Shodmonov G‘olib Do‘stmurodovichning dissertatsiya himoyasisiz ixtiro patenti asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon
 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslikshifri: «Poliz ekinlari ekish uchun tuproqqa ishlov berish usuli va agregatini ishlab chiqish», 05.07.01-Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/T481
Ilmiy rahbar: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.06.2020.T.111.02
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: “Tuproqqa ishlov berish va ekish usuli” (№IAP 05360, 2017).O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2021 yil 24 fevraldagi 01-11/402- son xulosasi.
II. Tadqiqotning maqsadi  g‘alladan bo‘shagan dalalarda poliz ekinlari ekish uchun tuproqni ekishga tayyorlash va ekishning energiya-resurstejamkor usuli va uni amalga oshiradigan agregatni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor g‘alladan bo‘shagan dalalarni poliz ekinlari ekish uchun tayyorlashda bir yo‘la pushta yuzasini sayoz yumshatish, ekish hududi yuza qismini yumshatilgan pushta ustiga o‘ng va chapga ag‘darib, so‘ngra chuqur yumshatish bilan birga lokal o‘g‘it solish va sug‘orish arig‘ini ochish hamda urug‘ ekish texnologik jarayonlarini o‘z ichiga olgan yangi usul yaratilgan;
dalalarga ishlov berish va poliz ekinlarini ekish usulini amalga oshiradigan yangi agregatning konstruksiyasi va uning ishchi organlarini ramada o‘zaro joylashishi bir yo‘la pushta yuzasini sayoz yumshatish, ekish hududi yuza qismini o‘ng va chapga yumshatilgan pushta ustiga ag‘darish, so‘ngra chuqur yumshatish bilan birga lokal o‘g‘it solish va sug‘orish arig‘ini ochish hamda urug‘ ekish texnologik jarayonlarini bajarilishi ta’minlangan holda asoslangan;
g‘alladan bo‘shagan dalalarni poliz ekinlarini ekish uchun sifatli va qisqa muddatlarda tayyorlashda o‘ng va chap tomonga ag‘daruvchi korpuslar, tekiskeskichlar, ariq hosil qilgich bilan jihozlangan chuquryumshatkich va o‘g‘it berish soshnigi hamda ekish qurilmasidan tashkil topgan yangi agregat yaratilgan;
agregat ishchi qismlarining energiyatejamkorligini va pushtada mayin tuproqli qatlam hosil qilishini hamda urug‘larni bir tekis ekilishini ta’minlaydigan parametrlari asoslangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Poliz ekinlari ekish uchun tuproqqa ishlov berish usuli va agregatini ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
poliz ekinlari ekish uchun tuproqqa ishlov berish va ekish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan («Tuproqqa ishlov berish va ekish usuli»,  № IAP 05360, 2017 y.). Natijada g‘alladan bo‘shagan dalalarni poliz ekinlari ekishga tayyorlash va ekish usulini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
g‘alladan bo‘shagan dalalarni bir o‘tishda poliz ekinlari ekishga tayyorlash va ekish uchun ishlab chiqilgan agregat Qashqadaryo viloyati Qarshi, Qamashi va Nishon tumanlari fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 28 dekabrdagi 05/032-4661-son ma’lumotnomasi). Natijada g‘alladan bo‘shagan dalalarda tuproqni poliz ekinlari ekish uchun tayyorlash va urug‘ ekishda yonilg‘i sarfi 31,5-46,2 foizga, mehnat sarfi 29,0-39,2 foizga va foydalanishdagi xarajatlar 30,2-45,3 foizga kamaygan;
ishlab chiqilgan agregatning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun dastlabki talablar, texnik topshiriq va loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 28 dekabrdagi 05/032-4661-son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega agregatning sanoat nusxalarini ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish