Jumaboev Sarvarbek Xamraevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Nazorat va boshqaruv tizimlari uchun toklar farqini o‘lchovchi induksion o‘zgartirgichlar”, 05.01.06 – Hisoblash texnikasi va boshqaruv tizimlarining elementlari va qurilmalari (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/T1110
Ilmiy rahbar: Amirov Sulton Fayzullaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/30.12.2019.T.03.02.
Rasmiy opponentlar: Siddiqov Ilxomjon Xakimovich, texnika fanlari doktori, professor; Nazarov Xayriddin Nuritdinovich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Yetakchi tashkilot: “O‘zbekenergo” AJ “Ilmiy-texnika markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: nazorat va boshqaruv tizimlari uchun o‘zgarmas toklar farqini va uch fazali zanjirlardagi toklar nosimmetriyasini o‘lchash hamda bir vaqtning o‘zida bir-biridan induktiv jihatdan bog‘lanmagan bir nechta chiqish signallarini olish imkoniyatiga ega bo‘lgan induksion o‘zgartirgichlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zgarmas toklar farqini va uch fazali zanjirlardagi toklar nosimmetriyasini o‘lchashni ta’minlovchi hamda bir vaqtning o‘zida bir-biridan induktiv jihatdan bog‘lanmagan bir nechta chiqish signallarini olish imkonini beradigan induksion o‘zgartirgichlarning yangi konstruksiyalari ishlab chiqilgan;
toklar farqini o‘lchovchi induksion o‘zgartirgichlar magnit materiali asosiy magnitlanish egri chizig‘ining nochiziqligini chiziqli elementar zvenolar orqali hisobga olish usuli ishlab chiqilgan;
toklar farqini o‘lchovchi induksion o‘zgartirgichlarni ko‘p konturli elektromagnit zanjirlarining yig‘iq va tarqoq parametrlari hamda nochiziq elementlari xususiyatlarini inobatga olgan holda o‘zaro ta’siri aniqlangan;
toklar farqini o‘lchovchi yangi induksion o‘zgartirgichlarning magnitomodulyasion va transformator rejimlarining asosiy bog‘lanishlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Nazorat va boshqaruv tizimlari uchun katta toklar farqini o‘lchovchi induksion o‘zgartirgichlar va va ularning elektromagnit zanjirlarini takomillashtirilgan hisoblash usuli asosida:
induksion o‘zgartirgich qurilmasi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning ECh-1 - «Toshkent» elektr ta’minoti distansiyasiga qarashli EChE-2 «Chuqursoy» tortuvchi nimstansiyasida katta toklar farqini o‘lchash uchun joriy etilgan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2021 yil 12 yanvardagi 01/139-21-son ma’lumotnomasi). Natijada, toklar farqini o‘lchash aniqligining ortishi va bir vaqtning o‘zida boshqaruv tizimiga yuqori aniqlikdagi bir nechta o‘lchash ma’lumotlarini bera olish hisobidan tortuvchi nimstansiyasidagi elektr energiyasi isroflarini 6% ga kamaytirish imkonini bergan;
toklar farqini o‘lchovchi yangi induksion o‘zgartirgichlarning magnitomodulyasion va transformator rejimlari uchun ishlab chiqilgan umumlashgan matematik modellari va toklar farqini o‘lchovchi induksion o‘zgartirgichlar magnit materiali asosiy magnitlanish egri chizig‘ining nochiziqligini chiziqli elementar o‘zgartirgichlar kombinatsiyasi yordamida inobatga olish usuli «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tasarrufidagi ECh-1 - «Toshkent» elektr ta’minoti distansiyasining «Chuqursoy» tortish nimstansiyasida kuch transformatorlardagi katta toklar farqini o‘lchash uchun joriy etilgan («O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 2021 yil 12 yanvardagi 01/139-21-son ma’lumotnomasi). Natijada, katta toklar farqini o‘lchovchi induksion o‘zgartirgichlarni qo‘llash boshqarish tizimi aniqligini 2% oshirish imkonini bergan.