Xalilov Muxtor Suvonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):  “Uzumzorlar va mevali bog‘larga kimyoviy ishlov beruvchi purkagich parametrlarini asoslash”, 05.07.01 - Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/T947.
Ilmiy rahbar: Mamatov Farmon Murtozevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, PhD.03/30.06.2020.T.111.02.
Rasmiy opponentlar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor; Eshdavlatov Eshpulat Uzoqovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: uzumzorlar va mevali bog‘larga kimyoviy ishlov berishda ishchi suyuqlikni ikki tomonga bir tekis taqsimlab sepilishini ta’minlaydigan purkagichning konstruksiyasi va parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
havo oqimini ikki yon tomonga yo‘naltiradigan markazdan qochma ventilyator va ishchi suyuqlikni parchalovchi uchliklar bo‘yicha bir tekis taqsimlaydigan taqsimlagichdan tashkil topgan purkagichning konstruktiv sxemasi va uning texnologik ish jarayoni asoslangan;
purkagich taqsimlagichining yangi konstruksiyasi, parametrlari va parchalovchi uchliklarni taqsimlagich bilan bog‘lanish sxemasi ishchi suyuqlikni parchalovchi uchliklarni joylashishi va soniga bog‘liq bo‘lmagan holda bir tekis taqsimlanishini ta’minlash asosida aniqlangan; 
markazdan qochma ventilyatorning maqbul konstruksiyasi, parametrlari va ish rejimida bir yo‘la bog‘ oralig‘ining ikki tomoniga ishchi suyuqlikni to‘liq qamrovli hajmiy ishlov berilishi ta’minlangan;
purkagichning ishchi suyuqlik sarfi gidravlik tizimdagi ishchi bosim, ventilyator g‘ildiragining aylanishlar soni, parchalovchi uchliklar soni va purkagich ishchi qismidan chiqayotgan havo oqimining tezligiga bog‘liq ravishda asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Uzumzorlar va mevali bog‘larga kimyoviy ishlov beradigan purkagichni ishlab chiqish va uning ishchi qismlari parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ventilyatorli purkagichlarda ishchi suyuqlikni parchalovchi uchliklar bo‘yicha bir tekis taqsimlaydigan taqsimlagichga Rossiya Federatsiyasi Intellektual mulk bo‘yicha Federal xizmatining foydali modelga patenti olingan («Ventilyatorli purkagichning parchalovchi uchligi uchun taqsimlagich», RU 195352, 2020 y.). Natijada ish sifati va unumi yuqori taqsimlagichli uzumzorlar va mevali bog‘larga kimyoviy ishlov beradigan purkagichning konstruktiv sxemasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
uzumzorlar va mevali bog‘larga purkagich bilan kimyoviy ishlov berish texnologik jarayoni bajarilishining sifat ko‘rsatkichlarini baholashga doir dastlabki talablar va uning konstruksiyasini loyihalashga texnik topshiriq ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 27 avgustdagi 02/023-1985-son ma’lumotnomasi). Natijada uzumzorlar va mevali bog‘larga to‘liq qamrovli kimyoviy ishlov beradigan takomillashtirilgan osma purkagichni tajriba nusxasini tayyorlash va ish sifatini baholash imkonini bergan; 
uzumzorlar va mevali bog‘larga kimyoviy ishlov berishda havo oqimini ikki yon tomonga yo‘naltiradigan markazdan qochma ventilyatorga ega yuqori samarali universal osma purkagich Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ va Kitob tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 27 avgustdagi 02/023-1985-son ma’lumotnomasi). Natijada uzumzorlar va mevali bog‘larga kimyoviy ishlov berishda ish unumini 46 foizga orttirish, yonilg‘i sarfini 47 foizga va foydalanishdagi xarajatlar sarfini 52 foizga kamaytirish imkoni yaratilgan. 
maqbul parametrlarga ega purkagichning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) “BMKB-Agromash”AJ da joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 27 avgustdagi 02/023-1985-son ma’lumotnomasi). Natijada uzumzorlar va mevali bog‘lar oralig‘ining ikki tomoniga sifatli kimyoviy ishlov beradigan purkagichning sanoat nusxasini ishlab chiqishning texnik imkoni yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish