Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish davrida ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar ham mamlakat mafkurasining ilmiy-nazariy asoslarini yaratish, tarixiy xotirani tiklash, o‘zlikni anglash hamda huquqiy madaniyatimizni yuksaltirishga xizmat qilib kelmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Mamadalievning ma’lum qilishicha, 2020 yilda ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishi orqali sezilarli darajada ilmiy natijalar qo‘lga kiritilgan.

Xususan, tarix fanlari yo‘nalishida 10 nafar talabgor fan doktori (DSc), 62 nafar talabgor falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarida tasdiqlandi.  

Yuridik fanlar yo‘nalishida 21 nafar talabgor fan doktori (DSc), 61 nafar talabgor falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarida tasdiqlanib, tadqiqotlar natijasida muhim ilmiy yangiliklar qo‘lga kiritildi.

Sotsiologiya fanlari yo‘nalishida ham 4 nafar talabgor fan doktori (DSc), 11 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarida tasdiqlandi. Shuningdek, kimyo va kimyoviy texnologiya sohalarida ham malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2020 yilda ushbu fan yo‘nalishida 85 ta dissertatsiya ishi himoyasi o‘tkazildi. Mazkur tadqiqot ishlari natijasida muhim ilmiy yangiliklar asoslandi.

Xususan, ilk bor nitron tolasini karbamid bilan kimyoviy modifikatsiyalash usuli orqali aminoguruhlar tutgan tolasimon anionalmashuvchi materiallar sintez qilish usuli ishlab chiqildi.

Ilk bor granulalangan polivinilxloridni oltingugurtlash va oksidlash orqali yangi sul`fokationit, ammiak bilan modifikatsiyalash orqali anionit sintez qilish texnologiyalari yaratildi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari o‘sishini tezlashtiruvchi va hosildorlikni oshiruvchi yangi camarali stimulyatorlar yaratildi. Bir yillik o‘simliklardan olingan sellyuloza asosidagi kompozit materiallarning deformatsion-mustahkamligini tolalar orasidagi bog‘lar tabiatiga bog‘liqligi asoslandi.

Kimyo fanlari sohasida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalari amaliyotga joriy qilinishi orqali samarali natijalarga erishildi. Jumladan, fosforit va glaukonitlarni kimyoviy faollashtirish yo‘li bilan murakkab aralashmali o‘g‘itlar olish texnologiyasi ishlab chiqildi va bu asosida kompleks mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, yillik quvvati 10 ming tonna bo‘lgan korxona ishga tushirildi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, kimyo fanlari sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari va ulardan olinayotgan natijalarning amaliyotga tatbiq etilishi qishloq xo‘jaligi hamda sanoatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashning ilmiy asoslarini mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalash, Vatanimizning jahondagi nufuzini yanada yuksaltirib borishda soha olimlari bundan buyon ham faol ishtirok etishda davom etadi.

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA

Manba: http://uza.uz/posts/246412

Yangiliklarga obuna bo‘lish