O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi NIZOM

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining 2016 yil 31 martdagi 223/11-son qaroriga 2-ILOVA

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining Odob-axloq komissiyasi to‘g‘risidagi NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining (bundan buyon matnda OAK deb yuritiladi) Odob-axloq komissiyasi (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) faoliyatini tartibga soladi.

2. Komissiya OAK huzurida tuziladigan kollegial organ bo‘lib, Odob-axloq qoidalarining buzilishi holatlarini ko‘rib chiquvchi organ hisoblanadi.

3. Komissiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda mazkur Nizom asosida amalga oshiradi.

II. Komissiyaning asosiy vazifalari va vakolatlari

4. Komissiyaning asosiy vazifalari va vakolatlari quyidagilardan iborat:

Odob-axloq qoidalarining buzilishi holatlarini ko‘rib chiqish va natijalari bo‘yicha intizomiy yoki boshqacha tarzdagi qoida buzilishlarining mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xulosa chiqarish;

qoidalar buzilishini sodir etgan xodimni javobgarlikka tortish to‘g‘risida OAK raisi ko‘rib chiqishi uchun taklif kiritish;

yo‘l qo‘yilgan qoida buzilishining xarakterini hisobga olgan holda, Komissiya OAK xodimini Odob-axloq qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirish;

xodimlarni Odob-axloq qoidalariga rioya etishi ustidan nazorat qilish;

xodimlar tomonidan xizmat mavqeini suiste’mol qilish holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

xodimlar tomonidan qonunchilik talablariga rioya etishlari va mehnat intizomini mustahkamlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;

o‘z yig‘ilishida Odob-axloq qoidalarini buzilishiga sababchi bo‘lgan xodimning tushuntirishlarini ko‘rib chiqish;

boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan ma’lumotlar olish;

xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish;

qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa vazifalarni amalga oshirish.

III. Komissiya ishini tashkil qilish

5. Komissiya tarkibi O‘zbekiston Respublikasi OAK Rayosati qarori bilan besh kishidan iborat tarkibda besh yil muddatga tasdiqlanadi. Komissiya OAK raisi, bosh ilmiy kotib, tarkibiy bo‘linma boshliqlari va yuridik maslahatchilardan iborat tarkibda shakllantiriladi.

6. OAK raisi odob-axloq komissiya raisi, bosh ilmiy kotib rais o‘rinbosari hisoblanadi.

7. Komissiya ishi majlis shaklida tashkil etiladi.

Komissiya majlisi komissiya a’zolarining barchasi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Komissiya majlisi rais, u bo‘lmaganda rais o‘rinbosari rahbarligida o‘tkaziladi.

8. Komissiya o‘z qarorlarini majlis ishtirokchilarining kamida 3/2 qismining ovozi bilan qabul qiladi.

9. Komissiyaning raisi, rais o‘rinbosari va a’zolari o‘z faoliyatlarini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.

10. Komissiya faoliyatiga doir ma’lumotlar sir saqlanadi va oshkor qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

11. Komissiya qabul qilgan qarorlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Yuklab olish: Odob-axloq-komissiyasi.pdf 

Yangiliklarga obuna bo‘lish