Sayt test rejimida ishlamoqda

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini jahon talablari asosida rivojlantirish aholi salomatligini mustahkamlash va davolash sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2020 yilda mazkur fan yo‘nalishida 53 talabgor fan doktori, 167 talabgor tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajalarida tasdiqlandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Mamadalievning ma’lum qilishicha, himoya qilingan dissertatsiya tadqiqotlari orqali quyidagi ilmiy natijalar olindi.

Jumladan, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholi reproduktiv salomatligini ta’minlash usullari innovatsion yondashuvlar asosida takomillashtirildi. Sog‘lom ovqatlanish tamoyillari hamda yosh va jinsga bog‘liq ravishda ozuqaviy ratsionni boyitishning alimentar kasalliklarni kamaytirishdagi samarasi isbotlandi. Kasalliklarni davolashning tabaqalashgan va yakka tartibdagi sxemalari ishlab chiqildi.

Tibbiyot fanlari bo‘yicha himoya qilingan dissertatsiya ishlarining ilmiy natijalari amaliyotga joriy qilinishi bilan bir qator ijtimoiy samaralarga erishildi. Xususan, kesar kesish jarrohlik amaliyoti sezilarli darajada kamaydi. Homiladorlarda trombofiliya bilan asoratlanishni erta tashxislash va kasallik kechuvini oldindan aniqlash asnosida qo‘llangan davo chora-tadbirlari tug‘ruqdan keyingi turli xavf va asoratlar pasayishiga erishildi.

O‘tkir koronar sindromi va miokard infarktida shoshilinch intervension kardiologiya usullari, bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishlarida shoshilinch revaskulyarizatsiya qilish va insul`t-gematomalarni kichik invaziv usullarni qo‘llab davolash orqali o‘lim va nogironlik darajasi hamda asoratlar kelib chiqishi xavfi kamaytirishga erishildi.

Tibbiyot fanlari sohasida faoliyat olib borayotgan olim-mutaxassislar va tadqiqotchilar bundan buyon ham mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini jahon talablari asosida rivojlantirish, aholiga sifatli va kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish, tibbiyot fanlari yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlar sifati va samaradorligini oshirishda faol ishtirok etadi.

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA

Yangiliklarga obuna bo‘lish