O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining odob-axloq qoidalari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2016 yil 31 martdagi 223/11-son qaroriga 1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining odob-axloq qoidalari

I. Umumiy qoidalar

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (keyingi o‘rinlarda OAK deb ataladi) xodimlarining odob-axloq qoidalari (keyingi o‘rinlarda Odob-axloq qoidalari deb ataladi) egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, OAK xodimlari kasbiy odob-axloqining umumiy prinsiplari va xizmatdagi xulq-atvorining asosiy qoidalari yig‘indisidan iborat.

2. Odob-axloq qoidalari huquqbuzarlikning oldini olishga, ular sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga, OAK xodimlarini yuksak huquqiy ong, O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, fuqarolarning huquq va erkinliklariga qat’iy rioya qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan.

3. OAK xodimlari (ishga kirayotgan shaxslar) Odob-axloq qoidalari bilan imzo qo‘ydirgan holda tanishtiriladilar.

4. OAK xodimlari qonun hujjatlari va Odob-axloq qoidalari talablariga rioya etishlari shart.

Odob-axloq qoidalariga rioya etish OAK xodimlarining kasbiy faoliyatini va xizmatdagi xulq-atvorini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.

II. OAK xodimlarining xizmatdagi xulq-atvorining asosiy prinsiplari va qoidalari

5. OAK xodimlari o‘z kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishlari kerak:

  • qonuniylik;
  • fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
  • vatanparvarlik va xizmat burchiga fidoiylik;
  • davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik;
  • adolatlilik, halollik va xolislik;
  • manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik.

6. OAK xodimlari quyidagilarga majbur:

  • xizmat vazifalarini bajarishda davlat prinsiplari va talablariga qat’iy rioya etish;
  • o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, yuksak kasbiy darajada bajarish;
  • yuqori davlat organlari va mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan (bergan) qarorlarini (topshiriqlarini) o‘z vaqtida va sifatli bajarish;
  • o‘z faoliyatini qonun hujjatlarida va ichki hujjatlarida belgilangan lavozim vakolatlari doirasida amalga oshirish;
  • o‘z xizmat vazifalarini bajarishda biror-bir shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlarga yon bosmaslik va ustunlik bermaslik, ularning ta’siridan mustaqil bo‘lish, fuqarolarning huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish, kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
  • o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qiluvchi biror-bir shaxsiy, mulkiy va boshqa manfaatlarning ta’siri bilan bog‘liq bo‘lgan xatti-harakatlarga barham berish;
  • normativ-huquqiy hujjat va idoraviy hujjatlarda belgilangan cheklashlar va taqiqlarga rioya qilish, o‘z xizmat vazifalarini og‘ishmay bajarish;
  • o‘z xizmat faoliyatiga biror-bir ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga barham berish;
  • urf-odatlar va an’analarni hurmat qilish, madaniy hamda boshqa xususiyatlarni hisobga olish, ijtimoiy barqarorlikka, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikka ko‘maklashish;
  • o‘zlarining xizmat vazifalarini vijdonan bajarishda shubha paydo qilishi mumkin bo‘lgan xulq-atvordan o‘zini tiyish, shuningdek o‘z obro‘siga yoki OAKning nufuziga zarar etkazishga qodir bo‘lgan vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik;
  • xizmat mavqeidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar faoliyatiga noqonuniy ta’sir ko‘rsatish uchun foydalanmaslik;
  • OAKda xabarlarni va xizmat axborotlarini taqdim qilishning belgilangan qoidalariga rioya etish.

7. Ijtimoiy – iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlik, shuningdek shaxsiy vajlar va boshqa sub’ektiv sabablar OAK xodimlarining qonun hujjatlari talablarini va Odob-axloq qoidalarini buzishi uchun asos bo‘la olmaydi.

8. Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, OAK xodimlariga o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan biror-bir moddiy boyliklarni olish yoxud jismoniy yoki yuridik shaxslardan boshqacha naf ko‘rish taqiqlanadi.

9. OAK xodimlari korrupsiya holatlariga qarshi kurashishi va ularning profilaktikasiga faol ko‘maklashishi shart.

OAK xodimlari ularni huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish maqsadida biror-bir shaxslarning qilgan murojaatlarining barcha holatlari to‘g‘risida o‘z rahbarini yoxud huquqni muhofaza qilish organlarini, shuningdek boshqa OAK xodimlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarning o‘zlariga ma’lum bo‘lgan har qanday holatlari haqida xabardor qilishi shart.

OAK rahbarlari shaxslar qonunchilikning buzilishi faktlari to‘g‘risida murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikr va murojaatdagi tanqidi uchun, xuddi shuningdek boshqacha shaklda tanqid qilganligi uchun ishdan bo‘shatilishiga yoki boshqacha shaklda ta’qib qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’minlashi kerak.

