Egamberdiev Bexzod Iskandarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlariga doir faoliyatini takomillashtirish», 12.00.02 – Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Yu239.
Ilmiy rahbar: Ziyodullaev Muzaffar Ziyodullaevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Xudoyor Teshaevich, yuridik fanlar doktori, professor; Isoqov Luxmonjon Xolboevich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlariga doir faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qonuniy ichki va tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish maqsadida xususiy bandlik agentliklariga davlat organlari, jumladan, ichki ishlar organlari tomonidan uzoq muddat xorijda bo‘lib, doimiy yashash manziliga qaytib kelgan yoki ishlash maqsadida xorijga ketmoqchi bo‘lib, ish qidirayotgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish orqali noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni qonunga kiritish zarurati asoslangan;
O‘zbekiston Respublikasida mamlakatimiz uchun asosiy resipient davlat – Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati vakolatxonasini ochish va unda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnoma (patent)ni tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini ko‘rsatish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish zarurati asoslangan;
favqulodda holatlar sharoitida karantin joriy etilgan hududda vaqtincha bo‘lish muddati tugagan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek, ularni qabul qilgan uy-joy egalari va mansabdor shaxslarga nisbatan karantin muddati tugagunga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik qo‘llanmaslik amaliyotini joriy etish lozimligi asoslantirilgan;
chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan vatandoshlar va oila a’zolariga doimiy yashash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirishda vakolatli organning ijobiy javobi olingan taqdirda o‘n kun ichida o‘rta bo‘g‘in ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan markaziy apparat bilan kelishmasdan xulosa chiqarish vakolatini qonun hujjatlarida belgilash zarurati isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlariga doir faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qonuniy ichki va tashqi mehnat migratsiyasini tashkil etish maqsadida xususiy bandlik agentliklariga davlat organlari, jumladan, ichki ishlar organlari tomonidan uzoq muddat xorijda bo‘lib, doimiy yashash manziliga qaytib kelgan yoki ishlash maqsadida xorijga ketmoqchi bo‘lib, ish qidirayotgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish orqali noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni qonunga kiritishga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 16 oktyabrdagi «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi O‘RQ-501-son qonuni 25-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasining 2019 yil 18 dekabrdagi 04/3-06-99-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif ichki ishlar organlarining boshqa sub’ektlar, jumladan xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorligini huquqiy kafolatlash orqali ularning noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasida mamlakatimiz uchun asosiy resipient davlat – Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati vakolatxonasini ochish va unda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnoma (patent)ni tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlarini ko‘rsatish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 sentyabrdagi «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4829-son qarorining 13-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2021 yil 10 yanvardagi 15/312-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi ichki ishlar organlarining noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda xorijiy davlatlar, jumladan Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlash va muvofiqlashtirish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
favqulodda holatlar sharoitida karantin joriy etilgan hududda vaqtincha bo‘lish muddati tugagan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek, ularni qabul qilgan uy-joy egalari va mansabdor shaxslarga nisbatan karantin muddati tugagunga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik qo‘llanmaslik amaliyotini joriy etishga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 sentyabrdagi 593-son qarori bilan tasdiqlangan 4-ilovaning ikkinchi bandi «a» kichik bandining 65 bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2020 yil 17 noyabrdagi 12/20-23-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy etilishi mamlakatimizda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash darajasini oshirishga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni yanada liberallashtirishga xizmat qilgan;
chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan vatandoshlar va oila a’zolariga doimiy yashash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirishda vakolatli organning ijobiy javobi olingan taqdirda o‘n kun ichida o‘rta bo‘g‘in ichki ishlar organlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan markaziy apparat bilan kelishmasdan xulosa chiqarish vakolatini qonun hujjatlarida belgilashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 sentyabrdagi 593-son qarori bilan tasdiqlangan «Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Qoraqalpog‘iston Respublikasida va viloyatlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2020 yil 17 noyabrdagi 12/20-23-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning inobatga olinishi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini maqbullashtirish va soddalashtirishga xizmat qilgan.