Sadikova Saboxat Babaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Ikki atomli fenollarni atsillash va atsil mahsulotlar asosida sintezlar», 02.00.03 – Organik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/K115.
Ilmiy rahbar: Abdushukurov Anvar Kabirovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat univesiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.K.01.03.
Rasmiy opponentlar: Raxmonberdiev Gappor, kimyo fanlari doktori, professor; Ziyadullaev Odiljon Egamberdievich, kimyo fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent farmatsevtika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ikki atomli fenollarni xloratsetillash reaksiyalari va ular asosida sintezlar olib borish hamda biologik faolligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba ikki atomli fenollarni xloratsetillash reaksiyalari organik erituvchilar muhitida O-xloratsetillash mahsulotlari yuqori unum bilan hosil bo‘lishi isbotlangan;
xloratsetillash reaksiyalarining yo‘nalishi va mahsulot unumiga turli omillarning (reagentlarning tuzilishi, nisbati, erituvchilar tabiati, temperatura, ta’sirlashish vaqti) ta’siri, regioselektiv reaksiya borish sharoitlari aniqlangan;
ilk bor izomer dixloratsetildioksibenzollarning aminlar, oksikislota tuzlari bilan nukleofil` almashinish reaksiyalarini olib borish orqali yangi murakkab efirlar olish usullari yaratilgan;
dixloratsetilgidroxinonning simmetrik difenilmochevina bilan reaksiyasi asosida sintez qilingan molekulyar kompleksning yuqori stimulyatorlik faolligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ikki atomli fenollarning xloratsetil hosilalari asosida yangi birikmalar sintezi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
izomer dixloratsetildioksibenzollar va simmetrik difenilmochevina asosida olingan yangi modda Xorazm viloyati Yangibozor va Yangiariq tumanlaridagi fermer xo‘jaliklarida bug‘doy hamda g‘o‘za o‘sishini tezlashtiruvchi stimulyator sifatida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 24 avgustdagi 02/025-2618-son ma’lumotnomasi). Natijada, dixloratsetilgidroxinon asosida olingan stimulyator kuzgi bug‘doyning «Krasnodarskaya-99» va «Asr» navlari uchun mos ravishda hosildorlikni o‘rtacha 2–2,5 s/ga; g‘o‘zaning «Sulton», «Xorazm-127» navlarida mos ravishda hosildorlikni o‘rtacha 4–5 s/ga oshirish imkonini bergan;
olingan xloratsetil mahsulotlarning fenol, 4-xlorfenol, 2,4-dixlorfenol bilan reaksiyalarini dimetilformamidda olib borish usul F3-2017102476 raqamli «Izomer aminofenollarning xloratsetillash reaksiyalarini o‘rganish va xloratsetil mahsulotlar asosida biologik faol moddalar sintez qilish» mavzusidagi fundamental loyihada bakterisidlik va fungisidlik faolligiga ega bo‘lgan moddalarni sintez qilishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining
2020 yil 30 iyundagi 89-03-2335-son ma’lumotnomasi). Natijada, fenoksisirka kislotaning anilidlarini oson va samarali sintez usulini ishlab chiqish imkonini bergan.