Parpiev G‘ofurjon Toxirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Bo‘z-voha tuproqlarining regional xususiyatlari va ularning tuproq unumdorligi shakllanishidagi roli», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/B30.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.25/30.12.2019.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Tashkuziev Ma’ruf Mansurovich, biologiya fanlari doktori, professor; Isag‘aliev Murodjon To‘ychiboevich, biologiya fanlari doktori dotsent;; Qodirova Dilrabo Abdukarimovna, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: bo‘z tuproqlar mintaqasidagi turli tabiiy va antropogen omillar ta’sirida rivojlangan voha tuproqlari regional xususiyatlarini aniqlash orqali tuproqlar unumdorligini saqlash, oshirish va ulardan samarali foydalanishga doir tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bo‘z mintaqa voha tuproqlari unumdorligi shakllanishi jarayonida gumusning il` va chang zarrachalari, singdirilgan asoslar, hajm og‘irligi kabi xossa-xususiyatlari bilan korrelyasion bog‘liq ekanligi asoslangan;
turli regionlardan oqib o‘tuvchi daryolar muallaq oqiziqlari ta’sirida shimoli-sharqiy regiondan > markaziy > janubiy region tomon agroirrigatsion qatlamlar shakllanishi hisobiga voha tuproqlari nisbiy yoshining ortganligi isbotlangan;
voha tuproqlari umumfizik xossalari (hajm og‘irligi, g‘ovakligi va solishtirma og‘irligi)ning «kritik chegaralari», mikro-, makroagregatlik holati va karbonatlashganlik darajasi baholangan;
voha tuproqlari rivojlanishi jarayonida gumus miqdoriga bog‘liq holda singdirish qobiliyatining «juda past» miqdor (5-10 mg-ekv.)dan «past» (10-15 mg-ekv.) va «o‘rtacha» (15-25 mg-ekv.) guruhlarga o‘tganligi, singdirish sig‘imi ijobiy tomonga o‘zgarganligi dalillangan;
umumiy tuzlar miqdoriga nisbatan zaharli tuzlarning ulushi shimoliy-sharqiy va markaziy regionlardagi bo‘z-voha tuproqlardan > bo‘z-o‘tloqi-voha > o‘tloqi-voha tuproqlar tomon kamayib borishi va aksincha, janubiy regionda ortib borishi suvda qiyin eriydigan sul`fatli tuzlarga bevosita bog‘liq ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bo‘z-voha tuproqlarining regional xususiyatlari va ularning tuproq unumdorligi shakllanishidagi roli bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Bo‘z tuproqlar mintaqasi sug‘oriladigan tuproqlarining unumdorligini yaxshilashga doir tavsiyalar» Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2020 yil 4 sentyabrdagi 03-05-7643-son ma’lumotnomasi). Natijada, respublikaning bo‘z tuproqlar mintaqasi jumladan, Mirzacho‘l vohasi va Surxon-Sherobod vodiysi sug‘oriladigan qishloq xo‘jalik erlaridan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, tuproq unumdorligini saqlash, qayta tiklash va oshirish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish uchun majmuaviy agrotexnik, agrokimyoviy, agromeliorativ tadbirlarni amalga oshirishda qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi A.Soibnazarov nomli Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi E.Berdiev nomli massivlarning 1:10 000 masshtabli «Sug‘oriladigan erlarning tuproq sho‘rlanganligi kartogramma»lari 6 834 gektar maydonda amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2020 yil 4 sentyabrdagi 03-05-7643-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu massivlar sug‘oriladigan qishloq xo‘jalik erlarining sho‘rlangan tuproqlarining mexanik tarkibi, sho‘rlanish darajasi va tipi hamda regional xossa-xususiyatlariga ko‘ra, ilmiy asoslangan sho‘r yuvish me’yorlari, soni va muddatlarini belgilash imkonini bergan.
«Sho‘rlangan tuproq» mobil ilovasi Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasida amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2020 yil 4 sentyabrdagi 03-05-7643-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu mobil ilova er resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan tezkor va samarali ma’lumotlar to‘plash, saqlash, tahlil qilish orqali erdan foydalanuvchilar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislariga interaktiv xizmat ko‘rsatish imkonini bergan;
Sirdaryo viloyatidagi «Mirzaobod Universal Trade Cluster» xususiy korxonasiga qarashli Mirzaobod tumani «Bo‘ston» massivi sug‘oriladigan er maydonlarining 1:10 000 masshtabli «Tuproq kartasi» 5 280 gektar maydonda amaliyotga joriy etilgan (Er resurslari geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2020 yil 4 sentyabrdagi 03-05-7643-son ma’lumotnomasi). Natijada, yarim gidromorf sharoitda rivojlangan sug‘oriladigan bo‘z tuproqlar unumdorligini saqlash, oshirish hamda erlardan samarali foydalanishga qaratilgan agromeliorativ, agrofizik, agrokimyoviy tadbirlar belgilash imkonini bergan.