Ma’lumki, 2020 yil 29 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘pisida” PF-6097-sonli Farmoni e’lon qilindi. Unda ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni to‘liq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Farmonga muvofiq, oliy ta’limdan keyingi ta’limning bir pog‘onali tizimi joriy qilingan xorijiy davlatlarning ro‘yxati har yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadigan xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlarida olingan falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlar O‘zbekiston Respublikasida fan doktori (DSc) sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi (ekvivalentligi qayd etiladi). Xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlarida olingan professor, dotsent, katta ilmiy xodim va ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy unvonlar to‘g‘risidagi hujjatlar oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar kengashlarining tavsiyasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida qo‘shimcha ekspertiza o‘tkazmasdan va boshqa sinovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.

Mazkur Farmon talablaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan shu kunga qadar 56 nafar fuqaroning xorijiy oliy ta’lim tashkilotlaridan ilmiy daraja olganligi to‘g‘risidagi hujjatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olindi va nostrifikatsiya qilindi. Ularning 5 nafarini chet el fuqarolari tashkil qiladi.
Nostrifikatsiya qilingan hujjatlarning 7 tadan Germaniya va Buyuk Britaniya, 6 tadan AQSh va Xitoy, 4 tadan Bel`giya, Yaponiya, 3 tadan Italiya, Janubiy Koreya, 2 tadan Shvesiya, Niderlandiya, Fransiya, Avstraliya, Malayziya, Kanada, 1 tadan Ispaniya, Shveysariya, Daniya, Chexiya kabi xorijiy davlatlarning oliy ta’lim tashkilotlaridan olingan.

Hujjatlarning fan tarmog‘iga doir tahlili shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha 20 ta, texnika fanlari bo‘yicha 9 ta, fizika fanlari bo‘yicha 6 ta, matematika va qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha 4 tadan, biologiya va siyosiy fanlar bo‘yicha 3 tadan, kimyo va yuridik fanlar bo‘yicha 2 tadan, filologiya, pedagogika, tibbiyot fanlari bo‘yicha 1 tadan hujjat  nostrifikatsiya qilingan.
.

OAK Axborot xizmati

Yangiliklarga obuna bo‘lish