Yuldashev Saidanvarbek Baxromjon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “V–X asrlarda Farg‘ona vodiysidagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlar”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Tar351.
Ilmiy rahbar: Ataxodjaev Azimxo‘ja Muzaffarovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, DSc.03/31.12.2020.Tar.60.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Muzrobjon G‘ulomjonovich, tarix fanlari doktori; Shamsiddin Kamoliddin Sirojiddin o‘g‘li, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi V–X asrlarda Farg‘ona vodiysida kechgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlarning xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Farg‘onaning V asr ikkinchi yarmida eftaliylar tomonidan egallanligi “Veyshu”, “Beyshi”, “Shin Tangshu” kabi ilk o‘rta asrlar xitoy yozma manbalaridagi ma’lumotlar asosida aniqlangan;
«Farg‘ona Xuroson noibi Qutayba ibn Muslim tomonidan 715 yilda to‘la zabt etilgan», degan nuqtai nazar noto‘g‘ri ekanligi al-Ya’qubiyning “Ta’rix”, Tabariyning “Tarixi ar-rusul va-l-muluk”, Balazuriyning “Futuh al-buldon”, Ibn A‘sam al-Kufiyning “Kitob al-futuh”, Ibn al-Asir qalamiga mansub “Al-komil fi-t-ta’rix”, Xueychaoning “Vang’u tyanchju-guo chjuan” hamda Sima Guan tomonidan bitilgan “Zizhi tongjian” singari manbalarda keltirilgan ma’lumotlar asosida isbotlanib, vodiy hududi xalifa Mahdiy davrida 776 yilda to‘la egallanganligi dalillangan;
Farg‘ona vodiysi tarixiga oid fanda mavjud bo‘lgan Farg‘ona podshosi Alutarning boshqaruvi 700 yildan emas, balki 715 yildan boshlanganligi, shuningdek manbalarda tilga olingan Jilanch nomli tarixiy shaxs Farg‘ona hukmdori emas, balki Ishtixon hokimi Korzanchning jiyani bo‘lganligi kabi bahsli fikr va mulohazalarga aniqlik kiritilgan;
Farg‘onaning shimoliy qismi turklar ixtiyoriga, janubiy qismi arablar nazoratiga o‘tganligi 717 yilda sodir bo‘lgan Oqsuv (Aksu) jangi natijasi ekanligi isbotlangan;
VIII asrda Farg‘ona mulkini boshqargan, biroq shaxsiyati hozirgacha noma’lum bo‘lgan Boshak hamda Fryon ibn Afrokfarn ismli hukmdorlar aniqlanib, ularning Arab xalifaligi davridagi siyosiy faoliyati arab va fors-tojik tillaridagi tarixiy manbalar asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. V–X asrlarda Farg‘onada kechgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlarni tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona viloyat tarix va madaniyat muzeyining “Tarix” bo‘limini Somoniylarning vodiydagi so‘nggi noibi Ayachtegin faoliyatiga doir Muhammad Jarir Tabariyning “Tarix ar-rusul va-l-muluk” va Ibn al-Asirning “Al-komil fit-t-ta’rix” asarlarining 1851–1876 yillarda Leydenda nashr etilgan nusxalari hamda Istanbulda turk tiliga amalga oshirilgan tarjimalaridan, Abu Nasr Utbiy tomonidan yozilgan “Tarixi Yaminiy” asarining XIII asrda Abushsharaf Noseh ibn Zafar Jurfodiqoniy tomonidan amalga oshirilgan forscha tarjimasi va Gardiziyning “Zayn ul-axbor” asarining Tehron nashridan, AQShning Michigan universiteti kutubxonasida saqlanayotgan Mirxond qalamiga mansub “Ravzat us-safo” asarining XVII asrga oid qo‘lyozmasi va 1845 yil Bombeyda nashr etilgan nusxalaridan olingan yangi ma’lumotlar bilan boyitishga xizmat qilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 3 avgustdagi 01-12-10-2925-son ma’lumotnomasi). Natijada muzeyga taqdim etilgan ma’lumotlar uning fondini boyitishga, bu erga tashrif buyurgan mahalliy va xorijiy sayyohlarning Farg‘ona vodiysi o‘rta asrlari tarixiga oid yangi ma’lumotlarni olishi hamda tarixiy tafakkurini o‘stirish imkoni yaratilgan;
Farg‘onaning V asrning ikkinchi yarmida Eftaliylar tomonidan egallanganligi, Farg‘ona mulkini boshqargan Boshak va Fryon ibn Afrokfarn ismli hukmdorlarning arablar davridagi siyosiy faoliyati, shuningdek, vodiyda ma’lum bir meva turlariga ixtisoslashgan Xo‘jand, Konibodom, Shikit kabi bog‘dorchilik markazlarining shakllanish tarixi haqidagi xulosalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida 2019 yilda namoyish etilgan “Xayrli kun” ko‘rsatuvining ssenariysini tayyorlashda manba sifatida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanali davlat unitar korxonasining 2020 yil 8 sentyabrdagi 02-14-825-son ma’lumotnomasi). Natijada dasturning Farg‘ona tarixiga oid ma’lumotlarga, ilmiy dalillarga boy va qiziqarli bo‘lishi ta’minlangan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish