Yaxshiboev Sherzod Rustamkulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Uch qatlamli qovushoq-elastik plastinkaning antisimmetrik tebranishlari», 01.02.04 – Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/FM444.
Ilmiy rahbar: Xudoynazarov Xayrulla, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.FM/T.02.09
Rasmiy opponentlarning: Abirov Rustam Abdullaevich: fizika-matematika fanlari doktori, professor; Xudayarov Baxtiyor Alimovich: texnika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi uch qatlamli qovushoq-elastik plastinkaning nostatsionar ko‘ndalang tebranishlari dinamik hisobining tashqi dinamik yuklar ta’sirini hisobga oluvchi yangi matematik modelini ishlab chiqish; plastinka ixtiyoriy ko‘ndalang kesimi nuqtalarining kuchlangan-deformatsiyalangan holatini aniqlash algoritmini yaratish; ishlab chiqilgan usulni impul`siv va boshqa yuklanishlar ta’siri ostidagi uch qatlamli plastinkalarni hisoblash holatlariga qo‘llashdan iborat.
III. Dissertatsiya tadqiqotning ilmiy yangiligi:
uch qatlamli qovushoq-elastik plastinkaning ko‘ndalang tebranishlari uchun, tashqi dinamik (impul`sli, seysmik, zarba to‘lqini) ta’sirlarni hisobga oluvchi hamda aniqlashtirilgan tebranish tenglamalari va plastinka nuqtalari KDH ni bir qiymatli hisoblash algoritmlarini o‘z ichiga olgan yangi matematik modeli ishlab chiqilgan;
plastinka qovushoq-elastik qatlamlari ixtiyoriy ko‘ndalang kesimlaridagi kuchlanishlar va ko‘chishlar maydonlarini fazoviy koordinata va vaqt bo‘yicha talab etilgan aniqlikda hisoblash samarali usuli yaratilgan;
qovushoq-elastiklik xususiyatli uch qatlamli plastinka antisimmetrik tebranishlari yangi amaliy masalalari qo‘yilgan hamda uning garmonik tebranishlari va dinamik yuklar ta’siridagi majburiy tebranishlari haqidagi xususiy masalalar echilgan;
qovushoq-elastik plastinka qatlamlari geometrik va fizik-mexanik xarakteristikalarining ko‘ndalang kesim ixtiyoriy nuqtasidagi kuchlanish tenzori va ko‘chish vektori komponentalarining koordinata va vaqtdan bog‘lanish qonuniyatlariga ta’siri qator amaliy masalalar misolida tadqiq etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Uch qatlamli qovushoq-elastik plastinkaning antisimmetrik tebranishlari haqidagi amaliy masalalar bo‘yicha olingan natijalar asosida:
ikki beton yuk ko‘taruvchi va engil to‘ldiruvchi qatlamlardan iborat uch qatlamli plastinkaning, plastinka tekisligiga tik yo‘nalishdagi eng katta kuchlanishlar ta’sir qilish nuqtalarini aniqlash metodikasi «Munis Stroy Servis» MChJ da plastinka-plitani shunday nuqtalarda qo‘shimcha armatura-lar bilan mustahkamlash jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi «O‘zsanoatqurilishmateriallari» Uyushmasining 2020 yil 16 noyabrdagi 05/15-3593-son ma’lumotnomasi). Natijada plastinkaning beton qatlamlarini tayyorlashga sarflanadigan beton sarfi 15-17% ga tejaldi;
eng katta kuchlanishlar ta’sir qilayotgan nuqtalardagi maksimal egilishlarni hisoblash «Munis Stroy Servis» MChJ da uch qatlamli plastinkaning shunday nuqtalaridagi deformatsiyalangan holatini baholash jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi «O‘zsanoatqurilishmateriallari» Uyushmasining 2020 yil 16 noyabrdagi 05/15-3593-son ma’lumotnomasi). Natijada bunday nuqtalardagi egilishni kamaytirish hisobidan plastinka-plitaning yuk ko‘tarish qobiliyati 10-12% ga oshgan;
ustuvorlik shartlarini saqlagan holda, uch qatlamli plastinkaning ustivorligini ma’lum kriteriyalari bo‘yicha baholash «Univer Pro Stile» MChJda plastinka kesimlaridagi normal kuchlanishlar maydonini aniqlash jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi «O‘zsanoatqurilishmateriallari» Uyushmasining 2020 yil 16 noyabrdagi 05/15-3593-son ma’lumotnomasi). Natijada sarf qilinadigan materiallar 7-9% gacha miqdorda tejalgan;
uch qatlamli elastik plastinka yuk ko‘taruvchi va to‘ldiruvchi qatlamlarining ishlash xususiyatlari hisobga olingan aniqlashtirilgan hisob modeli «Univer Pro Stile» MChJ da loyihalash ishlarida plastinka qatlamlaridagi zo‘riqishlar va momentlarni aniqlash jarayoniga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi «O‘zsanoatqurilishmateriallari» Uyushmasining 2020 yil 16 noyabrdagi 05/15-3593-son ma’lumotnomasi). Natijada qatlamlilik plastinkaning egilishga qarshi yaxshiroq ishlashini ta’minlashi aniqlangan va uni hisobga olish konstruksiyaning yuk ko‘tarish qobiliyatini 10-12% oshirishga olib kelgan.