Borasulov Akmal Mirayimovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bodringning kompleks qimmatli xo‘jalik belgilariga ega nav va F1 duragaylar seleksiyasida yangi germoplazmadan foydalanish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Qx369.
Ilmiy rahbar: Mavlyanova Ravza Fazletdinovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: bodringning “Ifor” navi (NAP 00285). O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining 2021 yil 22 fevraldagi 01-01/379-son xulosasi.
II. Tadqiqotning maqsadi: bodringning yangi germoplazmasi asosida un shudring va soxta un shudring kasalliklariga chidamli, onalik gullari ko‘p, meva sifati yaxshi hamda yuqori hosildor nav va F1 duragayini yaratish hamda ishlab chiqarishga joriy etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor bodringning yangi germoplazmasi mahalliy O‘zbekiston 740 navi bilan chatishtirilgan va ular asosida 19 ta duragay kombinatsiyalar olingan;
duragay kombinatsiyalarning biologik xususiyatlari va morfologik belgillari, onalik gullari soni, hosildorlik elementlari, mahsuldorligi, un shudring va soxta un shudring kasalliklariga chidamliligi o‘rganilgan hamda kompleks qimmatli xo‘jalik belgilariga ega istiqbolli tizmalar ajratilgan;
istiqbolli tizmalarni ko‘p marta o‘z-o‘ziga chatishtirish (insuxt) usuli bilan va yakka tanlovlar asosida yangi “Ifor” navi yaratilgan;
ko‘p marta o‘z-o‘ziga chatishtirilgan (insuxt) istiqbolli tizmalar diallel` usulida chatishtirilgan va eng yuqori o‘ziga xos kombinatsion qobiliyatiga ega duragay kombinatsiya asosida yangi “G‘alaba” F1 duragayi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bodringning kompleks qimmatli xo‘jalik belgilariga ega nav va F1 duragaylar seleksiyasida yangi germoplazmadan foydalanish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijasida:
bodringning kompleks qimmatli xo‘jalik belgilariga ega yangi “Ifor” naviga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual Mulk Agentligi tomonidan NAR 00285 (30.10.2020 y.) raqamli patent olingan hamda ushbu nav 2020 yil konkurs sinov natijalari va ekspert komissiyasi hulosasiga asosan, Respublika bo‘yicha ekish uchun qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reestriga kiritilgan (Qishloq Xo‘jaligi Vazirligining 2020 yil 25 dekabrdagi 02/029-4611-son ma’lumotnomasi). Natijada 75% o‘simliklarda faqat onalik gullar paydo bo‘lgan va un shudring, soxta un shudring kasalliklariga chidamliligi 80-85 % ni tashkil qilgan;
bodringning yangi “Ifor” navi Qashqadaryo viloyatida 5,1 gektar, Namangan viloyatida 2,4 gektar, Surxondaryo viloyatida 47,2 gektar, Andijon viloyatida 102,4 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq Xo‘jaligi Vazirligining 2020 yil 25 dekabrdagi 02/029-4611 - son ma’lumotnomasi). Natijada mavjud navlarga nisbatan 34,4-47,2 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan, rentabellik darajasi 31-38 foizni tashkil etgan;
ko‘p marta o‘z-o‘ziga chatishtirilgan (insuxt) tizmalarni diallel` usulida chatishtirish orqali “G‘alaba” F1 duragayi yaratilib, Intellektual Mulk Agentligiga talabnoma topshirilgan (Qishloq Xo‘jaligi Vazirligining 2020 yil 25 dekabrdagi 02/029-4611-son ma’lumotnomasi). Natijada bodringning chet eldan keltiriladigan duragay urug‘lari o‘rnida mahalliy duragaydan foydalanish imkoniyati yaratilgan.