Bugun Milliy matbuot markazida Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan “Farmatsevtika fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari” mavzusida matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda qayd etilishicha, mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimini jahon talablari asosida rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda yuqori sifatli, bezarar dori vositalarini yaratish va ishlab chiqarishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, farmatsevtika fanlari yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarning natija va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklar kelib chiqishining oldini olish hamda davolashda qo‘llaniladigan sintetik va tabiiy dori vositalarini yaratish ishlari har jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotgani fikrimizga dalildir.
2020 yilda mazkur fan yo‘nalishida 5 ta talabgor fan doktori, 13 ta talabgor farmatsevtika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajalarida tasdiqlandi. Shu o‘rinda ushbu raqamlar yil sayin o‘sib borayotganini qayd etish asoslidir.
O‘tgan yili himoya qilingan dissertatsiya tadqiqotlari asosida qator ilmiy natijalarga erishildi. Jumladan, mahalliy dorivor o‘simliklardan tayyorlangan jigar, arterial gipertenziya, allergiya kasalliklarini davolovchi dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqildi. Tabiiy xomashyolar – mo‘miyo va propolis asosida surtma va gel` dori shakllarining ilmiy asoslangan tarkibini tanlash va ularni olish texnologiyasi yaratildi. Mamlakatimizda ilk bor infuzion eritmalarning sifat me’yorlari ishlab chiqilib, ular tarkibidagi aminokislotalarni aniqlashning zamonaviy usullari amaliyotga kiritildi. Sonnat (zopiklon) preparati hamda tarkibida zaharli moddalar saqlovchi o‘simliklar mevalaridan zaharlanishda ularni kimyo-toksikologik ob’ektlarda aniqlash usullari, shuningdek, kimyoviy sintez usuli bilan koordinatsion birikmalar asosida oshqozon yarasini davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari texnologiyasi ishlab chiqildi.
Yuqorida sanab o‘tilgan jihatlar, ya’ni dissertatsiya ishlarining ilmiy natijalarini amaliyotga joriy etish bilan muayyan ijtimoiy samaralarga ham erishildi. Masalan, mahalliy dorivor o‘simliklar xomashyosi asosida jigarni himoyalovchi gepatoprotektor, qon bosimini ma’yorlashtiruvchi, allergiyaga qarshi ta’sirga ega dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Yara bitkazuvchi va yallig‘lanishga qarshi xorijiy “Levomekol`” va ”Aktovegin”ning o‘rnini bosuvchi “Antibovasin” geli va surtmasi yaratildi. Mahalliy farmatsevtik korxonalarda zaharlanish va shokka qarshi hamda bakterial va zamburug‘li kasalliklarni davolashda qo‘llaniladigan infuzion dori vositalarining zamonaviy tezkor farmatsevtik tahlil usullari ishlab chiqildi. Sonnat (zopiklon) dori vositasi hamda tarkibida zaharli moddalar saqlovchi mahalliy o‘simliklar bilan zaharlanish holatlarini aniqlashning zamonaviy usullari sud kimyosi amaliyotiga kiritildi. Me’da shilliq qavatining yallig‘lanishi va me’daning turli ko‘rinishdagi jarohatlarini davolash imkonini beruvchi yangi dori vositasini ishlab chiqarishga taklif berildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bugun farmatsevtika sohasidagi olim va izlanuvchilar aholi salomatligi uchun yuqori samarali, bezarar dori vositalarini yaratish va ishlab chiqarish borasida izchil faoliyat yuritmoqdalar. Kelgusida ham zamonaviy yo‘nalishlarda biotexnologiya, mikrobiologiya hamda kimyoviy sintez yo‘llari bilan olinadigan va mahalliy o‘simliklar xomashyosidan tayyorlanadigan dori vositalari salmog‘ini kengaytirish, mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish borasidagi s’ay-harakatlarga munosib hissa qo‘shish yo‘lida faol ilmiy izlanishlar olib boradilar.
OAK Axborot xizmati