Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari to‘g‘risida
Ma’lumki mustaqillik yillarida mamlakatimizda oliy ta’lim va ilm-fan sohasini, jumladan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng miqyosdagi maqsadli ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 fevraldagi PF–4958-son “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni tarixiy ahamiyat kasb etib, mamlakatimiz ta’lim va fan sohalarini sifat jihatdan rivojlantirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimining sifati va samaradorligini tubdan oshirish, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim sohasini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqot faoliyatida yoshlarning intellektual salohiyatini har tomonlama namoyon etish imkoniyatlarini kengaytirishga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni bilan 2017 yilning 1 iyulidan boshlab mamlakatimizda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tizimi joriy qilinib, ushbu Farmon ijrosi yuzasidan, jumladan quyidagi tadbirlar amalga oshirildi.
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasiga oid normativ-huquqiy baza yangilandi, jumladan:
- OAK nizomlari qayta ishlanib, tasdiqlandi va Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Mazkur nizomlarda xalqaro ilg‘or amaliyot, samarali ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish, dissertatsiya sifati va samaradorligini oshirish, imtihonlar tarkibini optimallashtirish va baholash tizimini takomillashtirish kabilarga alohida e’tibor qaratilgan;
- “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliligi ro‘yxati”, “Dissertatsiya va dissertatsiya avtoreferatini rasmiylashtirish qoidalari” va “Dissertatsiyalar ilmiy natijalarining amaliyotga joriy qilinishini baholash bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar” qayta ko‘rib chiqildi hamda ro‘yxatdan o‘tkazildi;
- siyosiy fanlar tiklanib, ixtisosliklar ro‘yxatiga kiritildi;
- islomshunoslik fanlari ixtisosliklar ro‘yxatiga kiritildi;
- samarali va natijador ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish uchun muhim ilmiy yangiliklar olgan va katta ahamiyatga ega bo‘lgan 3 tagacha ixtiro patenti muallifiga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini dissertatsiya himoyasisiz ilmiy kengashda prezentatsiya asosida berish tartibi kiritildi;
- muhim ilmiy yangiliklar olgan va impakt-faktori tegishli darajada yuqori va ro‘yxat bo‘yicha xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallarda kerakli miqdorda maqolalar chop ettirgan mutaxassisga falsafa doktori(PhD) va ilmiy darajaga ega bo‘lgan talabgorga fan doktori(DSc)ilmiy darajasini dissertatsiya himoyasisiz ilmiy kengashda prezentatsiya asosida berish tartibi kiritildi;
- 2 ta malakaviy imtihon qoldirilgan holda (ixtisoslik va chet tili) barcha malakaviy imtihonlar bekor qilindi (maxsus fan bo‘yicha malakaviy imtihon faqat ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha ilmiy unvonlar talabgorlari uchun qoldirildi);
- IELTS, TOEFL, CEFR, Test DaF, GOETHE-ZERTIFIKAT, DALF va Davlat test markazining malakaviy sertifikatiga ega izlanuvchilar chet tili bo‘yicha malakaviy imtihonni topshirishdan ozod etildi;
- dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxati ilk bor to‘liq shaklda ishlab chiqildi.
Mazkur Farmonning mazmun-mohiyati (fevral`-mart) va uning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan tadbirlar natijalari bo‘yicha (iyun`-dekabr`) joylarda uchrashuvlar o‘tkazilib, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga oid 800 dan ortiq savolga tushuntirish berildi. Uchrashuvlarda ilmiy jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar tomonidan mazkur Farmon qo‘llab-quvvatlanmoqdava yoshlarning intellektual salohiyatini keng namoyon etishdagi ahamiyati e’tirof etilmoqda. Bugungi kunda joylarda uchrashuvlar muntazam tashkil qilinmoqda, jumladan 2018 yilning yanvar`-iyun` oylarida Buxoro, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda Toshkent shahridagi 18 ta oliy ta’lim muassasasi ilmiy jamoasi bilan joyida uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil qilindi. Mazkur tadbirlarda 1,5mingdan ortiq kishi ishtirok etib, 700 dan ortiq savolga tushuntirish berildi va 175 nafar talabgorga uslubiy yordam ko‘rsatildi.
Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar (IK) tizimi qayta ko‘rib chiqilib, dissertatsiyalar himoyasining keskin ko‘payishi, ekspertiza sifatini oshirish, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi sifat o‘zgarishlarni e’tiborga olgan holda 40 ta IK soni 96 (240%) taga etkazildi. IK tarkibi yuqori malakali mutaxassislar hisobidan mustahkamlanib, tarkibda 1500 dan ortiq mutaxassis-olimlar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning 2 pog‘onali tizimida 758 nafar talabgor, jumladan 517 nafari falsafa doktori (PhD) va 241 nafari fan doktori (DSc) ilmiy darajalarida tasdiqlandi.
Izoh:
a) 2013–2018 yillarda jami 1146 nafar talabgor, jumladan 517 nafari falsafa doktori (PhD) va 629 nafari fan doktori (DSc) ilmiy darajalarida tasdiqlandi.
Bugungi kunda yurtimizda sodir bo‘layotgan tub ijobiy o‘zgarishlar dissertatsiya himoyalarida ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘madi, masalan 2013–II.2017 yillarda amalda bo‘lgan tizim sharoitida 1 oyda o‘rta hisobda 9 tadan dissertatsiya himoyasi o‘tkazilgan bo‘lsa, yangi tizim sharoitida bir oyda o‘rta hisobda oyiga 84 (933%) ta dissertatsiya himoyasi amalga oshirilmoqda. Shunindek, aniq va tabiiy fanlar ulushining ustuvorligi oshirildi. 2017–V.2018 yillarda jami falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarida tasdiqlanganlar (758 nafar)dan 51% (391) aniq-tabiiy fanlar, 35% (263) ijtimoiy-gumanitar, 14% (104) tibbiyot fanlari ulushiga to‘g‘ri keladi..
Falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalari bo‘yicha himoya qilingan dissertatsiyalarning sifati va samaradorligi zamonaviy talablarga javob beradi. Har bir dissertatsiyaga xorijiy ilmiy markazlar va xorijiy mutaxassislar tomonidan taqriz olingan hamda har bir dissertatsiyaning ilmiy natijalari amaliyotga joriy qilingan.
Jamiyatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar natijasida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasida tasdiqlanganlar tarkibida ayollar 34%ni va fan doktori (DSc) ilmiy darajasida tasdiqlanganlar tarkibida 30%ni tashkil etmoqda.
Yuklab olish: Attestatsiya-natijalari.pdf