Shafiev Tursun Rustamovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Zararli moddalarning atmosferada ko‘chishi va diffuziya jarayonini monitoring va bashoratlash uchun chiziqsiz matematik modellarni, hisoblash algoritmlarini ishlab chiqish», 05.01.07 – «Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui» (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/T1119.
Ilmiy rahbar: Ravshanov Normaxmad, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Sadullaeva Shaxlo Azimbaevna, texnika fanlari doktori, Turg‘unov Abrorjon Maxamatsolievich, PhD.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sanoat hududlari havo havzalarining ekologik holatini monitoring qilish va bashoratlash uchun matematik modellar, hisoblash algoritmlari va dasturiy majmuani ishlab chiqish hamda takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zarrachalarning fizik-mexanik xususiyatlarini inobatga olgan holda atmosferada zararli moddalarning ko‘chishi va diffuziyasi jarayonini ifodalovchi chiziqli uch o‘lchovli matematik model` ishlab chiqilgan;
atmosferada zararli moddalarning ko‘chishi va diffuziyasi jarayonini ifloslantiruvchi zarrachalarning o‘zgaruvchan ko‘chish tezligi, qaralayotgan hududning ob-havo va iqlim sharoitlari hamda orografiyasini inobatga olgan holda uch o‘lchovli chiziqsiz matematik modeli ishlab chiqilgan;
atmosferada zararli moddalarning ko‘chishi va diffuziyasi masalalarini echish uchun yuqori aniqlikdagi oshkormas chekli ayirmali sxemaga asoslangan samarali sonli algoritm ishlab chiqilgan;
atmosferada zararli tashlanmalar tarqalishi chiziqsiz masalasining fizik xususiyatlariga mos qismlarga ajratish usuliga asoslangan samarali sonli hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sanoat ob’ektlari hududlari atmosferasi havo havzalarining ekologik holatini monitoring qilish va bashoratlashning matematik modellari, hisoblash algoritmlari va dasturiy majmuasi asosida:
atmosferaga tashlanayotgan zararli moddalarning vaqtga nisbatan ifloslantiruvchi zarrachalarining o‘zgaruvchan tezliklarini hisobga olgan holda ularning atmosfera havosida tarqalishi jarayonini monitoring qilish va bashoratlash, shuningdek, yangi barpo etilayotgan sanoat ob’ektlarining optimal joylashtirilishi bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilishni qo‘llab quvvatlash uchun matematik model` va dasturiy majmua Buxoro viloyati Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish boshqarmasi faoliyatiga joriy qilingan (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lumotnoma № 02-02/8-2738-son, 19.11.2020 y.). Joriy qilish natijasida atrof-muhitning himoyasiga qaratilgan tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish, atmosfera havosida maksimal ruxsat etilgan konsentratsiya me’yorlari buzilganligi haqida o‘z vaqtida ogohlantirish hisobiga to‘lanadigan jarimalarni to‘lash bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlarni tejash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish imkonini bergan;
zararli moddalarning atmosfera havosida ko‘chishi va diffuziyasi jarayonini tahlil qilish, kuzatish va bashoratlash bo‘yicha matematik va dasturiy majmua Buxoro viloyati «MKMK-409» MChJ faoliyatiga joriy qilingan (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lumotnoma № 02-02/8-2738-son, 19.11.2020 y.). Joriy qilish natijasida noqulay meteorologik sharoitlarda va ob’ektning belgilangan ishlash rejimlarida zararli moddalarning ishlab chiqarish ob’ekti hududlarida zararli gazlar, chang va kanserogen moddalar konsentratsiyasini bashoratlash aniqligi 9-11% ga oshirilgan;
zarrachalarning tezligi o‘zgarishini hisobga olgan holda atmosfera havosida zararli moddalar ko‘chishi va diffuziyasi jarayonlari tahlil qilish, kuzatish va bashoratlash bo‘yicha matematik va dasturiy majmuasi “CHORI MEGA MONTAJ” MChJ faoliyatiga joriy qilingan (Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ma’lumotnoma № 02-02/8-2738-son, 19.11.2020 y.). Joriy qilish natijasida atmosferaning chegara qatlamida va er yuzasi sathida sement, chang, qum hamda qozonxonalarda yoqiladigan uglevodorod yoqilg‘isi yoqilishi natijasida hosil bo‘ladigan zararli moddalar konsentratsiyasini bashoratlash aniqligini 8-10% ga oshirilgan.