10. OAK xodimlari kasbiy faoliyati davomida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan axborotning saqlanishini va maxfiyligini ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rishlari shart. Ularning oshkor etilganligi uchun ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

11. Rahbar o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionalizm, soflik va adolatda o‘rnak bo‘lishi, ma’naviy-psixologik muhit shakllanishiga ko‘maklashishi lozim, u bo‘ysunuvchi xodimlardan ularning xizmat vazifalari doirasidan chiqib ketadigan topshiriqlarni bajarishini talab qilmasligi, shuningdek qonunga xilof xatti-harakatlarni sodir etishga undamasligi kerak.

Rahbar kadrlarni qarindoshlik, hamshaharlik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak. U guruhbozlik, mahalliychilik, favoritizm ko‘rinishlarining, shuningdek o‘z xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning qat’iy ravishda oldini olishi lozim.

Rahbar:

  • manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va ularni tartibga solish yuzasidan o‘z vaqtida chora-tadbirlar ko‘rishi;
  • korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rishi;
  • xodimlarni samarali boshqarishi, o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablag‘larga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishi shart. Rahbar o‘ziga bo‘ysunuvchi, xizmatdagi xulq-atvori prinsiplari va qoidalarini buzayotgan xodimlarning xatti-harakatlariga (harakatsizligiga) yo‘l qo‘yilmasligi choralarini ko‘rmaganligi uchun javob beradi.

12. OAK xodimlari o‘zlarining xizmatdagi xulq-atvori bilan jamoada boshqa OAK xodimlari bilan o‘zaro ishchanlik va amaliy hamkorlik qaror topishiga mas’uldirlar.

OAK xodimlari xushmuomala, iltifotli, odobli, e’tiborli, fuqarolar va hamkasblari bilan munosabatda sabr-toqatli bo‘lishi, ularni hurmat qilishi shart. OAK xodimlari o‘ziga bo‘ysunuvchilarga va fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, odamlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, ularga asossiz psixologik va jismoniy ta’sir ko‘rsatish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

Xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida ish sharoitlari va xizmat tadbirlarining shakliga bog‘liq holda OAK xodimlarining tashqi ko‘rinishi fuqarolarning davlat organiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga yordam berishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq bo‘lishi, ular rasmiyliligi, vazminligi va tartibliligi bilan boshqalardan ajralib turishi kerak.

13. OAK xodimlari xizmatdan tashqari vaqtda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga rioya etishlari, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

III. Manfaatlar to‘qnashuvi

14. OAK xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarishda manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘ladigan shaxsiy manfaatdorlik holatlariga yo‘l qo‘ymasliklari kerak.

Manfaatlar to‘qnashuvi OAK xodimlarining shaxsiy manfaatlari ularning o‘z xizmat vazifalarini xolisona va beg‘araz bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarda paydo bo‘ladi.

OAK xodimlarining shaxsiy manfaatdorligi ularning shaxsan o‘zi yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek ular yaqin yoki ishbilarmonlik munosabatlarida bo‘ladigan boshqa shaxslar uchun har qanday naf ko‘rish yoki afzalliklarga ega bo‘lishni o‘z ichiga oladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda OAK xodimlari o‘z rahbarini darhol xabardor qilishi kerak.

Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotni olgan rahbar uni tartibga keltirish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart.

15. OAK xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.

OAK xodimlari o‘zlarining o‘z xizmat vazifalarini zarur darajada bajarishiga yoki ularga zarar etkazishi mumkin bo‘lgan faoliyatni amalga oshirmasligi, shuningdek lavozimni egallamasligi kerak.

OAK xodimlari har qanday holatlarda ham o‘z xizmat mavqeidan mumkin bo‘lmagan shaxsiy foydani olishi mumkin emas.

16. OAK xodimlari lavozimga tayinlanayotganda va xizmat vazifalarini bajarayotganda o‘zining xizmat vazifalarini zarur darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligining mavjudligi yoki mavjud bo‘lishi imkoniyati to‘g‘risida ma’lum qilishi shart.

IV. Odob-axloq qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik

17. OAK xodimlari tomonidan Odob-axloq qoidalarining buzilishi uni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin.

18. OAK xodimlari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etilishi xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazishda, yuqori va boshqa lavozimlarga tayinlash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.

19. Ushbu Odob-axloq qoidalari normalarining buzilishlari Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Odob-axloq qoidalarining buzilishi holatlarini Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha intizomiy yoki boshqacha tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xulosa chiqariladi. Ayni vaqtda OAK raisining ko‘rib chiqishiga qoidalar buzilishini sodir etgan OAK xodimlarini javobgarlikka tortish to‘g‘risida taklif kiritiladi. Yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xarakterini hisobga olgan holda, Odob-axloq komissiyasi OAK xodimlariga nisbatan Odob-axloq qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin.

OAK xodimlari o‘zlari yo‘l qo‘ygan qoida buzilishi, qoida buzilishining ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida axborotni olish va o‘zini himoya qilish uchun dalillarni taqdim etish, shuningdek OAK Odob-axloq komissiyasining qarorlari yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

Yuklab olish: Odob-axloq-qoidalari.pdf

Yangiliklarga obuna bo‘lish