Rasulov Nodirbek Madraximovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Korporativ tuzilmalarda innovatsion jarayonlarni strategik boshqarish uslubiyotini takomillashtirish”, 08.00.13 – Menejment (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Iqt33.
Ilmiy maslahatchi: Zaynutdinov Shavkat Nuriddinovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2020.I.16.02.
Rasmiy opponentlar: Maxmudov Nosir Maxmudovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Raximova Dilfuza Nigmatovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Otajonov Shuxrat Ibrayimjonovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi korporativ tuzilmalarda innovatsion jarayonlarni strategik boshqarish uslubiyotini takomillashtirishning nazariy-uslubiy jihatlarini rivojlantirish hamda tashkiliy-boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy va amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil a’zolar sonini kamida uchdan bir qismga qadar oshirish orqali aksiyadorlik jamiyatlaridagi turli manfaatdor guruhlarning kuzatuv kengashi qaroriga bir tomonlama ta’sirining oldini olish hamda boshqaruv samaradorligini ta’minlash asoslangan;
korporativ boshqaruvning nazorat va hisobdorlik mexanizmlarini yanada samarali ishlashini ta’minlash, moliyaviy rag‘batlantirishni kafolatlash hamda kuzatuv kengashi a’zolarini aksiyadorlar oldidagi javobgarlik va ma’suliyatini oshirish maqsadida kuzatuv kengashlari vakolat muddatini bir yildan kamida uch yilgacha uzaytirish asoslangan;
jamiyatning yirik aksiyadorlari (investorlar) bilan minoritar aksiyadorlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish evaziga korxonaning investision jozibadorligini oshirish uchun aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga “aksiyadorlik kelishuvi” (shareholders agreement) vositasini qo‘llash yordamida risklarni boshqarish va nazorat qilish amaliyotini joriy etish taklifi asoslangan;
aksiyadorlik jamiyatlari innovatsion salohiyatini belgilovchi ko‘rsatkichlar tarkibiga “innovatsion infratuzilma” va “innovatsion faoliyat natijadorligi” indikatorlarini kiritish orqali korxonalarning innovatsion salohiyatini reyting baholash tizimi takomillashtirilgan;
aksiyadorlik jamiyatlaridagi innovatsion jarayonlarning asosiy tendensiyalari hamda ularni strategik boshqarishning samarali vositalaridan foydalanish asosida “O‘zkimyosanoat” AJning 2035 yilgacha prognoz parametrlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Korporativ tuzilmalarda innovatsion jarayonlarni strategik boshqarish uslubiyotini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
korporativ tuzilmalardagi innovatsion jarayonlarni faolligiga ta’sir etuvchi boshqaruv vositalaridan samarali foydalanish, xorijiy kapitalni jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida jamiyat kuzatuv kengashi tarkibidagi mustaqil a’zolar sonini kamida uchdan bir qismga qadar oshirish taklifi hamda strategik boshqaruvga oid uslubiy yondashuvlar «O‘zkimyosanoat» AJ tarkibidagi «Ammofos-Maksam» AJning faoliyatiga joriy etilgan (2017 yil 31 yanvarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan «O‘zkimyosanoat» AJ o‘rtasida tuzilgan innovatsion-korporativ hamkorlik to‘g‘risidagi 18-sonli shartnoma hamda «Ammofos-Maksam» AJning 2017 yil 20 iyundagi ma’lmuotnomasi). Bu yondashuvlar «Ammofos-Maksam» AJning innovatsion salohiyatini oshirish maqsadida mavjud aktivlardan samarali foydalanish hamda korporativ boshqarishning zamonaviy usullarini joriy qilish bo‘yicha 2018-2022 yillar uchun mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishda muayyan darajada xizmat qilgan;
«O‘zkimyosanoat» AJ korxonalari misolida korporativ boshqaruvning tashkiliy vositalarini takomillashtirish hamda aksiyadorlik jamiyatlari kuzatuv kengashlari vakolat muddatini bir yildan kamida uch yilgacha uzaytirilish to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan davlat ulushi mavjud aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekison Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2020 yil 2 sentyabrdagi 483/08-02-son ma’lumotnomasi). Bu taklifni amaliyotga tatbiq etilishi natijasida kuzatuv kengashi a’zolarini aksiyadorlar oldidagi javobgarlik va ma’suliyatini oshirish, korporativ boshqaruvning nazorat va hisobdorlik mexanizmlarini yanada samarali ishlashini ta’minlash orqali aksiyadorlik jamiyatlarining samaradorligini yaxshilanishiga asos bo‘lgan;
jamiyatning yirik aksiyadorlari (investorlar) bilan minoritar aksiyadorlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish orqali risklarni boshqarish va nazorat qilish amaliyotini joriy etish uchun aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga “aksiyadorlik kelishuvi” (shareholders agreement) vositasini qo‘llash taklifi davlat ulushi sotilayotgan aksiyadorlik jamiyatlarining korporativ boshqaruv faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekison Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2020 yil 2 sentyabrdagi 483/08-02-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni aksiyadorlik jamiyatlari amaliyotiga joriy etilishi natijasida minoritar aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari yanada mustahkamlangan;
aksiyadorlik jamiyatlari innovatsion salohiyatini baholashning reyting ko‘rsatkichlar tarkibiga kiritilgan “innovatsion infratuzilma” va “innovatsion faoliyat natijadorligi” indikatorlari O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ma’qullanib, vazirlik tomonidan mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarining innovatsion faolligini baholash uslubiyotini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2020 yil 21 iyuldagi 05-30/2845-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga innovatsion yondashuvlar orqali mehnat unumdorligini oshirish, sohaning raqobatbardoshligini kuchaytirish bo‘yicha aniq mexanizm va tadbirlarni rivojlantirish hamda ustuvor sohalarga amaliy, fundamental loyihalarni yo‘naltirishga sabab bo‘lgan.
«O‘zkimyosanoat» AJning korxonalarining iqtisodiy ko‘rsatkichlari, uning innovatsion faoliyati bilan bog‘liq omillarni tizimli o‘rganish asosida 2035 yilgacha ishlab chiqilgan prognozlar parametrlari, uslubiy yondashuvlar, o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tarmoq korxonalarining innovatsion faolligini o‘rganish bo‘yicha uslubiyotini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2020 yil 21 iyuldagi 05-30/2845-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar vazirlik tomonidan tarmoq korxonalarining innovatsion rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish, tarmoq korxonalarining innovatsion muhitini yaxshilash, holatini baholash va ularni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish uchun tatbiq etilgan.