). Natijada yoshlarning Turkistonga ko‘chirilgan aholining ma’naviy-ahloqiy, ijtimoiy-psixologik hayoti haqidagi bilimlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilgan;
Rossiya imperiyasidan Turkistonga ko‘chirilgan aholi uchun bo‘sh er fondini yaratish yo‘lida olib borgan buyuk davlatchilik va shovinizm siyosati, o‘zboshimchalik bilan ko‘chib kelish va uning oqibatlari, ko‘chib kelganlar va mahalliy aholining o‘zaro munosabatlari, xo‘jalik hayotidagi ro‘y bergan o‘zgarishlar, mustamlaka ma’muriyati tomonidan ko‘chirib kelingan aholining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi, ko‘chib kelgan aholi vakillarining o‘lkaga boshoqli, poliz va bog‘dorchilik o‘simliklarining yangi navlarini olib kelganligi hamda, ushbu o‘simliklarni mahalliy iqlimga moslashtirilganligiga doir yangi ma’lumotlar va materiallardan Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondini va sohani yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 21 fevraldagi 01-12-10-563-son ma’lumotnomasi). Natijada Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining «Rossiya imperiyasi hukmronligi davri tarixi bo‘limi» ekspozisiyasi bo‘yicha mahalliy va xorijiy tashrifchilarni yangi ma’lumotlar bilan ta’minlashga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish