Kamilov Xasan Mirzaxitovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Poezd dispetcherlarining mehnat sharoitlari xavfsizligini oshirish”, 05.10.01 – Mehnatni muhofaza qilish va inson faoliyati xavfsizligi; (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T1235.
Ilmiy rahbar: Sulaymanov Sunnatulla, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi PhD.15/30.12.2019.T.73.01raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar:Yo‘ldosheva Ozodaxon Muhammadsodiq qizi, texnika fanlari doktori (DSc), dotsent; Suyunbaev Shinpolat Mansuralievich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi poezd dispetcherlarining mehnat sharoitlari xavfsizligini mehnat jarayonining og‘irligi va zo‘riqishi hamda ishlab chiqarish muhitining ruxsat etilgan me’yorlaridan yuqori boshqa zararli omillari ko‘rsatkichlarini kamaytirish orqali oshirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
poezd dispetcherlari mehnat jarayonining og‘irligi va zo‘riqish ko‘rsatkichlarining kamayishini ta’minlovchi kuchlarni tahlil qilish imkonini beruvchi “neytral holat” kreslosining fizik hamda matematik modeli ishlab chiqilgan;
poezd dispetcherlarining ish jarayonida foydalaniladigan texnik vositalarining elektromagnit maydoni kuchlanganligi darajasini pasaytirish imkonini beruvchi himoya kojuxi va ekranning hisob modeli ishlab chiqilgan;
poezd dispetcherining mehnat jarayoni videoxronometraji asosida muntazam takrorlanuvchi gavda holatlari hamda faoliyat turlari bo‘yicha mehnat faoliyatining yuklanish koeffisienti aniqlangan;
poezd dispetcherlari ish joyini mehnat sharoitlari bo‘yicha mehnat jarayonini og‘irligi va zo‘riqishi ko‘rsatkichlari ta’sirini integral balli baholash asosida ish joyining mehnat sharoitlari darajasi, charchash holati hamda ish qobiliyati ko‘rsatkichlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Poezd dispetcherlarining mehnat sharoitlari xavfsizligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
poezd dispetcherlarining mehnat jarayonining og‘irligi va zo‘riqish ko‘rsatkichlarini kamayishini ta’minlovchi “neytral holat” kreslosi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi Yagona dispetcherlik markazi va “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJda joriy qilingan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2020 yil 21 dekabrdagi 01/4144-20-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqotlar natijasida “neytral holat” kreslosi poezd dispetcherlarini uzoq vaqt smena davomida o‘tirgan holatda ishlashi oqibatida yuzaga keladigan tayanch-harakati apparatiga (umurtqa pog‘onasini bel qismiga) tushadigan statik yuklanishni 30-35%ga kamaytirish imkonini bergan;
dispetcherlar ish jarayonida foydalaniladigan texnik vositalarining elektromagnit maydoni kuchlanganligi darajasini pasaytirish imkonini beruvchi himoya kojuxi va ekran “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi Yagona dispetcherlik markazi va “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJda joriy qilingan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2020 yil 21 dekabrdagi 01/4144-20-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqotlar natijasida himoya kojuxi va ekranni alohida-alohida qo‘llash elektromagnit maydon kuchlanganligi darajasini 2,8-3 marotaba va ularni birgalikda qo‘llash 5-6 marotaba pasaytirish imkonini bergan;
poezd dispetcherlari mehnatining og‘irligi va zo‘riqishi ko‘rsatkichlari ta’sirini integral balli baholash hamda poezd dispetcherlarining mehnat faoliyatini yuklanganligini aniqlashning dasturiy ta’minoti Toshkent davlat transport universiteti va Toshkent davlat texnika universitetida o‘quv jarayonlariga tadbiq etilgan (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning 2020 yil 21 dekabrdagi 01/4144-20-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, o‘quv mashg‘ulotlarida mehnat sharoitlarini gigienik me’yorlarga muvofiqligini baholash natijalarini yuqori aniqlikda hamda qisqa vaqtda tez va sifatli aniqlash imkoniyati yaratilgan.