Artikov Abdirashid Zairovichning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “G‘o‘za va kuzgi bug‘doy etishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasining samaradorligi”, 06.01.02- Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2019.4.DSc/Qx144.
Ilmiy maslahatchi: Boltaev Saydulla Maxsudovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Surxondaryo ITS.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05.30.12.2019.Qx/B.42.01.
Rasmiy opponentlar: Xamidov Muxammadxon Xamidovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Norqulov Usmonqul, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Isashov Anvarjon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Surxon-Sherobod vohasining taqir-o‘tloqi tuproqlari sharoitida ingichka tolali g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni parvarishlashda lazer nuri va elektromagnit maydonida faollashtirilgan suv bilan  tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llab, paxta va dondan yuqori hamda sifatli hosil olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk bor Surxon-Sherobod vohasining sug‘oriladigan taqir-o‘tloqi tuproqlari sharoitida ingichka tolali g‘o‘zani lazer va elektromagnit maydonida faollashgan suv bilan  tomchilatib sug‘orishda mavsumda 2850 m3/ga, kuzgi bug‘doyda esa 2725 m3/ga suv sarflanib, an’anaviy sug‘orishga nisbatan  suvni tejash texnologiyasi ishlab chiqilgan; 
faollashtirilgan suv bilan tomchilatib sug‘orishning tuproq tarkibidagi oziqa moddalar miqdorlari o‘zgarishi va ularning o‘simlik tomonidan o‘zlashtirilishining yaxshilanishi hisobiga mavsumiy mineral o‘g‘itlar sarfini 25% gacha tejash mumkinligi isbotlangan;
lazer nuri va magnit maydonida faollashtirilgan suv bilan tomchilatib sug‘orishning paxta va don hosili oshishi hamda sifatiga ijobiy ta’siri aniqlangan.
ingichka tolali g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni lazer nuri va elektromagnit maydonida faollashtirilgan suv bilan tomchilatib sug‘orish natijasida tuproqda harakatchan fosfor va azotning miqdori oshishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Surxon-Sherobod vohasining sug‘oriladigan taqir-o‘tloqi tuproqlari sharoitida pushtaga ekilgan ingichka tolali g‘o‘za va kuzgi bug‘doyni mavsumda tomchilatib sug‘orishda olingan tadqiqotlar natijalari asosida: 
klaster va fermer xo‘jaliklariga qo‘llanma sifatida «G‘o‘za majmuidagi ekinlarni tomchilatib sug‘orish texnologiyasi bo‘yicha tavsiyalar» nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyuldagi № 02/020-2122-son ma’lumotnomasi). Respublikaning janubiy mintaqalarining paxtachilik va g‘allachilik fermer xo‘jaliklari va klasterlarda g‘o‘za va g‘o‘za majmuidagi ekinlarni tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishda qo‘llanma sifatida xizmat qilmoqda;
Surxondaryo viloyatining taqir va taqirsimon tuproqlari sharoitida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi Qiziriq, Termiz, Jarqo‘rg‘on, tumanlari paxtachilik fermer xo‘jaliklarida jami 154 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq  xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyuldagi № 02/020-2122-son ma’lumotnomasi). Natijada ingichka tolali g‘o‘za navlarini sug‘orishda sarflanadigan suv miqdori 40-50% ga va azotli o‘g‘itlar suvda eritib qo‘llanilganligi va faollashtirilgan suv bilan tomchilatib sug‘orilganligi hisobiga mineral o‘g‘itlar sarfi 20-25% ga iqtisod qilinib, g‘o‘zadan gektariga 4,0-6,5 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan va rentabellik darajasi 19,4 foizga oshgan; 
Termiz tumanida kuchsiz sho‘rlangan tuproqlar sharoitida ingichka tolali g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish texnologiyasini 16 gektarda joriy etilgan (Qishloq  xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyuldagi № 02/020-2122-son ma’lumotnomasi). Natijada minerallashgan sizot suvlarining haydov qatlamiga kapillyar ko‘tarilmaganligi sababli zararli tuzlarning 0,006-0,007% ga kamayishiga erishilgan;
kuzgi bo‘g‘doyni tomchilatib sug‘orish texnologiyasi Qiziriq  tumanining taqirsimon tuproqlari sharoitida 21 ga maydonda joriy etilgan  (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 10 iyuldagi № 02/020-2122-son ma’lumotnomasi). Natijada kuzgi bug‘doyni tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llash natijasida mavsumiy suv sarfi 40% kamayib, don hosili 5-6 sentnerga, somon hosili 11,2 sentnerga oshib, rentabellik darajasi 20% ni tashkil etgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish