Musaxonzoda Ikromjon Sobirxon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Korxonalar moliyaviy natijalarini boshqarish tizimini takomillashtirish («O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari misolida)», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Iqt222.
Ilmiy rahbar: Axmedjanov Karimjon Bakijonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Karlibaeva Raya Xodjabaevna, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent; Islamkulov Alimnazar Xudjamuratovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi korxonalar moliyaviy natijalarini boshqarishni takomillashtirishga yo‘naltirilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
donni qayta ishlash va un mahsulotlarini tayyorlash korxonalari faoliyatining past samarali va asosiy texnologik zanjirga bog‘liq bo‘lmagan funksiyalarini ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan autsorsing asosida ishlab chiqarish va boshqarishga o‘tkazishning maqsadga muvofiqligi asoslangan;
korxona faoliyatini moliyaviy diagnostika qilishning davriy va tor ixtisoslikka asoslangan funksional vazifasini frilansing xizmatlaridan foydalanish amaliyotiga o‘tkazish orqali operatsion xarajatlarni minimallashtirish taklifi asoslangan;
iqtisodiy faoliyatning alohida turlari bo‘yicha sof moliyaviy natijani maksimallashtirishda xarajatlar alohida elementlarining doimiy monitoringi va ularni tejash imkoniyatlarini aniqlashni ta’minlovchi moliyaviy mas’uliyat markazlarini tashkil qilish asoslangan;
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi korxonalar faoliyatida jami xarajat va uning elementlari o‘zgarish dinamikasini hisobga olgan holda moliyaviy natijalarning 2025 yilga qadar prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Korxonalar moliyaviy natijalarini boshqarish tizimini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilgan tadqiqotlar natijasida:
donni qayta ishlash va un mahsulotlarini tayyorlash korxonalari faoliyatining past samarali va asosiy texnologik zanjirga bog‘liq bo‘lmagan funksiyalarini ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan autsorsing asosida ishlab chiqarish va boshqarishga o‘tkazish taklifidan “O‘zdonmahsulot” AK faoliyatini 2025 yilga qadar iqtisodiy rivojlantirish dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (“O‘zdonmahsulot” AKning 2020 yil 14 iyuldagi 14-1-23/218-1088-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy qilinishi natijasida, kompaniya tizimidagi korxonalarning asosiy ishlab chiqarish va davriy xarajatlari tarkibi optimallashib, sof moliyaviy natijaning maksimallashuviga imkon yaratgan; 
korxona faoliyatini moliyaviy diagnostika qilish funksional vazifasini frilansing xizmatlaridan foydalanish amaliyotiga o‘tkazish orqali operatsion xarajatlarni minimallashtirish taklifi “O‘zdonmahsulot” AK faoliyatini 2025 yilga qadar rivojlantirish dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (“O‘zdonmahsulot” AKning 2020 yil 14 iyuldagi 14-1-23/218-1088-son ma’lumotnomasi). Kompaniya tarkibiga kiruvchi korxonalarda moliya xizmati bo‘yicha qator funksional vazifalarning frilansing asosida tashkil etish orqali sof moliyaviy natijani maksimallashtirish imkoniyatlarini vujudga keltirgan; 
iqtisodiy faoliyatning alohida turlari bo‘yicha sof moliyaviy natijani maksimallashtirishda xarajatlar alohida elementlarining doimiy monitoringi va ularni tejash imkoniyatlarini aniqlashni ta’minlovchi moliyaviy mas’uliyat markazlarini tashkil qilish taklifi asosida “O‘zdonmahsulot” AK tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari g‘aznachilik va moliya xizmati qoshida moliyaviy mas’uliyat markazlari tashkil etilgan (“O‘zdonmahsulot” AKning 2020 yil 14 iyuldagi 14-1-23/218-1088-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi aksiyadorlik jamiyatida mahsulot realizatsiyasidan tushumning yuqori o‘sishi sharoitida tannarx va davr xarajatlarining tejalishi natijasida asosiy faoliyat foydasini 2019 yilda 3,7 barobarga o‘stirish imkonini bergan;
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi korxonalar faoliyatida jami xarajat va uning elementlari o‘zgarish dinamikasini hisobga olgan holda moliyaviy natijalarning 2025 yilga qadar ishlab chiqilgan prognoz ko‘rsatkichlaridan “O‘zdonmahsulot” AK faoliyatini 2025 yilga qadar iqtisodiy rivojlantirish dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (“O‘zdonmahsulot” AKning 2020 yil 14 iyuldagi 14-1-23/218-1088-son ma’lumotnomasi). Ushbu prognoz paramertlaridan foydalanish  kompaniya tizimidagi korxonalarning istiqboldagi xarajat va daromadlari, moliyaviy natijalari asosiy ko‘rsatkichlarining aniqlik darajasini oshirish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish